17:25 / 02.11.2019
5 291

Zangiotadagi ayollar qamoqxonasidan reportaj

Zangiotadagi ayollar qamoqxonasidan reportaj
Zangiotadagi «ayollar koloniyasi»da og‘ir jinoyatlari uchun uzoq yillardan buyon jazo muddatini o‘tayotgan o‘n to‘rt nafar ayolning Oliy sudga yozgan nazorat tartibidagi shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Bunday sud majlislari keyingi qirq kunda ikkinchi marta o‘tkazilishi...
2
Muassasaning o‘z tartib-qoidalari mavjud va ularga rioya etmoq shart. Masalan, fotoapparatni shaqillatib, xohlagan joyingizni suratga ololmaysiz, tasvirga olish imkoniyatingiz ham cheklangan. Ichkariga-ku, bir necha chig‘iriqdan o‘tib kirishingiz tayin. Kissadagi dastro‘moldan boshqa hamma narsangizni tashqarida qoldirishingiz shart. Muassasaning borishingiz kerak bo‘lgan binosigacha bitta soqchi hamrohlik qiladi. Bir-biriga tutashgan binolarning har birida temir panjarali eshik. Unda, tabiiyki, asosan xotin-qizlar soqchilik qiladi. Ularning yuziga qarab, qiyofasiga singib ketgan jiddiyatdan yengil pardoz-andozni-da ilg‘ash qiyin...
3
Muassasa ostonasidayoq... yo‘q, xiyla uzoqdan muassasa binosiga ko‘z tushishi hamono vujudingizni yoqimsiz hislar chulg‘aydi. Ichkariga kirar-kirmas o‘sha hislar yelkangizga yuk bo‘lib tushadi. Yo‘l-yo‘lakay deraza yoki qiya ochiq eshiklarda mo‘ralayotgan mahkumalarning mungli va umidvor nigohlariga ko‘z qiringiz tushgani sari yelkadagi yuk zalvori ortib boraveradi. Vaqt qoq peshin, quyosh charaqlab tursa-da, muassasa hovlisiga ana-mana shom tushadigandek tuyuladi...

Dimog‘ bitib, tomoqqa nimadir tiqiladi.
4
«Kutubxona» yozuvi ilingan binoning biqiniga tirab qurilgan tikroq temir zinapoyadan ikkinchi qavatga ko‘tarildik. Taxminan yuz-yuz ellik odam sig‘adigan majlislar zali. Uning uchdan ikki qismi to‘lgan. Hammasi mahkumalar. Bir xil libosda: boshida oq ro‘mol, egnida (guli ilg‘ab bo‘lmas) chit kuylak. Kuylakning chap ko‘ksiga mahkumaning ismi-sharifi zarb etilgan. Ichkariga kirishimiz hamono ular oyoqqa qalqdi. So‘ng (muassasa boshlig‘ining «komandasi» bilan) xuddi maktab o‘quvchilariday (qo‘l ko‘ksida) jo‘rovozda salom berishdi. Mahkumalar orasida endi yigirmadan hatlagani ham, oltmishdan oshgani ham bor. Fotoapparat, kamerani ko‘rgach, aksari yuzini berkitishga tushdi: kimdir boshi quyi solsa, boshqasi qo‘li bilan pana qiladi, yana biri ro‘molini ko‘zigacha tushiradi...
5
Sud majlisining o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Qayerda bo‘lmasin, unga rioya etish talab etiladi. Biroq bu yerdagi holat darhol rasmiy tarzda protsessni boshlashga izn bermasdi. Shu bois avval-boshda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov tashrifdan maqsad-muddao haqida muxtasar gapirdi. So‘ng Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi so‘z oldi. Keyin ustoz jurnalist Safar Ostonov...

Notiqlarning gaplaridan bitta xulosa kelib chiqadi: davlat ham, jamiyat ham fuqarolarning, alalxusus, ayollarning qamoqda o‘tirishidan manfaatdor emas. Ayolning o‘rni oilada, oilada!

Oddiygina shu haqiqat anglansa, his etilsa, panjara ortidagi xotin-qizlarning soni kamayaveradi. Buning uchun keragicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, qolgani endi har kimning o‘ziga tan. Shunaqa aqlli gaplar kimga qanday ta’sir qilganini darhol sezish yoki bilish amrimahol, albatta. Biroq jonli muloqot jarayonida bir narsa aniq sezildi: Oliy sud rahbariyati, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari mazkur muassasaga tez-tez tashrif buyurishidan mahkumalarga ko‘ztanish bo‘lib ketibdi...
6
Sud hay’ati mahkumalarning ishini ko‘rib chiqa boshladi. Bu yog‘iga jarayon bir xil kechadi. Raislik etuvchi mahkuma sodir etgan jinoyat, tayinlangan jazo, berilgan muddatning qanchasini o‘tab bo‘lganini aytib, shikoyatdagi vajlar bilan tanishtiradi. Prokuror, advokatning fikri, muassasa boshlig‘i xulosasi eshitiladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi kafillik istagini bildiradi. Ishi ko‘rilayotgan mahkumalarning holati, hatto gap-so‘zlari ham bir xil: ko‘zidan yosh quyilgan, xiq-xiq yig‘i faryodga aylanay-aylanay deydi, avvaliyu oxirgi so‘zlari shunday: «Qilmishimdan qattiq pushaymonman...», «Hammadan kechirim so‘rayman...», «Muassasada biz bilan faol tushuntirish ishlari olib borildi...», «Iltimos, kechiringlar, kechiringlar...».
7
Muassasa ijobiy tavsif berib, Xotin-qizlar qo‘mitasi kafil bo‘layotgan esa-da, sud hay’ati tugal ishonch hosil qilgisi keladiki, ozodlikka chiqqach, yana jinoyatga qo‘l urmasmikan bular?

