23:45 / 29.07.2019
5 269

Fuqarolar yonida qurol olib yurish uchun nima qilishi kerak?

Fuqarolar yonida qurol olib yurish uchun nima qilishi kerak?
Bugun, 29 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Qurol to‘g‘risidagi Qonunini imzoladi. Quyida qurol turlari, undan foydalanish va ruxsatnoma olish talablari keltirilgan.

Qonunda qurol 3 turga bo‘lingan:
- fuqaroviy qurol;
- xizmat quroli;
- jangovar qurol.
Fuqaroviy qurolning o‘zi 3 turga — ov, sport va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollariga bo‘lingan.

Quyidagilar o‘zini o‘zi himoya qilish quroli hisoblanadi:
- gazli qurol – ko‘zdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalar bilan to‘ldirilgan gazli ballonchalar, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalar va boshqa qurilmalar;
- elektroshok qurilmalari, uchqun chiqargichlar va shikast yetkazuvchi ta’siri elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan boshqa qurilmalar.

Jamoat joylarida, shahar, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda qurolni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurish taqiqlanadi.

18 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy sport qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini, 21 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga ega.

Milliy gvardiya organlari tomonidan beriladigan 3 oylik ruxsatnomalar asosida fuqaroviy va xizmat quroli olinishi mumkin.

Fuqaroviy va xizmat qurolini olishga doir ruxsatnoma qurolni hamda uning o‘q-dorilarini olib yurish va qo‘llash huquqini bermaydi.
Qurolni olishga doir ruxsatnoma qurolni hamda uning o‘q-dorilarini olib yurish va qo‘llash huquqini bermaydi.

Ruxsatnoma olish uchun fuqarolar doimiy yashash joyi bo‘yicha Milliy gvardiya organiga quyidagilarni taqdim etishi shart:
- ariza;
- shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport);
- quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga oid bilimi tekshiruvdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar;
- qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
- yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
- ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi (ov qurolini olish uchun);
- ovchilar jamoat birlashmasining tavsiyanomasi (soyli stvolli ov o‘qotar qurolini, shuningdek og‘iz qismidagi quvvat 65 jouldan yuqori va kalibri 9 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov qurolini olish uchun);
- otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tomonidan berilgan sportchi guvohnomasi (sport qurolini olish uchun).

Ov quroliga quyidagilar kiradi:
- soyli stvolli o‘qotar qurol;
- silliq stvolli o‘qotar qurol, shu jumladan soyli qismining uzunligi bir yuz qirq millimetrdan oshmaydigan o‘qotar qurol;
- kombinatsiyalangan (soyli stvolli va silliq stvolli) o‘qotar qurol, shu jumladan almashtiriladigan va joylashtiriladigan soyli stvolli o‘qotar qurol;
- og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik qurol;
- tig‘li sovuq qurol (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar);
- signal beruvchi qurol.

Sport quroliga quyidagilar kiradi:
- soyli stvolli o‘qotar qurol;
- silliq stvolli o‘qotar qurol;
- tig‘li sovuq qurol (rapiralar, shpagalar va qilichlar);
- uloqtiruvchi qurol (kamonlar, arbaletlar va nayzalar);
- og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori bo‘lgan pnevmatik qurol;
- signal beruvchi qurol.
Qonun 6 oydan keyin kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fuqarolar yonida qurol olib yurish uchun nima qilishi kerak?