19:10 / 01.06.2019
4 661

Qashqadaryoda bir guruh shaxslar qo‘ng‘ir ayiqni o‘lasi qilib do‘pposladi (video)

Qashqadaryoda bir guruh shaxslar qo‘ng‘ir ayiqni o‘lasi qilib do‘pposladi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi ko‘ngilsiz holat videosi tarqaldi. Unda bir guruh shaxslar yovvoyi ayiqni tutib olib, uni o‘lasi qilib do‘pposlaganidan keyingi holat tasvirlangan.

Tasvirda bir yigitning odamlar orasida ayiqni ko‘rsatayotgani, jonivorning esa bosh qismidan qon oqib, chalajon holatdaligini ko‘rish mumkin.

Jurnalist Nargis Qosimovaning Facebook’da xabar berishicha, hodisa Qashqadaryo viloyatida yuz bergan. Post muallifi bu shaxslarni javobgarlikka tortishni talab qildi.

«Qashqadaryo viloyat ekologiya qo‘mitasi zudlik bilan inson deb atashga tilim bormayotgan bularni jazoga tortishi kerak. Mana, bizning tabiatga, jonivorlarga munosabat. Qo‘ng‘ir ayiq Xalqaro qizil kitobga kiritilgan! Bularni jazoga tortib, natijasini e’lon qilish kerak. Boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun. Javobgarlikka tortishni talab qilaman. Bularning bari Qashqadaryoda yuz beryapti», - deb yozadi N.Qosimova.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 29 may kuni «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) o‘zgartirish kiritildi.

Endilikda, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud birinchi qismda nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksi 202-moddasiga ko‘ra, ovchilik, baliqchilik yoki hayvonot dunyosining boshqa turlarini ushlash qoidalarini buzish, noyob hayvonlarni tutishning belgilangan tartibi yoki shartlarini yoxud o‘simliklarning dori-darmon, oziq-ovqat va manzarali (dekorativ) turlarini yig‘ish yoki tayyorlash, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi hayvonot va o‘simlik olamidan foydalanish tartibini buzish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha qilmishlar:
a) hayvonlar, parrandalar, baliq, hayvonot va o‘simlik dunyosining Qizil kitobga kiritilgan boshqa turlarini nobud qilish bilan;
b) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda bir guruh shaxslar qo‘ng‘ir ayiqni o‘lasi qilib do‘pposladi (video)