19:25 / 29.06.2019
4 137

Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat ko‘rsatish tizimi qanday ishlaydi?

Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat ko‘rsatish tizimi qanday ishlaydi?
Mamlakatimiz aholisini huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash va bu borada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga bepul huquqiy maslahat berish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Adliya vazirligi tashabbusi bilan «Advice.uz» huquqiy axborot tizimi yaratildi. Mazkur tizimni ishlab chiqishda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Citizens Advice» tarmog‘i tajribalaridan keng foydalanildi.

Ma’lumot o‘rnida: «Citizens Advice» (Fuqarolik Kengashi) – Buyuk Britaniya davlati hududida faoliyat yuritadigan 316 ta mustaqil xayriya tashkilotlaridan iborat tarmoq bo‘lib, bu tarmoq fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Tarmoq 1939 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi paytda unda yetti ming nafar xodim va yigirma ikki mingdan ortiq ko‘ngilli volonterlar faoliyat ko‘rsatadi.

Adliya vazirligi tomonidan «Advice.uz» huquqiy axborot portalini yaratishdan asosiy maqsad jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini yuksaltirish hamda aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.

Shunga ko‘ra, ushbu huquqiy axborot portalining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha, shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yo‘li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish;

fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borish ishlariga ko‘ngillilarni safarbar etish;

fuqarolar tomonidan huquqiy maslahat berishga oid so‘rovlarni tahlil qilib borish, tahlil natijasiga ko‘ra huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullarni, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini tatbiq etish;

«Advice.uz» huquqiy axborot portalini muntazam ravishda yuritilishi va yangilab borilishini ta’minlash.

O‘z navbatida, mazkur portalni ishlab chiqishda fuqarolarni qiziqtirayotgan qaysi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratilganligi, shuningdek undan foydalanuvchilar, ya’ni, mamlakatimiz aholisi uchun qanday qulaylik va afzalliklar yaratilganligi haqida to‘xtalib o‘tsak.

Avvalambor, portalni ishlab chiqish jarayonida, fuqarolarning davlat tashkiloti va mansabdor shaxslarga qilayotgan murojaatlari va ularni qaysi sohadagi muammolar ko‘proq tashvishga solayotganligi tahlil qilindi. Tahlillar, aksariyat hollarda fuqarolar kundalik turmushda vujudga keladigan ayrim birlamchi muammolarni hal qilish uchun aynan qaysi tashkilotga yoki mansabdor shaxsga murojaat qilishni bilmay, ba’zan oddiy ijtimoiy masalalarni ham yechimini topolmasdan, ovora bo‘ladi.

Bundan tashqari, fuqarolarga advokatlik tuzilmalari tomonidan shartnoma asosida ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan aholining real daromadlariga mos kelmasligi sababli, ularning bepul yuridik yordam olishga bo‘lgan imkoniyatlari cheklanib qoladi.

Ushbu tahlillar natijasiga ko‘ra hamda ko‘pchilik murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy masalalarni e’tiborga olgan holda portalning fuqarolarni qiziqtirgan huquqiy mavzular bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratildi. Ushbu baza orqali fuqarolar ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, mehnat va oilaviy munosabatlar, davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda boshqa sohalar bo‘yicha zarur va foydali ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, portalda undan foydalanuvchilar uchun onlayn-maslahatchi xizmati ham mavjud bo‘lib, unga mazmuni qisqa va tushunarli tarzda yozma ravishda bayon etilgan savollar onlayn rejimida yuboriladi.

Onlayn-maslahatchi xizmatiga, o‘zlarini qiziqtirgan turli muammoli masalalar yuzasidan huquqiy maslahat so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga mutaxassislar tomonidan onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish orqali birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Portalga undan foydalanuvchilar tomonidan onlayn rejimda yuboriladigan qisqa murojaatlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga tenglashtirilmaydi hamda ularga berilgan huquqiy maslahatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun kundalik hayotida yuzaga kelgan ma’lum bir ijtimoiy muammosini hal qilish uchun ishni nimadan boshlashni bilmay turgan fuqaro, www.advice.uz sayti orqali portalga murojaat qilib, o‘zini qiziqtirgan masalaning aniq yechimini topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu portal ijtimoiy loyiha hisoblanadi va undan foydalanish mutlaqo bepul. Portaldagi ma’lumotlar va havolalar imkon qadar sodda va ko‘pchilik uchun tushunarli bo‘lgan tilda joylashtirilgan.

Portalda chet elliklarga eslatma deb nomlangan bo‘lim mavjud bo‘lib, unda O‘zbekistonga kirish va bo‘lish tartibi, shuningdek, kirish vizalarini berish, uzaytirish, vaqtincha propiska qilish, xorijiy fuqarolarni akkreditatsiya qilish tartibi kabi masalalar bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Ushbu ma’lumotlar bilan ingliz, fransuz, nemis, xitoy, ispan, arab, rus tillarida tanishish imkoniyati mavjud.

Mamlakatimiz aholisiga, ayniqsa, joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida portalning hududiy bo‘linmalari va huquqiy maslahat byurolari tashkil etiladi.

Shuningdek, kelgusida aholining huquqiy muammolarini joylarda hal qilish maqsadida bosqichma-bosqich ravishda har bir tumanda maslahat byurolari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu rejalarni hayotga izchillik bilan tatbiq etilishi har bir fuqaroga o‘zi yashayotgan hududda, o‘zi xohlagan paytda zarur huquqiy axborotni olish, undan foydalanish va o‘zini qiziqtirgan boshqa ijtimoiy masalalarning huquqiy yechimini topish imkoniyatini yaratadi.

To‘lqin Tursunov,
Adliya vazirligi huzuridagi
huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bosh maslahatchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat ko‘rsatish tizimi qanday ishlaydi?