06:43 / 24.06.2019
3 415

Uchtalik egizak tug‘ilgan oilalarga yordam masalasida jiddiy taklif ilgari surish fursati kelmadimi?

Uchtalik egizak tug‘ilgan oilalarga yordam masalasida jiddiy taklif ilgari surish fursati kelmadimi?
Shu yilning o‘zida Past Darg‘om hamda Samarqand tumanlaridan bir xil mazmundagi ikkita shikoyat kelib tushdi. Ikkalasining oilasida ham uchtalik egizak tug‘ilgani, ularga davlat tomonidan yordam berilmasa, bolalarni katta qilish qiyin kechayotgani bayon etilgan.

Gap avtomashina olish, yoki qandaydir qo‘shimcha imtiyozlar haqida ketmayapti. Masalani yanada aniqroq bayon etadigan bo‘lsak, chaqaloqlarni sog‘lom katta qilish uchun uch chaqaloqqa bitta onaning suti yetmasligi aniq. Demak, ular sanoat usulidagi sut va bo‘tqalarga muhtoj. Ularning bugungi kundagi narxini aytmasak ham ko‘pchilik bilsa kerak.

Endi tasavvur qiling, go‘daklarning faqatgina ozuqasi uchun har oyda necha yuz minglab mablag‘ sarflanadi. Ehtimol, bir oila farzand kutayotganda bitta go‘dakni, boringki ikki go‘dakni katta qilishga qurbi yetishini biladi. Ammo uch nafar go‘dakning birdan tug‘ilishi har qanday ota-ona uchun ham moddiy, ham ruhiy qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin. Samarqand tumanidan murojaat qilgan ota esa uchtalik go‘dakni rafiqasi bilan emas, onasi bilan katta qilayotir.

Besh oydan beri mahalladan pul ololmayman

— Egizak qizaloqlarim tug‘ilgandan yigirma kun o‘tgach, turmush o‘rtog‘im hech bir sababsiz, to‘satdan vafot etdi, — deydi Samarqand tumani, Mehrobod mahallasida istiqomat qiluvchi Alisher Azizov. — Bir yoqda rafiqamning vafoti, bir yoqda uch nafar go‘dakka qarash. Hozir onam ularga qarayapti, ammo, mana, besh oydirki mahalla bola parvarishi uchun nafaqa pulini chiqarib bergani yo‘q. Yaqin kunlarda hal bo‘ladi, ammo bir nafar bolaga chiqarib beramiz, deyishyapti. Axir ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ryapmiz, uchtalik egizaklarga avtomobil berilyapti hatto! Lekin onasiz qolgan egizaklarga nahotki bola pulini chiqarib berish ham shunchalik qiyin bo‘lsa?!

To‘g‘ri, otaning bir necha murojaatidan so‘ng oilaga tuman hokimligi tomonidan uchta belanchak, sovg‘a-salomlar keltirib berildi. Qolaversa, bolalar byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limidan boquvchisini yo‘qotgani uchun nafaqa olishadi. Qolaversa, go‘daklarga qarash uchun tuman tibbiyot birlashmasi ham imtiyoz yaratib bergan. Ammo mahalla tomonidan nafaqa hamon chiqarib berilmagan.

Nafaqa bolaga emas, onaga beriladi

Pastdarg‘omlik oila esa uch nafar egizakning faqat bir nafariga nafaqa puli berilayotganidan norozi. Ushbu norozilik bo‘yicha «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limiga savol jo‘natdik. Fonddan kelgan javob xatida quyidagilar bayon etilgan:

«Uch nafar egizaklarga davlat tomonidan qanday imtiyozlar borligini so‘rab qilingan murojaat yuzasidan mahalla yo‘nalishi bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Fuqarolar yig‘inlarida kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli «Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 17-bandida bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi ariza uch bosqichda ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan, shuni inobatga olib, oyning 15-sanasiga qadar mahalla fuqarolar yig‘iniga yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Nizomning 8-bandi bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi. Bundan tashqari, Nizomning 6-bandida fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e’tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega ekanligi belgilangan».

Uchtalik egizaklarga qo‘shimcha yordam kerak

Statistik ma’lumotlarga murojaat qilmasak ham keyingi yillarda uchtalik egizaklar tug‘ilishi ko‘payayotgani ma’lum. Tabiiyki, yuqorida ta’kidlaganimizday, oiladagi bu kabi ko‘payish moddiy jihatdan ahvoli o‘rtacha bo‘lgan oilalarni ham qiynab qo‘yishi aniq. Ular qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatish haqida tegishli nizomlar ishlab chiqish lozimdir.

Qolaversa, rostdan ham yuqoridagi murojaatchi aytganday, internetdagi axborot saytlarida tinimsiz aytilayotgan, ba’zi uchta egizak tug‘ilgan xonadonlarga avtomashina berilayotganini boshqa, shunday oilalar eshitmaydi, deysizmi?

Nazarimda «Oila» markazi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bu masalani o‘rgangan holda jiddiy bir taklifni ilgari surishi lozim.

Gulrux MO‘MINOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uchtalik egizak tug‘ilgan oilalarga yordam masalasida jiddiy taklif ilgari surish fursati kelmadimi?