11:47 / 09.11.2019
3 384

Iste’molchilar huquqini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlariga oid xorijiy davlatlar tajribasi

Iste’molchilar huquqini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlariga oid xorijiy davlatlar tajribasi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida, joriy yilning 11 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5817-son Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etildi. Agentlik iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Agentlikka iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish, uni buzgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun sudga murojaat qilish, sudga kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilish kabi bir qator huquqlar berildi.

Xorijiy tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi bir qator qo‘shimcha va ko‘p tomonlama institutsional mexanizmlarni o‘z ichiga oladi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari iste’molchilarning o‘zlari tanlash huquqini yoki tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritish erkinligini haddan tashqari cheklashga olib kelmasligini ta’minlashda davlat muhim rol o‘ynaydi.

Shu sababli, mamlakatlar ushbu sohada yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida iste’molchilar manfaatlarini himoya qiladigan ixtisoslashgan muassasalarni yaratadilar.
Bunday muassasalar tegishli vazirliklar bilan yaqindan ishlashi va boshqa manfaatdor tomonlar, misol uchun, iste’molchilar tashkilotlari, sanoat sohasi, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari kabilar bilan maslahatlashuvlar olib borishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan agentlik iste’molchilar manfaatlariga tegishli barcha muammolarni hal qilmaydi. Shunday umumiy amaliyot mavjudki, bir qancha boshqa davlat idoralari ham iste’molchilarni himoya qilishda muhim bo‘lgan sohalar uchun javobgar hisoblanadilar. Misol uchun, oziq-ovqat, sog‘liq va ovqatlanish masalalari – Sog‘liqni saqlash vazirligining, iste’mol kreditlari – Moliya vazirligi yoki Markaziy bankning, iste’molchilar uchun ta’lim masalalari – Ta’lim vazirligining, oqilona foydalanish masalalari esa – Ekologiya va kommunal xizmatlar vazirligining mahalliy, mintaqaviy yoki federal muassasalarining javobgarligida bo‘lishi mumkin.

Qaysi vazirlik yoki idora javobgar bo‘lishidan qat’iy nazar iste’molchilarni qiziqtirgan ma’lum bir sohani tartibga solish uchun, maslahatlashuvlar va hamkorlikning hukumatlararo mexanizmlarini shakllantirish o‘ta muhim bo‘lib, bundan maqsad yagona siyosatni ishlab chiqish jarayonida iste’molchilar manfaatlarini hisobga olishni ta’minlashdir.
Internetdagi ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarning tahlili bizga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha mas’ul tuzilmalarni tashkil etishda amaldagi tajribaning ba’zi jihatlarini ajratib ko‘rsatishning imkonini beradi.

Rossiya Federatsiyasi
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) - bu federal ijroiya organi bo‘lib, u iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va huquqiy tartibga solishni ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat sanitariya-yepidemiologiya qoidalari va gigiyena standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida federal davlat sanitariya-yepidemiologiya nazorati va federal davlat nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi. 2004 yil 12 martda tashkil yetilgan bo‘lib, xodimlar soni 110 ming taga teng.

Unga quyidagilar bo‘ysunadi:
- barcha sub’ektlardagi Rossiya Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qilish federal xizmati boshqarmalari;
- barcha su’ktlardagi gigiyena va epidemiologiya markazlari;
- ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari;
- silga qarshi kurash muassasalari;
- vazirlik va idorlarning sanitariya epidemiologiya xizmatlari (Mudofaa, IIV vazirliklari, Xavfsizlik federal xizmati, Qo‘riqlash federal xizmati, Prezident ishlar boshqarmasi, Jazoni ijro etish federal muassasasi, Mediko-biologik federal agentligi).

Xitoy Xalq Respublikasi
XXR Savdo va sanoat adminstratsiyasi bosh davlat boshqarmasi (SSABDB) – XXR Davlat kengashiga bevosita bo‘ysunadigan markaziy davlat idorasi bo‘lib, 1953 yilda tashkil topgan.

SSABDBning vakolatiga tadbirkorlik faoliyati, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish (shu jumladan: xizmat ko‘rsatish belgilari, jamoaviy va sertifikatlashtirish belgilari) va taniqli belgilarga bo‘lgan huquqlarni tan olish, monopolistik shartnomalar tuzishda monopoliyaga qarshi tekshirishlar o‘tkazish (narxlar monopolistik shartnomalar bundan mustasno), bozorning ustun mavqeini suiiste’mol qilish raqobatni istisno qilish yoki cheklash uchun ma’muriy vakolatni suiiste’mol qilish kiradi.
SSABDB qonunlar va ma’muriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va tijorat va ishlab chiqarish faoliyatini boshqarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mustaqil ravishda idoraviy hujjatlarni qabul qiladi.

