14:15 / 05.06.2019
2 698

Mamadali Mahmudov Suriyadan olib kelingan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi haqida

Mamadali Mahmudov Suriyadan olib kelingan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi haqida
Foto: O‘zA
«Ishonch.uz» nashri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mamadali Mahmudovning (Evril Turon) Suriyadan olib kelingan 156 nafar O‘zbekiston fuqarolari haqida bildirgan fikrini e’lon qildi. Quyida yozuvchining bu boradagi fikri to‘liq keltirilgan.

Men uch yil Ukrainada, ikki yil Rossiya­­da yashaganman. O‘shanda Vatan sog‘inchi nima ekanini boshimdan kechirganman. Yurt ichidagilar buni tuyib, tuyishmaydi. Vatandan chetdagilar buni yurak-yuragi bilan tuyishadi.

Yurt sevgi, sog‘inchi,
Millat sevgi, sog‘inchi,
Ota-ona sevgi, sog‘inchi,
Qarindosh-urug‘ sevgi,
sog‘inchi – bular Tangri tomonidan berilgan muqaddas tuyg‘ular.

Yot yurtlarda har daqiqa, har soniya Vatanimni qo‘msab yashadim. Mening Bilgir otli do‘s­tim mendan-da ortiq qo‘msab yashardi. Uning qon yig‘laganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Lekin u o‘z sevgilisi Valentina Katvitskaya (polyak qizi)ga qattiq bog‘lanib qolgan edi. U Bilgirni yer-u ko‘kka ishonmasdi. Uning bukchayib qolgan enasi Irina momo ham Bilgirni o‘z nabirasidek sevardi. Bilgir bilan har kuni dardlashardik. Uning dardi menikidan-da ziyoda edi.

Bilgirdagi Vatan sog‘inchi, iztiroblarini sezib yurgan Valentina Katvitskaya erini o‘ylab qayg‘uradi. Bir kuni o‘ksib yig‘lab undan so‘raydi:

– Sen meni sevasanmi, Bilgir?
– Meni bu yerga bog‘lab turgan narsa sen, Valya.
– Sening Vataning mendan-da suyuklimi?
– …
– Ayt.
– Ko‘ngling og‘riydi, Valya, qo‘y, so‘rama…

Yillar kecharoq men Bilgir va Valentina haqida, ularning achchiq qismatlari haqida ballada yozdim. Unda haqiqatni so‘yladim. Bu yorug‘ olamda Vatan sevgisidan ulug‘roq sevgi yo‘qligini kuyladim.

Yaratgan Egamga tavallo qilaroq, yuragim buyurganini yozaman, ishonch bilan… Prezidentimizda ana shu – Vatan sevgi, sog‘inchi tuyg‘usi ustuvorligini ko‘rdim. Ko‘zimga yosh keldi. Inson qoniga botayotgan qadim Shomdan, Suriya tuproqlaridan 156 nafar vatandoshimizni o‘lim changalidan qutqarib olib keldi. Olib keldigina emas, iloj, imkonsizlikdan, ochlik, yo‘qlikdan, Vatan sog‘inchidan adoyi-tamom bo‘lgan bu adashgan, aldangan millatdoshlarimizga gulshan go‘shadan joy qilib berdi. Butkul saxiylik bilan, butkul mehribonlik bilan!

Milliy tariximizda bo‘lmagan voqea bu! Butun dunyo o‘zbeklarini quvontiradigan voqea bu! Chet ellardagi yurtdosh­larimizga umid bag‘ish­laydigan voqea bu!

Ota-ona o‘z bolalariga, yaxshimi, yomonmi, ayrosiz, bariga mehr ko‘rsatadi, barini to‘g‘ri yo‘lga yetaklaydi.
Shavkat Mirziyoyevning o‘z Vatandoshlariga ko‘rsatgan mehrini men shu ota-onalar mehriga mengzayman.

Kecha qandoq edi?
Bugun qandoq?
Kecha tun bo‘lsa, bugun kunduz.
Qama-qamalar…
Portlashlar…

Oilada bir odam yo‘ldan adashgan bo‘lsa, uning butun oila a’zolariga «xalq dushmani» deb qaralardi.

Men kecha kechgan haqsizlikni aytayapman, qandoq bo‘lsa shundoq yashirmay, bo‘rttirmay. Bundoq el-ulusda davlatga ishonch bo‘ladimi, mehr bo‘ladimi, fidoyilik bo‘ladimi? Yo‘q!

Ana shu sovigan, so‘ngan mehrni prezident Shavkat ­Mirziyoyev qayta alangalatayapti.

Ko‘z tegmasin, yurtdoshlarimizning Suriyadan Vatanimizga qaytarilishi O‘zbekistonimizning xalqaro imijini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi. Zero, o‘z el-yurtini sevmagan rahbar to‘g‘ri siyosat yurgizolmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mamadali Mahmudov Suriyadan olib kelingan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi haqida