10:27 / 07.07.2019
5 295

Reklamada va mediada ayollarning husnidan foydalanish qanchalik to‘g‘ri?

Reklamada va mediada ayollarning husnidan foydalanish qanchalik to‘g‘ri?
Reklamada ehtirosli qarab turgan chiroyli qizlarni ko‘rib o‘rganib qolganmiz. Kundalik hayotimizda uchraydigan bu holat ortida jiddiy ijtimoiy muammo yotadi, u ham bo‘lsa erkaklar va ayollar jamiyatda teng imkoniyatga ega emasligi, ayollarga hali ham jinsiy mayl ob’ekt sifatida qaralishi, ayollar muvaffaqiyatga erishish uchun bunday rolga ko‘nishga majbur bo‘lishi. Azamat Shomuzaffarovning maqolasi shu muammoga bag‘ishlanadi.

Feminizmni oqlaydigan maqolalarni o‘qir ekanman, ularga tarafdor emasligimni aytib o‘tmoqchiman. Men ayollar va erkaklar tengligi tarafdoriman. Ushbu maqolada feministik maqolalarga va kitoblarga e’tibor qaratmoqchi edim.

Kitob va maqolalardan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda, YouTube sahifasidagi videolarda ona va uy bekasi bo‘lishdan ko‘ra shaxsiy hayotda ko‘p muvaffaqiyatga erishgan ayollar haqida sharhlar uchrab turadi. Balki siz har kuni ijtimoiy hayot, ayollar, qizlar haqida yozadigan Aziza Umarovani bilarsiz. Undan tashqari, Technovation Uzbekistan va Woman in Tech loyihalari bilan tanilgan Yelena Seleznyova ham bor. Ayollar faqat uyda o‘tirishi, kelinsalom qilishidan ko‘ra ko‘proq narsalarga qodir deb hisoblaydigan manbalar to‘lib-toshib yotibdi. Lekin bular bizning jamiyatimiz uchun yetarli emas. Chunki g‘oyalar qog‘ozda emas, miyada bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham men teng huquqlar va tanlov imkoniyati konstitutsiyadagina emas, miyada ham bo‘lishini istayman.

Mavzu u yer-bu yerda ko‘tarilganda bu holatni kuzatish mumkin. Shunday feministlar ham borki, erkaklarni barcha gunohlarda ayblaydi. Shunday erkaklar ham borki, o‘zlarining ustun ekanliklari va haqiqiy erkak bo‘lib qolish huquqlari borligini hujumkorlik bilan himoya qiladi. Ular so‘l qarashlar hamjinsbozlikni oqlashga, getereseksuallikni siqib qo‘yish va ularning odatdagiday bo‘lib qolishlariga xalaqit qiladi, deb hisoblaydi.

Mening qarashlarim faol feministlar va tajovuzkor erkaklarnikidan farqlanib, u yoki bu narsani bajarishni talab qilib, quturgan itday odamlarga tashlanmayman. Men ayrimlaringizning qarashlaringizni o‘zgartira olishimga ishonaman. Men Green Peace’ga o‘xshab emas, aksincha, Yovvoyi tabiat fondiga o‘xshab harakat qilaman.

Oldinlari men ham ko‘p erkaklar o‘ylaydigani kabi «normal» erkak bo‘lib, qizlarga tikilar, uyatli hazillar qilar, feministlarni bir-ikkita «murvati» bo‘shab qolgan xotinlar deb hisoblar edim. Bu men uchun haddan oshish edi. Hozir ham qomati kelishgan ayollarga hazillar qilib turaman, reklamadagi model ayollarni tomosha qilishni yoqtiraman.

Farq shundaki, hozirda men ayollarni jinsiy ob’ekt sifatida ko‘rsatish kerak emasligini tushunaman. Ayollar cheklab qo‘yilgan jamiyatda ularni majburlash adolatdan emas deb hisoblayman. Ularga ham o‘sish, rivojlanish uchun sharoit yaratish kerak.

Qizlar faqat model bo‘lsang, hamma narsaga erishasan, ayollar faqat chiroyli ko‘rinsang yutuqqa erishasan deb o‘ylamasliklari, aksincha, kim bo‘lishi, qaysi kasbni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.

Agar xot-dogni ovqat sifatida yoki uyatsiz imo-ishoralar bilan, chiroyli qizlar yordamida reklama qilish imkoniyati bo‘lsa, birinchi variantni tanlayman. Chiroyli ayollarni yoqtirmaganim uchun emas. Shunchaki, erkaklar olamida shunaqa sharoitlar yaratilganki, ayollar o‘z tanasini sotishga majbur bo‘ladi, negaki boshqa masalalarda imkoniyatlari sun’iy cheklangan.

