06:00 / 08.09.2019
2 857

Ayol rahbar bo‘lsa... Savollar dolzarb, javoblar-chi?

Ayol rahbar bo‘lsa... Savollar dolzarb, javoblar-chi?
Foto: «Xabar.uz»
Jamiyatda bugun hammaning diqqat markazida bo‘lib, ertaga kun tartibidan tushib qoladigan masalalar bo‘ladi. Ammo shunday mavzular borki, ular hamisha qiziq tuyuladi. Jamiyatga ayol rahbar kerakmi?

U biror bir yo‘nalish bo‘yicha boshliq bo‘lib qolsa, butun kuch-quvvati, fikri-zikri xizmatiga sarflanib, oilasi ikkinchi darajaga o‘tib qolmaydimi? Yo o‘zi boshqarayotgan jamoadagi turfa fe’l-atvorli odamlar bilan muomala qilaverib, ish bitirish uchun (chunki hamma mas’uliyat unda-da) har xil idoralar eshigini qoqaverib, ayollik fazilatlaridan uzoqlashib ketmaydimi? Ham ayollik, ham onalik, ham rahbarlik vazifalarini birday qoyilmaqom qilib ado etish uchun uning kuchi yetadimi? Yetsa, qachongacha?

Zamondoshlarimiz fikratida aylanib yurgan, ayni paytda mavzumizga tegishli bo‘lgan shu savollarga javob axtarar ekanmiz, goh bir-birini to‘ldiruvchi, goh rad qiluvchi fikrlarga duch keldik.

Ko‘proq bo‘lsa, xo‘proqdir
Mamlakatimiz aholisining 50 foizini ayollar tashkil qiladi. Aniq kuzatuvlarimiz xulosasiga ko‘ra, ayni kunda bizda 1300dan ziyod turli tashkilotlarda, 22ta nodavlat tashkilotlarga ayollar boshchilik qiladi. Sud-huquq tizimida esa 1200 rahbar ayollar yetakchidir. Albatta, hamma rahbar ayolga bir xil tosh-tarozi qo‘yib bo‘lmaydi. Lekin aksariyat kuzatish, o‘rganishlar ularda mas’uliyat kuchli ekanligini, ular rahbar bo‘lib maydonga chiqqach, or-nomus uchun, «Ayol boshi bilan shu ishni uddalay olmadi», degan isnodga qolmaslik uchun astoydil tirishib mehnat qilayotganini dalillaydi.

Modomiki rahbar ayollar o‘z yelkasiga olgan vazifani to‘laqonli ado etishni hayot-mamot masalasi deb bilar ekan, hozir respublikamizda olib borilayotgan islohotlar ko‘lamini tasavvur etsak, bu islohotlarni amalga oshirish, farmon, qonun, qarorlarni o‘z vaqtida bajarish uchun oddiy ishchi, oddiy rahbar emas, qobiliyatli rahbar kerak ekanligini hisobga olsak, jamiyatimizda yana va yana ayol rahbarlarga ehtiyoj borligi seziladi.

– Shu ehtiyojdan kelib chiqib, yetakchilik qobiliyatiga ega ayollarni rahbarlik lavozimiga tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Qo‘ziyeva. – Ularning siyosiy bilimlarini chuqurlashtirish, mehnat ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida joylarda o‘quv-seminarlar, treninglar tashkil qilyapmiz. Bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon-parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar yili bo‘lganligi bois belgilab qo‘yilgan 30 foizli natijaga erishish uchun zaxira kadrlar o‘rtasida 140dan ortiq siyosiy o‘quvlar tashkil etildi.

Ha, ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash borasida hamma yo‘nalishlarda harakat bor. Ayolning boshliq, yetakchi bo‘lishi faqat u ishlayotgan jamoa uchun emas, uning o‘zi uchun ham yangilanish, yuksalish imkoni. Uning tashqi qiyofasi ham, o‘zini tutishi ham o‘zgaradi. Chunki endi u jamiyat orasiga oddiy Gulchehra, oddiy Ra’no bo‘lib emas, rahbar Gulchehra, rahbar Ra’no bo‘lib kiradi. Shuning uchun har jihatdan o‘rnak bo‘lishga harakat qiladi, o‘zini tarbiyalaydi. Hatto, oilasi, farzandlarini ham ibrat darajasiga ko‘tarishga, ko‘targandan so‘ng o‘sha darajada ushlab turishga harakat qiladi.

