18:47 / 01.07.2019
3 426

Zangiotadagi koloniyadan 6 nafar ayol ozodlikka chiqarildi

Zangiotadagi koloniyadan 6 nafar ayol ozodlikka chiqarildi
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasida Prezident afvi e'lon qilingan kundan boshqa kunlarda ham qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan xotin-qizlar ozodlikka chiqarilmoqda. Bunga Oliy sud va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi yo‘l ochmoqda, deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

«Mazkur memorandum sharofati bilan joriy yilning o‘tgan davrida yuz nafardan ziyod xotin-qiz ozodlikka chiqarilib, oilasi bag‘riga qaytdi.

Mazkur muassasada o‘tkazilgan shu kabi navbatdagi tadbir Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida xotin-qizlar, xususan, jinoyatga qo‘l urayotgan ayollar haqida aytgan fikrlari tufayli tashkil etildi.

Davlat rahbarining Senatdagi chiqishida jamiyatda xotin-qizlarga bo‘lgan e'tiborni kuchaytirish bilan bir qatorda, ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarni tilga oldi. Bunda ularning muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolari vaqtida hal etilmayotgani sabab bo‘layotgani tanqid qilindi.

Mazkur muassasada o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan Bosh vazir o‘rinbosari, respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova Prezident tomonidan xotin-qizlarning hayotimizda tutgan muhim o‘rnini mustahkamlash, ularning qadr-qimmatini ko‘tarish borasida doimiy e'tibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.

Shundan so‘ng bu yerning o‘zida Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov raisligida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud jarayonida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan, jazo muddatini qisqartirishlarini so‘rab sudga murojaat qilgan ayollardan olti nafariga oid ish ko‘rib chiqildi.

Ularning barchasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi, ya'ni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatga qo‘l urgan.

Shu kuni ozod hayot sari qadam qo‘ygan ayol borki, uyini, bolalarini qo‘msaganini aytdi. Darhaqiqat, onaning o‘rni aslida uyda, oilasi davrasida. Hech bir ayol bu baxtdan mosuvo bo‘lmasin», deyiladi Oliy sud matbuot xizmatining 29 iyun kungi xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zangiotadagi koloniyadan 6 nafar ayol ozodlikka chiqarildi