Foto: «Zametki.uz»
Madaniyatimiz shunday shakllanib qolganki, agar qiz chiroyli bo‘lsa, u e’tibor va muvaffaqiyatga erishadi. Bu holat ayollarni doimiy ravishda o‘z go‘zalligi, tashqi ko‘rinishi haqida o‘ylashga majbur qiladi, u karera va muvaffaqiyatni tashqi ko‘rinishi bilan bog‘laydi. Modellikning yomon jihati yo‘q. Yomon tomoni shundaki, eng mashhur va katta reklamalar ayollarni jinsiy mayl ob’ekti sifatida ko‘rsatadi, aslida esa busiz ham biror yaxshi reklama o‘ylab topish mumkin. Bunday qilinishiga sabab shuki, tabiiy instinktlarni o‘yin qilish ko‘p odamlarning diqqatini tortadi.

Albatta, o‘zini aynan shu tarzda ko‘rsatishni, ko‘p e’tibor olishni xohlaydigan, libidosi kuchli ayollar bor. Bu normal, har xil odamlar bor. Ammo qanday bo‘lishni tanlash imkoniyati bo‘lmasligi normal emas. Hozir esa eng katta imkoniyatlar maftunkor ayollarga beriladi. Ko‘pgina sohalarda hatto uning real qobiliyatlari ikkinchi darajaga o‘tib, maftunkorligi eng muhim narsa bo‘ladi.

Ayollar go‘zallikka e’tibor bermay qo‘ysin, paranjida yursin demoqchi emasman. Men turli-tuman sohalarda ayollar erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini, tashqi ko‘rinishi birinchi yoki hatto ikkinchi darajali bo‘lmasligini istayman. Bizning brendlar ijtimoiy mas’uliyatini oshirib, ayollar ob’ektivatsiyasidan foydalanishini to‘xtatishi kerak. Albatta, reklama qilinayotgan mahsulot oldiga chiroyli ayolni qo‘yib qo‘yish eng oson yo‘li, lekin bu adolatdan emas.

Yuqoridagi gaplarimdan gap xorij, G‘arb mediasi haqida ketyapti degan fikr tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, bu biz uchun ham har kuni uchraydigan, odatiy holat bo‘lib qoldi.

Foto: «Zametki.uz»

Media va reklamalarda jalb qiluvchi ayollar o‘rniga erkaklar bo‘lgan dunyoni tasavvur qilib ko‘ring: qanday bo‘lar edi?

1. Bilbordda chiroyli yigit ehtirosli qarash bilan sosiska yeyapti;
2. Pivo reklamasida yarim yalang‘och erkak qo‘lida pivo bilan sizga ehtirosli qarab turibdi;
3. Va boshqa turdagi yarim yalang‘och, ehtirosli erkaklar suratlaridan iborat reklama. Bu normal emas siz uchun, shunday emasmi? Unda nega ayollar reklamada shunaqa tasvirlanishini normal qabul qilasiz?

Biz ayollarga XVIII asrdagi kabi emas, XXI asrda yashayotganimizni unutmagan holda munosabatda bo‘lishimiz kerak. Ko‘plar qizlar ortidan xushtak chalish, uyatli hazillar qilish mumkin, hatto teginish, tegajog‘lik qilish mumkin deb o‘ylaydi. Ayollarni erkaklardan aqli noqisroq deb hisoblashlarini-ku, aytmay qo‘yaqolay. Erkaklar ayollar kamsitiladigan dunyo qurgan, buni tan olib, ayollarga past nazar bilan qarashga chek qo‘yish zarur.

Ayollar haqida onalarimiz haqida gap ochilganda faqat 8 martdagina emas, ularga hamisha, har doim o‘zimizga teng insonlarday munosabatda bo‘lishimiz lozim. Albatta, onani ko‘pchilik muqaddas deb biladi, lekin xotiniga hamma ham hurmat bilan munosabatda bo‘lavermaydi. Ba’zan qizlar ham onalar kabi shunday immunitetga ega bo‘ladi.

Bu muammo ayniqsa chekka hududlarda keng tarqalgan. Erkaklar orasida keng tarqalgan qarash: «Men ayolimni ta’minlayotgan ekanman, demak, u men bilan teng bo‘lish huquqiga ega emas. Uning maqomi menikidan past».

Ko‘pchiligingizning qizlaringiz bor. Mening ham qizim bor. Uni dunyodagi hamma narsadan ortiq ko‘raman. Ular qanday dunyoda unib o‘sadi? O‘ylab ko‘rishga arziydigan muammo.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Reklamada va mediada ayollarning husnidan foydalanish qanchalik to‘g‘ri?