07:10 / 29.10.2019
3 003

Jamiyatni kim ko‘tarishi kerak: davlatmi yoki boylar?

Jamiyatni kim ko‘tarishi kerak: davlatmi yoki boylar?
Boylik va ilm
Sovetlar mafkurasida boylar eng razil sinf edi. Haligacha jamiyatimizda boylar haqidagi fikrni ijobiy deb bo‘lmaydi.
Aslida jamiyatning ko‘plab tarmoqlari aynan boylar, xususiy va nodavlat uyushmalar hisobiga rivojlanishini ko‘pchiligimiz o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Biz bilgan Amerikaning buyuk bo‘lishida davlatdan ko‘ra nodavlat uyushmalar, xususiy sektor muhim rol o‘ynagan.

Ziyoli boylar
AQShda jentlmenlik, ya’ni oliyjanoblikning eng muhim sifati ziyoli, ma’rifatli bo‘lishdir. Ya’ni qanchalik ko‘p kitob o‘qigan bo‘lsangiz, ilmiy va fikrlash dunyoqarashingiz qanchalik boy bo‘lsa, siz shunchalik obro‘li va hurmatli bo‘lasiz.

O‘zaro norasmiy suhbatlarda odamlar aqliy va fikriy salohiyati bilan boshqalarda ijobiy taassurot qoldirishga urinadi; boyligi va kiyimi bilan emas.

Amerikada deyarli barcha milliarderlarning xayriya jamg‘armalari bor. Bu pullar, asosan, uzoq muddatda butun jamiyatga naf keltiradigan sohalarga sarflanadi. Kutubxonalar ochiladi, ta’lim va tadqiqot markazlari quriladi, talabalar uchun stipendiyalar ajratiladi, universitetlar otaliqqa olinadi va hokazo...

Dunyoning eng boy odamlaridan biri Bil Geyts xayriya maqsadlari uchun jami boyligining 30 milliard dollarga yaqinini ehson qilgan. Bil va Melinda Geyts jamg‘armasi ixtiyorida ayni paytda 50 milliard dollardan ortiq mablag‘ bor.
"Facebook" asoschisi Mark Zukerberg 2015 yil kompaniyasidagi ulushining 99 foizini xayriya maqsadlari uchun sarflashini e’lon qilgan edi.

Milliarder universitetlar va tadqiqot markazlari
Dunyoning eng mashhur va eng boy oliy o‘quv yurti - Garvard universiteti nodavlat va notijorat tashkilot hisoblanadi, ya’ni moddiy foyda ko‘rishga ixtisoslashmagan. Ixtiyoridagi mablag‘lari qiymati 50 milliard dollarga yaqin. Jami mablag‘larining faqat 22 foizi talabalar o‘qish uchun to‘laydigan puldan tushadi; qolgani boylar va boshqa nodavlat tashkilotlar ajratgan yordam pullari, tadqiqot grantlaridan tashkil topgan.

Yel, Prinston, Stenford, MIT kabi boshqa o‘nlab universitetlarda ham ahvol shunga yaqin. Ya’ni bu ilm maskanlarini davlat yoki talabalar to‘laydigan pullar emas, balki ziyoli boylar taqdim etadigan mablag‘lar moliyalaydi.

Universitetlardan tashqari AQSh bo‘ylab yuzlab ilmiy tadqiqot markazlari bor. Ular ham boylar va xususiy kompaniyalar, jamg‘armalar ajratadigan grantlar asosida faoliyat yuritadi. AQShning ilmiy-siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotida bu institutlarning o‘rni beqiyos. Bularning ishtirokisiz Amerika hech qachon bugungidek buyuk bo‘la olmagan bo‘lardi.

Boylar va siyosatchilar o‘zidan qanday meros qoldirishni istaydi?
AQShda mashhur siyosatchi yoki milliarder olamdan o‘tsa yoki nafaqaga chiqsa, uning nomini abadiylashtirish uchun nimalar qilinadi?

Avvalo, uning nomiga kutubxonalar, muzeylar, ilmiy dargohlar ochiladi. Uning nomidan talabalar va tadqiqotchilar uchun grantlar ajratiladi, stipendiya dasturlari tashkil etiladi va hokazo.

Ular o‘z nomlarining ilm-fan va xayriya ishlari bilan yodga olinishini istaydi. Ortlarida qolgan mablag‘ni tasarruf etish uchun jamg‘armalar tuziladi va bu mablag‘larning aksariyati ilm-fanga sarflanadi.

Xullas, Amerikada boylarni jamiyatning lokomotivlari deyish mumkin.

Hamma narsani davlat qilib berishi kerak, degan sovetcha aqidaning davri o‘tdi. Jamiyatdagi faoliyatning kamida 80 foizi nodavlat sektor qo‘liga o‘tishi kerak. Davlat faqat xavfsizlik va qonun ustuvorligini ta’minlash, soliq yig‘ish, barcha uchun bir xil o‘yin qoidalarini joriy etish kabi cheklangan funksiyalar bilan shug‘ullanishi kerak.

Iloyim, O‘zbekistonda ham ilm-fanga, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan boylar ko‘paysin.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jamiyatni kim ko‘tarishi kerak: davlatmi yoki boylar?