20:41 / 13.06.2019
2 869

Komil Allamjonov blogerning telefonini olib qo‘ygan soliqchilarni tanqid qildi

Komil Allamjonov blogerning telefonini olib qo‘ygan soliqchilarni tanqid qildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining tvitterdagi sahifasida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurbayev bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqilib, inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa unga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan.

Soliq idorasi xodimlari bloger Aziz Ashurbayevning telefoni va uning «Instagram» tarmog‘idagi sahifasini olib qo‘yishgani haqida ma’lumot kelib tushdi. Davlat soliq qo‘mitasidan ushbu holatni o‘rganib, agarda inspektorning xatti-harakati qonunga zid bo‘lsa, chora ko‘rilishi talab qilinadi.

Soliqchilarimiz blogerlarni soliqqa tortish yoki ularga qarshi yuqoridagidek zo‘ravonlik qilishdan avval tizimdagi korrupsiyani yo‘qotish, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish kabi eng dolzarb muammolarni hal etsalar, jamiyatga va iqtisodiyotga ko‘proq foyda keltirgan bo‘lar edilar.

Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, yurtimizdagi barcha jurnalist va blogerlar Agentligimiz himoyasi ostida. Ularga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatga qarshi turishga tayyormiz!», deya yozib qoldirgan Allamjonov tvitterdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, personal sahifalarda reklama joylashi va shu yo‘l bilan daromad orttirishiga «noqonuniy faoliyat» deya ta’rif bergan, ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini aytgan, agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnika vositasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuter) olib qo‘yilish mumkinligini ma’lum qilgan edi.

12 iyun kuni telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanalida «Blogerni tunagan qaroqchilar» sarlavhasi ostida post qoldirilgandi. Unda «Instagram»da 300 minglik auditoriyaga ega sahifa egasi bloger Aziz Ashurbayev 8 iyun kuni kanalida reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasiga ega chiqishgani, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishayotganidan shikoyat qilgandi.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, blogerlik faoliyati bilan bog‘liq xabarlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilayotgani xabar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov blogerning telefonini olib qo‘ygan soliqchilarni tanqid qildi