15:05 / 20.10.2019
2 340

Til nega o‘ladi? Global tanazzuldan omon qolish mumkinmi? — Professor bilan suhbat

Til nega o‘ladi? Global tanazzuldan omon qolish mumkinmi? — Professor bilan suhbat
Dunyoda barcha jabhalarda rivojlanish, taraqqiyot bo‘lgani sari ijtimoiy aloqa vositasi sanalgan tilga munosabat ham o‘zgarib boraveradi. Ma’lumki, tarixan jahon tillari rivojlanib, boyib borgan yoki ma’lum sabablarga ko‘ra iste’moldan chiqib o‘lik tilga aylangan. Bugungi globallashuv, ilm-fan yuksalgan davrda dunyo tillari o‘z yashovchanligini qanday saqlab qoladi? Kishi o‘zi mansub bo‘lgan xalq tilini saqlab qolish uchun nimalar qilishi kerak? Quyida O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, tilshunos olim Baxtiyor Mengliyev bilan bo‘lgan suhbatda shu kabi savollar xususida fikr yuritilgan.

— Bugungi globallashuv davrida dunyoning lisoniy holati va vaziyati kun sayin o‘zgarib bormoqda. Bu borada dahshatli statistik ma’lumotlar borligi ham sir emas. Ularga munosabatingiz qanday? Global tanazzul girdobidan omon qolish uchun tillarga nimalar zarur?
— Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 3 mingdan 7 mingtagacha til borligi e’tirof etiladi. 2005 yilda tuzilgan YuNESKO ro‘yxati 6 912ta tilni qamrab oladi. Bu tillardan 32,8 foizi (2 269tasi) Osiyo va 30,3 foizi (2 092tasi) Afrika qit’asiga to‘g‘ri keladi.

Til – moddiy, ma’naviy merosni saqlash va boyitishning eng kuchli vositasi. YuNESKO hisob-kitobiga ko‘ra, mavjud 7 mingga yaqin tilning yarmi XXI asrda o‘zining «so‘nggi sohibi»dan ajralishi mumkin. Ba’zi farazlarga ko‘ra, asr oxiriga kelib mavjud tillarning 95 foizi o‘lik tilga aylanadi. Har oyda dunyo miqyosida ikkitadan til o‘layotgani esa dahshatli hodisa!

YuNESKOning 2017 yil 15 iyundagi xabariga ko‘ra, o‘lim yoqasida turgan 2,5 ming tildan 15tasi Markaziy Osiyo mintaqasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo arablari tili, Buxoro-Samarqand yahudiylari tili, Markaziy Osiyo lo‘lilari (paryo) tilini keltirish mumkin. Qolgan tillarning 2tasi Qozog‘iston va Qirg‘izistonda (dungan va oyrot tillari), bittasi Turkmanistonda (truxman tili), 9tasi Tojikistonda (voxon, ishkomish, sanglich, roshorv, shug‘on, bartang, rushon, yazg‘ulob, yag‘nob tillari).

Tilga davlat tili maqomi berilishi uni yo‘qolish muammosiga duch kelish xavfidan ma’lum darajadagina (!) xalos qiladi. Masalan, udmurt, chukot, chechen tillari ham, davlat tili bo‘lsa-da, yo‘qolish xavfiga yuz tutayotgani – fikrimizning dalili. Albatta, davlat tili maqomi til va uning sohiblari uchun juda ulkan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy, huquqiy ahamiyatga ega. U – milliy yaxlitlikni va bardavomlikni ta’minlovchi asosiy vosita. Biroq uning o‘zigina tilning yashab qolishi uchun yetarli emas.

— Tillar o‘limi soni so‘nggi o‘n yillikda oxirgi yuz yillikdagidan ko‘proq. Tillar o‘limiga asosan nimalar sabab bo‘lmoqda?
— Til nega o‘ladi? Chunki odamlar undan foydalanmay qo‘yadi, keng qo‘llanishdagi va «obro‘li» tillarga ustunlik berilishi natijasida bu tilda ta’lim olinmaydi.

