07:32 / 01.06.2019
16 891

Amir Olimxonning Zarafshon daryosiga tushgan xazinasi

Amir Olimxonning Zarafshon daryosiga tushgan xazinasi
1920 yilning 1 sentyabr kuni Buxoro amiri Said Olimxon Ark ustida aeroplanlarni ko‘rib, qo‘rqib ketgan. Bu bahaybat qushlar hayqiriq bilan parvoz qilib, changalidagi katta bombalarni Amir saroyiga mo‘ljallab tashlashardi. Kuchli portlashlar, o‘t va to‘zon qasrni yer bilan yakson qilib, himoyachilarini esini og‘dirib qo‘ygan edi. Amir (va boshqalar ham) buni — Allohning yuborgan jazosi deb tushunishgan.

Bu tarixda birinchi marta aviatsiyadan ommaviy qirg‘in quroli sifatida Buxoroni yakson qilish maqsadida qo‘llanishi edi. Birinchi jahon urushida ham samolyotlar qo‘llanilgan , ammo, ularning samarasi sezilmagan.

Buxoroda esa... Kolchak, Vrangelni yenggan, sho‘rolarning sarkardasi Frunze Amir bilan tuzilgan shartnomani buzib, shahar ustiga, Islom qudrati bo‘lmish Buxoroning necha-necha asrlarni ko‘rgan ko‘hna masjid va madrasalarini vayron qilish uchun, umrida samolyot ko‘rmagan aholi ustiga po‘lat qushlarni yubordi.

O‘sha paytda Buxoroda 250 ta madrasa, 300 ta masjid, 150 ta karvon saroy bo‘lgan.
Bolsheviklar Buxoroning kulini ko‘kka sovurdilar, qadimiy obidalarni vayron qildilar.

Amir o‘z yaqinlari, qolgan navkarlari, xazinasi ortilgan tuyalar va ot-aravalari bilan shaharning shimoliy darvozasidan chiqib, G‘ijduvonga yo‘l oldi. Zarafshonni kechib, cho‘l osha Qarshi tomonga yurdi.

Daryoni kechishda mahalliy aholi yordam qilgan. Sollarga ortilgan qoplarning biri daryoga tushib ketgan. Buni navkarlar sezmagan, sol sudrovchilardan uch kishi ko‘rgan, ammo, o‘zlarini ko‘rmaganga solib, bir-birlariga asta ko‘z qisishadi va: “Shu bir qop oltin bilan amirning xazinasi kamayib qolarmidi?», deydi. Karvon uzoqlashgach, uchala solchi kechasi kelib, qopni topib xilvat joyda bo‘lib olishadi.

“Ochning ko‘rgani qursin” — ular ertalabdan bozorga chiqib, turli narsalarni xarid qilishgan, qiymatini sof oltin bilan to‘lashgan! Bundan shubhalangan xufyalar G‘ijduvon begiga xabar yetkazishgan. Bek tezlikda uchchala teztopar boyvachchani bandi qilib, qiynagan. Ularning ikkitasi xazina ulushini topshirgan. Bek ularni o‘ldirib yuborgan. Uchinchisi esa hech narsani aytmagan, sirni o‘zi bilan olib ketgan.

Oradan qirq yil o‘tgach, Amu-Buxoro mashina kanali qurilishi boshlangan.

Bir ekskvator haydovchisi tasodifan qum-tuproq orasida yaltiroq narsaga ko‘zi tushadi. Tushib qarasa — oltin tangalar sochilib yotibti. Darhol ularni terishga tushadi. Buni ko‘rgan boshqa ishchilar ham yopirilib kelib, yer titishni boshlaydi. Boshliq qarasa, bir uchastkada hamma mashinalar to‘xtagan, hamma odamlar bir joyga to‘planib, uymalashayapti. Boshliq kelib, vaziyatni aniqlagach, u ham yer titishni boshlagan.

Biror soatdan keyin, militsiya, prokuratura yetib kelgan, barcha xazina izlovchilarni hibsga olib, tergov boshlagan. Hamma topganini topshirgan. O‘sha joydagi tuproq mashinalarga ortilib, olib ketilgan.

Tergovchilar, mahalliy amaldorlar ham anoyi emas, topilgan oltinning bir qismini davlatga topshirishgan. Qolganini (ko‘proq qismini) esa... o‘zlari bo‘lib oladi.

G‘ijduvonda yagona tish texnigi — stamotologning oldiga mahalliy rahbarlardan birining xotini tishiga qoplash uchun eng yuqori probali oltin olib kelgan. Ertasiga yana bir ayol, indiniga yana... ayollar tishlariga qoplash maqsadida oltin tanga ko‘tarib kelishadi!

Texnik qo‘rqib ketadi. Mijozlarning ko‘pligidan emas, (u vaqtda sog‘lom tishlarga ham oltin qoplash modaga kirgan edi), aksincha, hamma bir xil tanga olib kelardi. Amir Ahadxon, amir Muzaffarxonlar zamonida zarb qilingan oltin tangalar eng sof, toza metalldan bo‘lib, yashirin bozorda juda yuqori baholanardi.

O‘z kelajagidan xavfsiragan usta bu haqda tegishli joyga xabardor qilgan. Tegishli joydagilar shoshilinch tegishli chora ko‘radilar. Sog‘lom tishiga oltin qoplagan oyimchalar tegishli joyga tergov uchun taklif etiladi. Haligi usta oyimchalarning tishlariga o‘zi qo‘ygan tillo qoplamalarni o‘zi ko‘chirib olib beradi. Bechoralar emali sidirib tashlangan tishlarining og‘rig‘iga dod solishadi. Boshqa xonalarda tergov berayotgan ularning erlarining ahvoli bundan ayanchliroq bo‘lgan.

Salkam bir asr muqaddam yuz bergan bu voqeani uning shohidi menga aytib bergan edi. Harom — harom ekan, qirq yildan keyin ham uning javobi, jazosi bor ekan.

Sho‘rolar davrida xalq mulkini o‘zlashtirib, yallo qilganlar o‘z jazosini oldi. Xalqimiz “qing‘ir ish qirq yildan keyin ham ochiladi,” deydi. Qing‘ir ishning jazosi qirq yilda bo‘lsa ham keladi. Ba’zida esa, undan tezroq kelarkan.

Adolat bor dunyoda!
Anvar TOJIYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amir Olimxonning Zarafshon daryosiga tushgan xazinasi