14:43 / 17.06.2019
4 233

Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida tubdan o‘zgarishlar kutilmoqda

Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida tubdan o‘zgarishlar kutilmoqda
Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek jismonan va ruhan sog‘lom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komillikka intilish tuyg‘ularini shakllantirishdagi faoliyatini yanada takomillashtirishni talab etadi.

Voyaga yetmaganlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirishda ularning ijtimoiy holati, shaxsiy xislatlari, sodir etgan qilmishining xavflilik darajasini to‘liq va to‘g‘ri baholash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bugungi holat o‘quv jarayonini davlat ta’lim standartlari asosida sifatli tashkil etish, o‘qituvchi, tarbiyachi, psixolog va boshqa xodimlarning tarbiyalanuvchilarga ta’lim berish, ularga kasb-hunar o‘rgatish borasidagi ko‘nikma va malakalarini oshirishni taqozo etadi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etildi.

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahrida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga biriktirilgan bo‘lsa, Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumanida tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga biriktirildi.
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi 2006 yildan buyon “Baxt shahar o‘g‘il bolalar maxsus kolleji” nomli ixtisoslashtirilgan o‘g‘il bolalar o‘quv tarbiya muassasasi sifatida faoliyat yuritgan.

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasiga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi. Xususan:
- ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;
- aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;
- Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;
- yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi tashabbusi bilan kuni-kecha ushbu o‘quv-tarbiya muassasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorini ijrosini sifatli va to‘liq ta’minlash maqsadida Qaror loyihasi bo‘yicha vazifalar belgilanishi nazarda tutilgan bir qator vazirlik va idoralar vakillarining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Jismoniy tarbiya va sport, Xalq ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va Sirdaryo viloyat va tuman xokimliklari mas’ullari ishtirok etib, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bir qator vazifalarni rejalashtirib oldilar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida tubdan o‘zgarishlar kutilmoqda