11:10 / 04.07.2019
3 684

Gulnora Karimovaning advokati: Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayonini to‘xtatdi

Gulnora Karimovaning advokati: Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayonini to‘xtatdi
Gulnora Karimovaning manfaatlarini himoya qilayotgan shveysariyalik advokat Greguar Manja Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayonini to‘xtatgani haqida xabar berdi.

Uning Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilishicha, bu Gulnora Karimovaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ro‘y berdi.

«Shveysariya federal jinoiy sudidagi uchinchi yirik g‘alaba (1 iyul). 555 million dollarni qaytarish darhol to‘xtatildi. Agar ushbu davlat mijozimizni o‘zboshimchalik bilan ushlab turishga yakun yasamasa, unda O‘zbekiston bilan hech qanday hamkorlik bo‘lmaydi. Unga borgan sari katta bosim o‘tkazilmoqda. Karimovaning hayoti xavf ostida», - deya ta’kidlab o‘tdi advokat.

Bundan oldin, Gulnora Karimovaning advokati mijozining ahvoli yaxshi emasligini ma’lum qilgandi.
Avvalroq, Adliya vazirligi Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyada o‘rganish o‘tkazayotgani xabar berildi.

Bosh prokuratura mart oyi boshida Gulnora Karimova jazoni o‘tash tartibini buzgani uchun qaytadan qamoqqa olingani haqida xabar bergandi.

«IIV Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni o‘tash talabi va shartlarini qo‘pol ravishda buzgani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G.Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada o‘tash jazosiga almashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarildi», – deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma’lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya’ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSh dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.

Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovaning advokati: Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayonini to‘xtatdi