Ishi ko‘rilayotgan 14 nafar mahkumaning hammasi bir necha marotaba sudlangan-da ilgari. Qonunda belgilangan yengilliklardan bahramand bo‘la-bo‘la yetib kelgan joyi shu bo‘ldi baribir. O‘n ikki nafari esa Jinoyat kodeksining 273-moddasi (narkotik savdosi) bilan kamida ikki marta javobgarlikka tortilgan. Uchinchi martasida ayab o‘tirilmaganining sababiyam shunda: hammasi o‘n yildan yuqorisini «olgan».

Jazoning o‘ndan sakkiz qismini o‘tab bo‘lgan bu mahkumalar rostanam tavbasiga tayandimikan? Sirasini aytganda, belgilangan muddatning oxirigacha «o‘tirishi»ga qonunda hech qanday monelik yo‘q. Aksincha, muddatidan avvalroq ozodlikka chiqarish uchun riyozat chekilayotir, aslida. Tezroq oilasi bag‘riga qaytsa, qolgan umrini boy berilgan imkoniyatlar o‘rnini to‘ldirishga harakat qilib, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylansa... Pirovard maqsad shu. Bunday xayrli ishlar uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi va Oliy sud faollik, fidoyilikdan tashqari ma’lum ma’noda tavakkal ham qilmoqda. Yo‘qsa, har ikki tashkilot rahbariyatining bir oyog‘i jazo muassasalarida bo‘larmidi?!
8
Mahkumalarning tavba-tazarrusiga ishonging keladi baribir. Jinoyat yo‘liga kira-kira, borini boy bergan bu ayollar yana shu ko‘chaga hatto mo‘ralamasligining ehtimoli juda yuqoriday.

Mana, G‘.Lola. Ellik yetti yoshda. O‘n bir yilu olti oyga «kesilgan»iga tugal o‘n yil to‘ldi. Uch nafar farzandning onasi: bir o‘g‘il, ikki qiz... Giyohvandlikka chalingan eri «xumorbosdi» uchun uyidagi borini sotdi. Qo‘lga ilingudek narsasi qolmagach, xotinini shu balo savdosiga qiziqtirdi: «qara, zig‘irdekkinasi qancha turadi?!». Erning chizig‘idan chiqolmagan sodda xotin laqqa tushadi. Biroq birinchi «operatsiya»dayoq qo‘lga tushadi. Amnistiya akti sabab naq jazodan qutulib qolgan G‘.Lola «ayollarni baribir qamamas ekan» degan xomxayolda yana shu jinoyatga qo‘l uradi. Bu safar ham uzoqqa bormaydi. Shartli jazo oladi. Hali shartli jazo muddati yakunlanmay tag‘in shu «biznes» aralashgani uchun qo‘lga olinadi va o‘n bir yilni olib ke-yetadi. Bu hali hammasi emas: ayol qamoqdaligida er vafot etibdi. To‘ng‘ich farzand bo‘lmish o‘g‘il ikki singlisini boqish uchun tayyor institutni tashlab, Qozog‘istonga ishlagani ketadi va... u yerdan jonsiz jasadi qaytadi!

Panohsiz qolgan ikki qizning ahvolini tasavvur qilavering! Shundan keyinam «burunga suv kirmasa», insonning tirik haykaldan nima farqi qoladi?!
9
Yana bir mahkuma K.Lyubov. Oltmish bir yoshda. O‘n yilga «kesilib», besh yildan buyon «o‘tiribdi». Uch o‘g‘lining ikkitasi giyohvandlikdan vafot etgan bo‘lsa, kenjasi qotillik qurboniga aylangan. Nobakor o‘g‘illar «dori» uchun pul qidirib, yashab turgan uyini garovga qo‘yib yuborgan ekan. Haqdorlar ayol va erini ko‘chada qoldirayozibdi. Bolalari dastidan boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ayolga o‘g‘lining ulfatlaridan biri yordam qo‘lini cho‘zadi go‘yo: «Dori» sotsang – foydasi zo‘r, muammolaringni tezda hal qilvolasan!».