Qozog‘iston Respublikasi
Raqobat va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish organining tashkil etilishi 1991 yil 11 iyunda Qozog‘iston Respublikasining “Raqobatni rivojlantirish va monopolistik faoliyatni cheklash to‘g‘risida” gi qonunini qabul qilishdan boshlangan.

Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining “Qozog‘iston Respublikasi davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 yanvardagi 412-sonli qarori va Qozog‘iston Respublikasi Hukumatining 2017 yil 17 fevraldagi “Sog‘liqni saqlash
va respublika iqtisodiyoti vazirliklarining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 71-sonli qarori bilan Milliy iqtisodiyot vazirligining Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish va raqobatni himoya qilish va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitalari qo‘shilishi orqali Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vazirligining Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish, raqobatni himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi qayta tashkil etilan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari
AQSh Federal Savdo Komissiyasi (FSK) AQSh hukumatining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va xususan monopoliyaga qarshi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan mustaqil agentligidir. Komissiya 1914 yilda Prezident Vudro Uilson tomonidan qabul qilingan “Federal savdo komissiyasi to‘g‘risida”gi qonun asosida tuzilgan.

O‘sha paytlarda trestlar va monopoliyalarga qarshi kurash kurashning asosiy mezonlaridan biri edi. Komissiya tashkil etilganidan buyon monopoliyaga qarshi kurash aktlariga rioya qilinishini nazorat qilib keladi. FCK tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydigan asosiy bo‘ysunuvchi organ Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish byurosi hisoblanadi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish byurosi odamlarni savdogarlarning adolatsiz yoki chalg‘itadigan xatti-harakatlaridan yoki odatlaridan himoya qilishga qaratilgan. Komissiyaning yozma roziligi bilan byuroning advokatlari amaldagi federal qonunlar va FCK qoidalariga rioya qilishni kuzatib boradilar.

Byuroning vazifalari ro‘yxatiga shikoyatlar va shubhali faktlarni tekshirish, iste’molchilar huquqlarining buzilishiga javob choralari, tadbirkorlar va iste’molchilarni o‘qitish kiradi. Byuro nazoratining asosiy yo‘nalishlari reklama va marketing, moliyaviy mahsulotlar
va amaliyotlar, telefon marketingiga qarshi kurashish, shaxsiy ma’lumotni o‘g‘irlash, maxfiylikni himoya qilish va boshqalar kiradi.

FCK to‘g‘risidagi qonunga binoan komissiya advokatlari tashkilot nomidan ishlarni AQSh Federal sudiga yuborishga haqlidirlar. Iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlarida sud jarayoni AQSh Adliya vazirligi ko‘magida yoki birgalikda amalga oshirilishi mumkin.

AQSh Federal Savdo Komissiyasining rasmiy veb-saytiga ko‘ra, Byuroning maqsadi – g‘ayriqonuniylikni, firibgarlik va firibgarlik amaliyotlarini quyidagi yo‘llar bilan to‘xtatish hisoblanadi:
- shikoyatlar to‘plash va tekshiruvlar o‘tkazish;
- qonunni buzgan jismoniy va yuridik shaxslarni sudga berish;
- adolatli bozor munosabatlarini ta’minlash qoidalarini ishlab chiqish;
- iste’molchilar va biznes vakillarini ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida xabardor qilish.

Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida iste’molchilar manfaatlarini himoya qiladigan ixtisoslashgan muassasa ya’ni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etilganligi muhim jihat hisoblanadi.

Shu bilan birga ushbu Agentlik o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali ta’minlashda boshqa bir qancha vazirlik va idoralar bilan, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamjihatlikda ishni tashkil etishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Asosiy maqsad iste’molchilarni qiziqtirgan har bir masalani tartibga solish uchun, hamkorlikning hukumatlararo samarali mexanizmlarini shakllantirish va yagona davlat siyosatni ishlab chiqish jarayonida iste’molchilar manfaatlarini to‘liq hisobga olishga erishishdir.
N.Norbayev
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Iste’molchilar huquqini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlariga oid xorijiy davlatlar tajribasi