Xatar nimada, to‘siq-chi?
Albatta, har qanday holatning ikki tomoni bo‘lganidek, ayol rahbar hayotida ham yaxshi o‘zgarishlar barobarida salbiy holatlar ham kuzatilishi mumkin. Ularning aksariyati belgilab qo‘yilgan soatlik ish rejasidan chiqib ketadi. Chunki vazifasidagi ish ko‘lami bu soatga sig‘maydi. Rahbar ayol ko‘pincha uyidan ertalab 7-8larda chiqib ketib, kechqurun 10, 11 qilib qaytadi. Bu holat uning bolalari e’tiboridan chetda qolishi, turmush o‘rtog‘ining noroziligi, hatto ko‘ngli sovushigacha olib kelishi mumkin. Ko‘p bo‘lmasa-da, aynan shunday sabablar bois, ayrim rahbar ayollar oilasida muammolar kuzatiladi. Farzandi noto‘g‘ri yo‘lga kirish holatlari uchraydi.

Bunday holatlarda:
– Menga farzandlarimning baxti, tinchligi, oilam mustahkamligi kerak, – deb bo‘shashi uchun ariza yozayotganlar ham, «Bu darajaga osonlikcha yetdimmi, bolam ham xato qila-qila yo‘lini topib ketar. Menga er kerak emas, deya o‘z kursisiga mahkamroq yopishib yashayotganlar ham bor.

Bizningcha, ayolni Yaratgan egam eng avvalo bekalik, onalik, mehr-muhabbat atalmish buloq umrini uzaytirish uchun yaratgan. Shunday ekan, u doim biror ishni bajarishdan avval yo‘qotishi va topishi mumkin bo‘lganlarini aql tarozisida o‘lchab, og‘irroq kelgan tarafini tanlashi kerak.

Sobiq rahbar ayolning iqrori
Men o‘n besh yil bir sohada rahbar bo‘lib ishladim. Turmush o‘rtog‘im, taqdir taqozosi bilan bandalikni bajo keltirdi. Hatto, farzand ko‘rishga ulgurmadim. Bor kuch-quvvatimni ishimga berdim.

Xizmat yuzasidan eshigini qoqib borganim – ba’zi idoraning erkak rahbarlarining menga boshi ochiq ayol sifatida qarashlari, ermak uchun qilgan takliflari asabimni yedi. Me’yorsiz ish, asabiy holatlar balki bunga sabab emasdir. Taqdirim shudir, kasal bo‘ldim.

Menga shifokorlar: Turmushga chiqsangiz farzand ko‘rsangiz, tuzalib ketishingiz mumkin, deyishdi. Ammo men hammani, ayniqsa, men haqimda noto‘g‘ri o‘ylagan erkaklarni cho‘qqida porlab o‘tirib, qoyil qilmoqchi bo‘ldim. Ishlayverdim. Bugun to‘shakdaman, kun sanayapman... Har bir ayol unga Yaratgan tomonidan berilgan ne’matlardan bahramand bo‘lib yashashi kerak ekan...

Ishonchni yo‘qotmaslik kerak
– Lekin bizning hozirgi kunlarimizda imkoniyatimiz bo‘la turib, hech qanday sabab o‘zimizni chetga olishga bahona bo‘la olmaydi, – deydi Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora Ishxodjayeva. – Millatimiz hayotida shunday davr boshlandiki, biz erkaklarimiz bilan bir tanu bir jon bo‘lib, mamlakatimiz farovonligi, xalqimiz yuksalishi yo‘lida astoydil xizmat qilmog‘imiz kerak. Rahbar ayolning eri ham shu davlat fuqarosi, uning ham yuragi shu yurt deb urib turibdi. Faqat ularning ishonchini yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak.

Gulnora Ishxodjayevaning asosli fikrlarini davom ettirib shuni aytish mumkinki, jamiyatimizda bugun chindan ham ayol rahbarlarning ko‘payishiga ehtiyoj bor. Chunki ayol tabiatan saranjom-sarishta, kuydi-pishdi xilqat. Shu fazilatlari bilan ish joyida ham muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin. Lekin har qanday sun’iylik ishni bunyod emas, barbod qilganidek, sun’iy ravishda korxonaga boshliq qilib, har sohada ayol rahbar «yaratish»ga urg‘u berish samara bermasligi mumkin. Ijtimoiy, siyosiy «qozon»larda qaynab, ma’nan, qalban yuksalib, o‘zi, oilasi namuna darajasiga ko‘tarilganda, tabiiy ravishda mansabi ko‘tarilgan ayoldan oila va jamiyat birday manfaat ko‘radi.

Bu bizning fikrimiz. Sizning fikringiz boshqacha bo‘lishi mumkin. Zero, haqiqat qarama-qarshiliklarda yuzaga chiqadi, deyishadi. Shunday bo‘lsa, yozing, qo‘ng‘iroq qiling, fikrlashamiz.
Nigora Rahmonova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayol rahbar bo‘lsa... Savollar dolzarb, javoblar-chi?