18:50 / 20.07.2019
2 477

Toshkent shahrida 2400 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti QQS to‘lovchisiga aylanadi

Toshkent shahrida 2400 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti QQS to‘lovchisiga aylanadi
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar uchun «Soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi – soliq va bojxona imtiyozlari berilishini tartibga solish» mavzuida ko‘rgazmali-seminar tashkil etildi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Moliya, Bojxona hamda Savdo sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmalari, tijorat banklari mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Seminarda soliqqa tortish tizimining tubdan isloh etilishi va soliq yukining keskin kamaytirilishi natijasida joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida 105 mingdan ziyod yashirin ish o‘rinlari legallashtirilgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumki, joriy yil 1 yanvardan boshlab, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi (tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazildi. Mazkur tajriba ham o‘zining ijobiy samarasini berdi. Poytaxtimizda 2018 yili qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari 1 ming 601 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 15 iyul holatiga bu ko‘rsatkich 13 ming 200 taga yetdi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi F.Dadaxodjayev, X.Shakirov, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i N.Tursunov Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyati xususida tadbirkorlarga batafsil tushuntirish berdi.

– Qo‘shilgan qiymat solig‘i, qisqa qilib aytganda, yangi hosil bo‘lgan qiymatdan to‘lanadi va shu jihatdan adolatli soliqdir, – dedi Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Normat Tursunov. – Bunda mazkur soliq tizimining to‘laqonli zanjiri shakllanishi lozim. Masalan, ishlab chiqaruvchi korxona o‘zi ishlab chiqargan mahsulotini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotadigan bo‘lsa, undan xarid qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari aytaylik vositachi, ulgurji yoki chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ham QQS bilan realizatsiya qiladi va iste’molchiga qadar zanjir uzilmasdan boradi.

Natijada mahsulot narxining barqarorligi ta’minlanadi hamda soliq yuki oshib ketmasligiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining Farmonida qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan bir qator normalar belgilangani tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – dedi boshqarma boshlig‘i.

Darhaqiqat, soliq islohotlarining navbatdagi bosqichi – soliq va bojxona imtiyozlari berilishini tartibga solishning o‘ziga xos jihatlari nimada?
Farmonga asosan, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari, tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi tushumi miqdoridan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shartligi belgilandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur farmon qabul qilingandan so‘ng Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 2400 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisiga aylanadi.

Farmonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida:
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi beriladi.
Muloqot chog‘ida tadbirkorlik sub’ektlari soliq qonunchiligi bo‘yicha savollarga tezkor javob olishlari uchun Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy kanali (@Toshkent_sh_DSB)ga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.
Seminarda tadbirkorlar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Toshkent shahar DSB Matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahrida 2400 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti QQS to‘lovchisiga aylanadi