16:35 / 30.08.2019
3 368

Hukumatga talabalarning to‘lov-kontrakti bo‘yicha takliflar

Hukumatga talabalarning to‘lov-kontrakti bo‘yicha takliflar
Tvitterda qirg‘izistonlik foydalanuvchilar O‘shga va umuman Qirg‘izistonga juda ko‘p o‘zbek abituriyentlari kelayotganini muhokama qilishmoqda (surat quyida).

Ularning barchasi imtihonlarsiz talaba bo‘lish va’da qilinayotgan OTMlarga borgan o‘zimizning yoshlardir. Bu kabi minglab yoshlar hozir Qozog‘iston va Tojikistonda ham yurishibdi yoki endi ketishadi. Ukraina va Xitoyni gapirmasa ham bo‘ladi.

Avval ham ta’kidlaganimdek, yoshlarning xorijda o‘qib kelishiga qarshi emasman, aksincha buni yoqlayman ham. Ammo gap yuqori darajadagi ta’lim sifati kafolatlangan reytingi yuqori OTMlar emas, balki o‘rtamiyona va undan ham pastroqlari haqida ketayotgani uchun va asosiysi yoshlarimiz uyoqlarga bilim olish uchun emas, shunchaki diplomli bo‘lish uchun otlangani xavotirli.

Sabablar haqida bosh qotiradigan bo‘lsak, avvalo, buni qimmat kontrakt narxlari hamda kvotalar kamligi bilan izohlash mumkin.

Chunki qo‘shni davlatlardagi OTMlar 4-5 mln so‘m atrofidagi kontraktga imtihonsiz qabul qilishni aytib, ko‘plab yoshlarni o‘ziga og‘dirib olishmoqda.


Shundan kelib chiqib, minglab yoshlarimizning ta’lim sifati mavhum bo‘lgan OTMlarda o‘qiganidan ko‘ra, o‘zimizning ko‘z o‘ngimizda o‘qishi ming marta yaxshi. Buning uchun eng avvalo to‘lov-kontrakt narxlari va to‘lash tartibini quyidagicha ko‘rib chiqish taklif etiladi:

Asosiy to‘lov-kontrakt bo‘yicha

– bizda kontraktlar qimmat emas. To‘g‘ri, qimmat, lekin Venesuelada bundan ham qimmat bo‘lishi mumkin. Ammo aholining daromadlaridan kelib chiqilsa, haqiqatdan 10 mln so‘mdan ortiq kontrakt oddiy oilalar uchun imkonsiz. Agar farzandlari ko‘p oila bo‘lsa, muammo yanada ortadi;

– bizda kontraktni yilida 2 marta bo‘lib to‘lash tartibi joriy qilingan, ya’ni hali o‘tilmagan darslarga yarim yillik pulni oldindan to‘lash kerak. Kontraktlarni har oy bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish kerak. Shunda bir martada katta pul topish imkonini qilolmaydigan oddiy oilalar ham kontraktni to‘lashga qiynalmas edi;

– sirtqi va kechki ta’lim shakllari uchun kontrakt miqdorlarini kamaytirish kerak. Chunki ushbu ta’lim shakllarida stipendiya berilmaydi va ushbu faktor kontrakt narxlari kunduzgiga nisbatan o‘ta qimmat ekanligini anglatadi. Sirtqi ta’limning kontraktiga oid petitsiya bo‘yicha Hukumat allaqachon qaror qabul qilishi kerak edi, qonunchilikda belgilangan muddat o‘tib ketyapti shundoq ham.

Super-kontrakt bo‘yicha

– o‘qishga kira olmaganlar to‘laydigan super-kontrakt narxlari ham haddan tashqari qimmat. To‘g‘ri, shu summaga ham o‘qishga rozi bo‘lganlar bor, ammo narxlar arzonlashtirilsa, to‘lov qobiliyati borlar soni yanada ko‘payadi va bu OTMlarga oldingidan ham ko‘proq daromad topish imkonini beradi (xuddi tonirovka narxiga o‘xshab);

– super-kontrakt narxlarini abituriyent to‘plagan ballga mutanosib ravishda tabaqalashtirish kerak. Masalan, kirish chizig‘iga 5 ball yetmasdan, 150 ball to‘plagan abituriyent ham 200 mln so‘m to‘laydi, 57 ball to‘plagan abituriyent ham 200 mln so‘m. Menimcha, bu adolatdan emas. Shu sababli hozirgi 4 ballik hududni bekor qilib, ushbu tabaqalar doirasini yanada kengaytirish kerak;

– super-kontraktni birdaniga to‘lash majburiyatini bekor qilib, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish kerak. Ya’ni o‘sha super-kontrakt miqdorini 4 yilga bo‘lib yuborish kerak. Masalan, super-kontrakt miqdori 100 mln so‘m bo‘lsa, har yili 25 mln so‘mdan, 200 mln so‘m bo‘lsa, har yili 50 mln so‘mdan to‘lash imkonini berish kerak;

– o‘z navbatida ushbu super-kontrakt summalarini ham oddiy kontraktga o‘xshab oyma-oy bo‘lib to‘lash tartibini joriy qilish kerak. Shunda super-kontrakt narxi oyiga 2-4 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi;

– super-kontrakt uchun ham stipendiyali va stipendiyasiz to‘lash imkoniyatini berish kerak;

– banklar tomonidan super-kontrakt uchun bozor foizlarida (imtiyozli emas) kreditlar taklifi ko‘paytirilishi maqsadga muvofiq.

Shu va shu kabi usullar yoshlarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojlarini birmuncha ko‘proq qondirishi va aholining ijtimoiy holatini hisobga olib, ularga yengillik berishi, qayerga va qanday joyga ketayotganini o‘zlari ham bilmaydigan minglab yoshlarni (ularning millionlab dollar pullarini) O‘zbekistonda olib qolishi mumkin. Bularning barchasi IMHO.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram kanalidan olindi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hukumatga talabalarning to‘lov-kontrakti bo‘yicha takliflar