Tillar ham odamlarga o‘xshaydi, yonma-yon yashashadi, bir-biriga ta’sir qiladi, o‘zgaradi – rivojlanadi. Faqat til o‘lganda, motam tutuvchisi bo‘lmaydi, xolos.

Taraqqiyot tezlashishi natijasida dunyoning yagona axborot makoniga aylanib borishi tillar taqdirida ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, o‘tgan ming yillikda dunyo tillarining 500tasi o‘lik tilga aylangan bo‘lsa, so‘nggi yuz yillikda esa 1000ta til tarix qa’riga singib ketdi.

Tillararo notenglik – kichik tillar yashovchanligiga salbiy ta’sir qiluvchi asosiy omil. Qaysidir til muhimroq, obro‘liroq, qulayroq bo‘lib, unga muayyan bir jamiyat yoki dunyo miqyosida ko‘proq e’tibor qaratiladi. Tabiiyki, odamlar o‘zi va farzandlari uchun ijtimoiy mavqe beradigan tilni tanlashadi. Masalan, bizning sharoitda rus tiliga, ingliz tiliga berilayotgan e’tibor buning bir ko‘rinishi. Odatda, maktab va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilayotgan bu «katta» tillar – mansab pillapoyalaridan yuksalishning muvaffaqiyatli garovi.

Natijada «kichik» tillar ahamiyatsiz, ikkinchi darajali yoki umuman keraksiz bo‘lib qolaveradi. Ko‘ptillilik qadrlanmaydi, ona tili sevilmaydi, balki «bosh» tilni bilish har tomonlama rag‘batlantiriladi. Bu tilni biluvchi mutaxassislarga ustama maoshlar beriladi, imtiyozlar taqdim etiladi. Biroq, masalan, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa millat mutaxassislarining o‘zbek tilini bilishi, bu tilda ish ko‘rishi rag‘batlantirilmaydi. Holbuki, endi mamlakatimizning dunyo bo‘yicha o‘zbek tili ta’limini yo‘lga qo‘yishga kirishish vaqti keldi.

Sivilizatsiya tillarning taqdirida muhim rol o‘ynaydi. Yuqorida qayd etganimdek, taraqqiy etgan qit’alarda tillar soni kam, kam rivojlangan qit’alarda esa tillar soni ancha ko‘p. Masalan, Yeropa qit’asida 240ta til mavjud. Buni Osiyo va Afrika qit’alari tillari soni bilan qiyoslash yetarli.

Tillarning taraqqiyoti va tanazzulida quyidagi holatlar alohida ajralib turadi:
1) tillarning o‘lik tilga aylanishi (etrusk tili, shumer tili, sanskrit tili, qadimgi xorazmiy tili, so‘g‘d tili);
2) tillarning boshqa tilga aylanishi (grek tili, yahudiy tili, arman tillari);
3) tillarning bo‘linib ketishi (german tillari);
4) tillarning qo‘shilishi natijasida yangi tillar vujudga kelishi (o‘zbek, turkman tillari);
5) tillarning «tirilishi» (ivrit tili).

«O‘lgan» ivrit tili esa dunyo yahudiylarining sa’y-harakatlari bilan qayta jonlantirildi – muloqot vositasi tusini oldi. Bunda jonkuyar mutaxassislar va fidoyi til sohiblari katta rol o‘ynadilar.

Har bir davrda tillar taraqqiyoti yoki o‘limiga turli omillar sabab bo‘lgan. XX asrgacha kolonializm, XX asrda urbanizatsiya (shaharlashuv), XXI asrda globallashuv tillar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Yevropadagi Islandiya davlatining tili bo‘lgan island tili o‘lik tilga aylanayotgani barcha millatparvar kishilarni hushyor torttirishi tabiiy. Mutaxassislar fikricha, Islandiyada internet tili ingliz tili bo‘lgani uchun island tilining qo‘llanish doirasi tobora torayib bormoqda.

