20:00 / 19.10.2019
2 777

DXX Namangan va Andijon viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan bir nechta shaxsni qo‘lga oldi

DXX Namangan va Andijon viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan bir nechta shaxsni qo‘lga oldi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida giyohvand moddalar savdosi
bilan shug‘ullanuvchi bir nechta shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Jumladan, Namangan shahrida yashovchi Erkin Mavlonov, Mirzohid Lutfillayev va Bahodir Turg‘unovlar giyohvandlik moddasini xarid qilish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Axsi tumaniga borishadi. U yerda Elnur ismli shaxsdan 2 kg. 942 gr. “gashish”ni 15 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishib, pulni olib kelgunga qadar garov tariqasida M.Lutfullayevning fuqarolik pasportini hamda B.Turg‘unovning o‘zini Qirg‘iziston hududida qoldirishadi.

Shundan so‘ng Mavlonov yurtimizga qaytib keladi, Lutfullayev esa giyohvand moddani aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib kiradi. Lekin, og‘uni Mavlonovga berayotgan vaqtda ularning ikkalasi ham qo‘lga olinadi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib Bahodir Turg‘unov ham qo‘shni mamlakatdan olib kelindi. Tekshiruvlar davomida uning uyidan 158 gr. “gashish” moddasi topildi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida 1973 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Rahmatjonov Ma’sum Najmitdinovich viloyat markazidagi “Sarbon” tantanalar majmuasi oldida Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 7 kg 667 gr. “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi holatlar Andijon viloyatida ham qayd etildi. 1987 yil Andijon shahrida tug‘ilgan O‘tkirbek Xolmatovga qirg‘izistonlik Dilbar ismli ayol “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanaliga qo‘shni davlat hududida turib, “gashish” giyohvandlik moddasi joylangan 5 dona yelim idishlarni oqizib yuboradi. Xolmatov esa kelishilgan vaqtda ushbu yelim idishlarni kanalning Qo‘rg‘ontepa tumani “Ma’murobod” MFY hududidan oqib o‘tgan qismidan qabul qilib oladi.

Shundan so‘ng O‘tkirbek Xolmatov hamtovog‘i Jasurbek Xalilov boshqaruvidagi “Cobalt” avtomobilida giyohvandlik moddasini Andijon shahriga olib ketayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Tekshiruv davomida ularning yonida 1 kg. 982 gr. “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi, 1996 y.t. Latipjonov Lochinbek Lazizjon o‘g‘li ham qirg‘izistonlik Abdulaziz ismli shaxs tomonidan “Shaxrixonsoy” kanali orqali oqizib yuborilgan 2 kg. 810 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish uchun o‘z yashash xonadoniga yashirib qo‘yadi. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu giyohvand modda ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida og‘ufurushlardan jami 15 kg 559 gr. “gashish” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX Namangan va Andijon viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan bir nechta shaxsni qo‘lga oldi