22:06 / 15.07.2019
3 524

Maoshlar oshdi, to‘lov-shartnoma narxlari ham o‘zgaradimi?

Maoshlar oshdi, to‘lov-shartnoma narxlari ham o‘zgaradimi?
15 iyul kuni «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida» farmonga bag‘ishlangan «Xalqaro press klub»ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonovning ma’lum qilishicha, maoshlar oshsa-da, to‘lov-kontraktlar miqdori oshmasligi ham mumkin, hali bu masala ish jarayonida.

«Byudjetda 88 ming nafar talaba bor. Ularning ham stipendiyalari oshadi, joriy yilda buning uchun 440 mlrd so‘m ajratilgan, demak bu ham 10 foiz oshishi talab etiladi. Kontrakt narxiga kelsak, to‘lov qiymati o‘qitish xarajatlariga bog‘liq. Uning aniq miqdorini o‘tgan yildan boshlab mehnatga eng kam haq to‘lash miqdorlariga bog‘laganmiz. Hozircha bir narsa deyish qiyin, hali hisob-kitob qilib ko‘riladi», degan vazir o‘rinbosari.

Sarvarxon Buzrukxonov masalaga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, eng kam oylik maosh miqdorining oshirilishi bilan endilikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt narxlari ham ko‘tariladi.

Buning sababi, Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-sonli bayoniga ilovada to‘lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog‘langan bo‘lishi belgilab qo‘yilgan edi. Ya’ni har safar EKOIH oshganida OTM talabasi bo‘lish bahosi ham yuqorilab boraveradi. Bunda ikki muhim jihatga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, kontrakt narxidagi bu o‘zgarish «superkontrakt» asosida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarga daxldor emas.

2018 yilning mart oyida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri buyrug‘i bilan «Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Yangi tahrirdagi hujjatning 18-bandiga asosan, ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslari, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlari narxlari va tariflari o‘zgarishi munosabati bilan oddiy kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, ammo oshirilgan («super») to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno.

Ikkinchidan esa, o‘quv yili davomida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘zgarganda kontrakt qiymati navbatdagi semestr boshidan oshiriladi. Ya’ni, EKOIH miqdori 1 noyabrdan boshlab oshirilsa ham, kontrakt narxi bahorgi semestrdan (mart oyidan) ko‘tariladi. Ayni paytda to‘lov summasi yangi boshlanadigan o‘quv mavsumidan avval e’lon qilindi va u amaliyotga tatbiq etiladi.

Shunga qaramay, Sarvarxon Buzrukxonov nega javob berishda ikkilanib qolganiga to‘xtalib o‘tishni joiz, deb bilaman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2020 yildan boshlab ta’lim xizmatlari bozorida oliy ta’lim muassasalarining ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligi va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazishga ruxsat berilgan.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga esa bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilashi mumkin. Hozircha bu vazifalarni realizatsiya qilish tartibi ishlab chiqilmagan.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov, Islomjon Zokirov va Bekzod Artikov Kontrakt to‘lovini stipendiyasiz shaklda to‘lash bo‘yicha takliflarni ilgari surgandi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 17 iyundagi 4359-sonli qarorida jumladan, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha bosqich talabalariga, o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berilishi belgilab qo‘yildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati yil davomida va’da qilgan tartib, ya’ni tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnomasini ommaga e’lon qilmadi. Balki bu yangilik yangi o‘quv mavsum boshlanguniga qadar hal etilar, shunda vazir o‘rinbosarining gaplarida jon bo‘ladi. Aks holda, amaldagi tartib o‘zgarmasa, yangi o‘quv mavsumidan ta’lim uchun to‘lov 10 foizga oshirilishi tayin.
Alisher Ro‘zioxunov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maoshlar oshdi, to‘lov-shartnoma narxlari ham o‘zgaradimi?