Barcha tillar yashab qolish darajasi nuqtayi nazaridan quyidagicha tasnif qilinmoqda:
- xavfsiz tillar;
- ehtiyottalab tillar;
- xavf yaqinlashayotgan tillar;
- xavfga chalingan tillar;
- o‘layotgan tillar.

Eng xavfsiz tillar qatorini turgan ingliz, xitoy, ispan, nemis, yapon, fransuz, arab tillari egallagan. Ularning xavfsizligi gaplashuvchilari soni, mamlakatlarining qudrati, millatining tilsevarligi va ommaviylashganlik darajasi kabilar bilan belgilanadi. Bu borada yetakchilikni hali ko‘p vaqt davomida ingliz tili saqlab tursa kerak. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar soni xitoy tiliga nisbatan kam bo‘lsa-da (450 mln kishi), uning talabgorlari kun sayin oshmoqda.

AQSh va Angliya iqtisodda yetakchilik qilar ekan, bu tilning mavqeyi saqlanib qolaveradi. Bunday hol ikkinchi jahon urushi oldidan nemis tili misolida ko‘ringan edi va dunyo miqyosida bu tilning rasmiy ta’limi urushdan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qoldi. Bu jarayon susaya boshlashi bilan Germaniya bu tilning dunyo bo‘yicha o‘qitilishini, o‘rganilishini rag‘batlantirishga kirishdi. Zero, keng tarqalgan tillarning o‘limi o‘z mamlakatidan tashqarida uning ta’limi susayishidan boshlanadi.

Xitoy tilida so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi, ammo ularning bari xitoyliklardir. Ta’kidlash kerakki, xitoyliklar ham o‘z tillarini dunyoga ta’lim yo‘li bilan yoyish bo‘yicha jiddu-jahd ko‘rsatmoqda.

— Lekin hozirgi kunda har tomonlama rivojlanish uchun siz aytayotgan tillarga tayanish, ularni o‘rganish zaruratga aylanmadimikan? Hatto Xitoy va Hindistondek davlatlar ham ingliz tilidan keng foydalanmoqda-ku?
— To‘g‘ri. Ammo «ularga tayanish», «ularga ham tayanish» va «faqat ularga tayanish» ifodalari farq qiladi. Buni ertaklardagi «borsa kelar», «borsa kelar-kelmasligi gumon» va «borsa kelmas» yo‘llariga qiyoslash mumkin. Sizning fikringizni «ularga tayanish» deb tushunadigan bo‘lsak, ona tilimizga ongsiz ravishda e’tiborsizlik qilgan bo‘lamiz. «Faqat ularga tayanish» shart bo‘lsa, ona tilimizga nisbatan qasddan jinoyat sodir bo‘ladi. Xalqaro tillardan foydalanish, ularga tayanish, siz aytganingizdek, taraqqiyot garovi.

Agar bunda o‘rta yo‘lni («ularga ham tayanish») tanlamasak, texnik-texnologik, iqtisodiy jihatdan «taraqqiyot»ga yuz tutsak-da, ma’naviy jihatdan orqaga ketamiz. Taraqqiyotda ona tili bilan birga «xalqaro tillarga ham tayanish» – «borsa kelar» yo‘li. Ko‘plab mamlakatlarda ona tillari taraqqiyot yo‘lida globallashuv qurboniga aylanmoqda. Shu ma’noda prezidentimizning o‘zbek (ona) tilini bilmagan bolalarni zamonaviy maktablarga qabul qilmaslik haqidagi fikrlari katta metodologik ahamiyatga ega. Bu fikrga huquqiy maqom berish kerak.