Sezib turganingizdek, ayolning muammolari hal bo‘lmadi, balki o‘zi cheksiz azoblarga giriftor bo‘ldi. Nogiron eri, voyaga yetmagan nabiralarini qoldirib, «ichkari»ga kirib ketdi...
10
Samarqandlik N.Nargiza yetti yildan beri «o‘tiribdi». Jazo muddati tugashiga ikki yilcha bor. 42 yoshli ayolning ikki nafar farzandi bor: ayni paytda kattasi o‘n to‘qqiz, kichigi o‘n to‘rtga to‘lgan. Uyam «ayollarni qamaymaydi» degan xomxayol bilan shu jinoyatga qo‘l uravergan-uravergan.

Uchinchi marta sudlanib, jazo tayinlanayotganda uning ohu nolasiga birov e’tibor bergani yo‘q hatto... Baxti qaro ayol hozir bir burdagina bo‘lib qolgan. Surunkali bronxitdan aziyat chekadi.

Sud hay’ati sel-sel yig‘layotgan N.Nargizani muddatidan avval ozod qilish haqida ajrimni o‘qigach, sizni kutib olgani kim keldi, deb so‘radi. O‘rta bo‘y, qorachadan kelgan, to‘lagina bir erkak bir qadam oldinga chiqdi: «Men!». «Ayolning kimi bo‘lasiz?». «Turmush o‘rtog‘iman!».

Raislik etuvchi chidab turolmadi: «Aslida seni qamash kerak ekan, nomard?!».
11
X.Zulfiya kecha ozod etilgan mahkumalar orasida eng yoshi. Farg‘onalik. Hali yigirma oltiga ham to‘lmagan. Qo‘ligul tikuvchi yoki pazanda bo‘lgudek siyoqi bor juvongina «qo‘ligul o‘g‘ri»ga aylanganiga nima deysiz!

Uni yoshgina turmushga bergan ota-ona ukalarini olib Rossiyaga ketadi. Bu yoqda kuyov nobop chiqqanidan bexabar. Juvonning aytishicha, kuyovto‘ra kirakashlik qilib, topganini ko‘chaga tashlab kelar ekan. Uyida qozonga tashlashga bir parcha go‘sht tugul, homilador xotinining qorni to‘ydirgulik non yo‘q...

Qo‘ni-qo‘shnidan hali u-hali bu narsa so‘rayverib, yuzi qolmagan kelinchak o‘g‘rilikka qo‘l uradi. Birinchi marta qo‘lga tushganda homiladorligi, ikkichisida uch oyga to‘lamagan chaqalog‘i panjara ortidan saqlab qolgan bo‘lsa, uchinchisida hech narsa yordam bermadi. Ungacha o‘zi ham, qo‘li ham o‘g‘rilikka ancha kelishib ulgurgan ekan-da. Ikkinchi farzandini qamoqxonada tug‘ibdi. To‘rt yildan beri shu muassasada. Jazo muddati tugashiga bir yil qolgan. Farzandlari erida. «Yigitning guli» «zek» xotindan hazar qilib, allaqachon uylanib olgan. Ikkinchi xotinini boqyaptimi yoki sog‘yaptimi – kim bilsin! Agar o‘sha kimsa shu yerda bo‘lganida raislik etuvchi boyagi gapni qaytarishi aniq edi: «Aslida seni...»
12
O‘n to‘rt ayol fojiasini birma-bir yozmoqning hojati yo‘q. Og‘riqlisi shundaki, har bir ayol fojiasining kasofati bir emas, bir necha taqdirga urib ketgan. O‘n to‘rt ayolning jinoyatlari sabablariga yuzakiroq qaralsa, turmushdagi maishiy muammolargina ko‘zga tashlanadi. Endi o‘sha maishiy muammolar tubiga bosibroq qarang: ularning paydo bo‘lishiga u yoki bu ko‘rinishdagi ijtimoiy adolatsizlik sabab bo‘lmayaptimi? Yodda tutmoq kerak, ko‘pgina jinoyat adolatsizlikka isyonning bir ko‘rinishi bo‘ladi. Demak, ayollarning panjara ortiga tushishiga o‘zlaridan boshqalarning aybi yo‘q, demoqqa shoshmaslik kerak.

Kecha ozodlikka chiqqan ayollarga insof sog‘inar ekan, uni o‘zimizga ham tilab qo‘yish zarar qilmaydi.
13
Bugun qancha mahkuma bor? Zangiotadagi ayollar jazoni ijro etish muassasasida ular soni yetti yuz nafar atrofida ekan. Bir necha yil avval ikki ming nafarga yaqin bo‘lgani aytiladi. O‘n besh yillar burun ular soni uch mingdan oshgan. Keyingi yillarda raqamlar yildan yilga emas, oydan oyga kamayayotir. Joriy yilning sakkiz oyini olaylik: uzoq yillardan buyon jazo o‘tayotgan 20 nafar ayol oilasi bag‘riga qaytarildi, 150 nafari sud zalidan, 307 nafarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan turiga almashtirildi, 1680 nafar mahkuma muddatidan avval ochiqqa chiqarildi.

Kichkina raqamlar emas. Bu Oliy sud va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasidagi (2018 yil, 20 iyul) Memorandum xo‘jako‘rsinga imzolanmaganini ko‘rsatadi. Buni e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmas.
Tursunali AKBAROV

Manba: Diyonatgzt.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zangiotadagi ayollar qamoqxonasidan reportaj