06:35 / 19.06.2019
3 098

Samarqand to‘liq turizm shahriga aylantiriladi. Hokimlik va tashkilotlar boshqa yerga ko‘chiriladi

Samarqand to‘liq turizm shahriga aylantiriladi. Hokimlik va tashkilotlar boshqa yerga ko‘chiriladi
Foto: Baxtiyor Mustanov
18 iyun kuni Samarqand viloyat hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va jurnalistlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda viloyat hokimi so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida Samarqand bilan bog‘liq turli gap-so‘zlarga oydinlik kiritish hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

– Biz ommaviy axborot vositalari bilan yaqin aloqada bo‘lishimiz kerak, deya so‘z boshladi Erkinjon Turdimov. – Tuman va shahar hokimlariga jurnalistlar uchun hech qanday to‘sqinlik qilmaslikni, ular uchun barcha eshiklar ochiq bo‘lishi haqida ko‘rsatma beramiz. Qolaversa, sayyor qabullar ham tashkil qilib, haftaning payshanba va yakshanba kunlari tuman hokimlari va davlat tashkiloti rahbarlarining televideniyeda chiqish qilishini belgilab qo‘yganmiz.

1870 yilda qurilgan Universitet xiyobonida aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida 1400 metr uzunlikka ega bo‘lgan xiyobonning 180 metrida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Yil boshida Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa mas’ul kishilar Turkiyaning Anqara shahriga xizmat safariga borib u yerda istirohat bog‘lari va xiyobonlar tashkil etish, saqlash bo‘yicha tajriba o‘rganib keldi. O‘z navbatida turkiyalik mutaxassislar Samarqandga kelib, o‘z takliflarini bildirdi.

Shu asosida Universitet xiyobonining asl qiyofasini saqlagan holda unga zamonaviy qiyofa berish, aholi va mehmonlar hordiq chiqaradigan ko‘rkam maskanga aylantirishga bel bog‘ladik. Biz xiyobonni qiyofasini o‘zgartirmagan holda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Xiyobondagi har bir daraxt alohida raqamlanib pasportlashtiriladi, — deydi Erkinjon Turdimov.

Xiyobonda asosan kommunikatsiya tizimi to‘liq yangilanadi. Yo‘laklar zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi. Tarixiy ko‘rinishga mos o‘rindiq va yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Xiyobon o‘rtasidagi asosiy yo‘lakka granit tosh terilib, ikki chetdagi hozirgi qumli yo‘laklar o‘rnida rezinadan yugurish yo‘lakchalari tashkil etiladi. Hududda foydalanilmay turgan nasos stansiyasi o‘rnida zamonaviy hojatxona qurish rejalashtirilmoqda. Lekin bu borada hali yakuniy qarorga kelingani yo‘q. Eng yaxshi takliflar o‘rganilmoqda. Favvoralarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xiyobonda ushbu maskan kim tomonidan, qachon tashkil etilgani va boshqa ma’lumotlar aks etgan lavha, shaharning bosh rejasi va soat joylashtiriladi. Shuningdek, Wi-Fi hududlar tashkil etiladi. Xiyobondagi obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xiyobonning dastlabki 180 metr qismidagi ishlar yakunlangach, keyingi qismga o‘tiladi.

Uchrashuv davomida Erkinjon Turdimov shaharning boshqa hududlarida tashkil etiladigan, obodonlashtiriladigan istirohat bog‘lari va xiyobonlari haqida ham ma’lumot berdi. Xususan, joriy yilda So‘g‘diyona maskanidagi va Ogahiy mahallasidagi xiyobonlar ham zamonaviy ko‘rinishda obodonlashtiriladi. Kimyogarlar shaharchasida yangi istirohat bog‘i tashkil etiladi. Shaharning yangi tashkil etilgan Qorasuv massivida ham istirohat bog‘i va stadion barpo etiladi.

– Alisher Navoiy ko‘chasini ham tunu kun piyoda sayr qilish mumkin bo‘lgan maskanga aylantiramiz. Ko‘chaning ikki tarafida shunga mos xizmat ko‘rsatish nuqtalari, ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Bu ko‘chaning ham tarixiy qiyofasi saqlab qolinadi. Samarqandni tarixiy jozibasini saqlagan holda sayyohlik markaziga aylantirmoqchimiz, — deydi Erkinjon Turdimov.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, Samarqand shahrining 1123 gektar yer maydoni tarixiy, 1369 gektar yer maydoni bufer zona hisoblanadi. Kelgusida shaharda katta o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Shaharning tarixiy qismida sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar yangi qurilayotgan shaharga ko‘chiriladi.

– Biz bosqichma-bosqich shaharning infrastrukturasiga o‘zgartirish kiritib boramiz. Ayni paytda Qorasuv massivida 14–16 qavatli uylar qurilish ishlari boshlangan. Kelgusida 30 qavatli binolar ham quriladi. So‘g‘diyona massivi va Kimyogarlar qo‘rg‘onini bog‘lab turuvchi 6 kilometrli Narpay ko‘chasida ham yangi ko‘p qavatli uylar quriladi.

Shuningdek, Samarqand tumanining katta magistral yo‘li bo‘ylab Nurobod tumaniga ketish yo‘lida ham yangi uylar quriladi. Viloyat hokimligi va tashkilotlar shaharning tarixiy qismidan ana shu hududlarga joylashadi. Shaharning tarixiy qismida avtomobillar qatnovi kamaytirilib, tezlikni 30 kilometr soatdan oshirmaydigan qilib qo‘yamiz. Albatta, bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, — deydi Erkinjon Turdimov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil Samarqandga 355 ming sayyoh kelgan. Bu yil 510 mingga yaqin turist kelishi kutilmoqda. Tarixiy va bufer zonalarda 9500 ta turar joy, 1200 ta noturar joy ob’ektlari bor. Hozirda shaharning bosh rejasini ishlab chiqishda bu jihatlar inobatga olinmoqda.

Erkinjon Turdimovning ta’kidlashicha, Samarqand shahrida 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti ob’ektlari, shahardagi ariqlar atrofini obodonlashtirish, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari yuzasidan ham keng qamrovli ishlar amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqand to‘liq turizm shahriga aylantiriladi. Hokimlik va tashkilotlar boshqa yerga ko‘chiriladi