— Agar biror tilni saqlab qolishning faqat bitta yo‘lini ko‘rsating degan savol berilsa, javobingiz qanday bo‘lar edi?
— Globallashuv asrida tillarning yashab qolishi ko‘proq axborot-kommunikatsiyalari sohasida, Internet tizimida qo‘llanish darajasi bilan bog‘liq. Qaysi til internet tili emas ekan, bu tillarning ro‘parasida o‘lim xavfi turaveradi.

Internet tili haqida so‘z ketar ekan, o‘zbek tili internet tili emasmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki o‘zbek tilida internet sahifalarida ma’lumotlar berilmoqda, yozishmalar amalga oshirilmoqda, tilimizda ish olib boradigan sayt va portallar, ijtimoiy tarmoqlar kundan-kunga ko‘payayotir. Zohiran tilimiz internet va axborot-kommunikatsiya sohalarida cheklanmagan darajada qo‘llanayotgandek, tilimiz esa internet tiliga aylangandek. Aslida ham shundaymi?

Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida «kompyuterning tilni tanishi» degan tushuncha bor. Agar kompyuter tilni «tanir» ekan, tilning kompyuter tili, internet tili ekanligi haqida so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi.

Kompyuter tilni «tanishi» uchun u bu tilni «bilishi» zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, annotatsiyalashi, tilni o‘rgatishi, transliteratsiya qilishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Umuman olganda, sun’iy intellektning muayyan til asosida ish ko‘rishi, tilning sun’iy intellektning to‘la ma’nodagi muloqot vositasiga aylanishi uning tilni «bilishi» va «tanishi» asosida sodir bo‘ladi.

Xullas, XX asrning buyuk kashfiyoti bo‘lgan kompyuter texnologiyalari sohasi uchun katta vazifalarni vujudga keltirdi va tillarning taraqqiyoti hamda yashab qolishi uchun hal qiluvchi omilga aylanib qoldi.

Tilning internet, kompyuter texnologiyalari tiliga aylanishi matematik lingvistika, uning davomi bo‘lgan kompyuter lingvistikasining shakllangani va rivojlanish darajasi bilan bog‘liq. Ayniqsa, sun’iy intellekt uchun tabiiy tillarni modellashtirish kompyuter lingvistikasining asosiy, pirovard vazifasi hisoblanadi.

Dunyo miqyosida sun’iy intellektlar yaratish asosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish yotadi. Matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘zbek tili misolida hali ochilmagan qo‘riq.

Tilning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning yozuvlariga, ko‘p sonli so‘zlashuvchilarga (100 mingdan ortiq), davlat tili maqomiga va axborot-kommunikatsiya, internet tizimida qo‘llanish xususiyatiga hamda so‘zlashuvchilarning muhabbatiga egaligidan tashqari, ziyolilarning tillarni saqlab qolish va rivojlantirish haqida qayg‘urishlari va mutasaddilarning esa bir yoqadan bosh chiqarib tashkiliy yo‘l bilan kurashishlari juda ham zarur.

Shubhasiz, ona tilimizning ham o‘z yozuviga, davlat tili maqomiga egaligi, 40 millionga yaqin so‘zlashuvchisi borligi kishini xushnud qiladi. Biroq achchiq bo‘lsa-da, ta’kidlash kerakki, uning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tili darajasiga ko‘tarilmayotgani, ayniqsa, bu borada tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari va markazlarda konseptual xarakterdagi na nazariy, na amaliy, na tashkiliy ishlar olib borilayotgani uning ham yo‘qolish xavfidan butkul xoli emasligini, ro‘yxatda esa ehtiyottalab tillar qatorida qolib ketayotganini ko‘rsatadi. Ijrosi kechikib borayotgan bo‘lsa-da, bu vazifalarni bajarishga yeng shimarib kirishsak va uddalay olsak, ona tilimiz, albatta, hech qachon o‘lmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Til nega o‘ladi? Global tanazzuldan omon qolish mumkinmi? — Professor bilan suhbat