15:17 / 12.11.2019
3 347

Lo‘li millatiga mansub aholi ham yangi uy-joylarga ega bo‘ldi

Lo‘li millatiga mansub aholi ham yangi uy-joylarga ega bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Jizzax viloyatida ham yangi turar joy massivlari qurilishi izchil davom etmoqda. Avvallari e’tibordan chetda qolgan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va lo‘lilar ham o‘z hayotida tarixiy o‘zgarishlarni his etib, yangi uy-joylarga ega bo‘lmoqda.

Gap shundaki, Paxtakor tumanidagi Oltinko‘l va Olmazor mahallalarida 35 gektardan ziyod yer maydoni ajratilib, 3200 nafar fuqaro uchun 780 ta yangi uy bunyod etildi. Hozirda obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Yangi massivlarda ayollar bandligini ta’minlash uchun 2 ta tikuv sexi ham qurildi. Ayniqsa, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 10 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llari, 8 km elektr, 3 km. suv tarmoqlari tortildi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi qurib berildi. Buning uchun davlat tomonidan 150 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

O‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan, hozirda turmush uchun yaroqsiz holga kelib qolgan uylarda yashab kelayotgan lo‘lilar uchun zamonaviy uy-joylarga ega bo‘lish, albatta, tarixiy voqea. Chunki, shu paytga qadar ularning holidan hech kim xabar olmaganligi – bor haqiqat.

Endi Paxtakor tumanida og‘ir sharoitda yashab kelgan lo‘li millatiga mansub aholi ham barcha fuqarolarimiz qatori munosib turmush kechiradi. O‘z uyi, ish joyiga ega bo‘ladi. Ularning qay biri bilan suhbat qurmang, Prezidentning bu e’tibori va g‘amxo‘rligiga minnatdorlik bildirib, hayotga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi ortib borayotganligini ta’kidlamoqdalar.

– O‘ttiz yildan buyon Paxtakorda yashayman, – deydi 75 yoshni qoralagan Rajab Rustamov. – Barak uyning ikki xonadonida 6 oila yashab kelayotgan edik. Prezidentimizga rahmat, bu g‘amxo‘rlikdan behad mamnunman.

– Davlatimizdan cheksiz minnatdormiz, – deydi Xosiyat Jalilova. – Shuncha yil 20 dan ziyod jon barakda tiqilib yashab kelayotgan edik. Hammasi uchun mingdan ming rahmat. Ko‘cha asfalt. Bolalarimizning maktabga qatnashi uchun avtobus ajratilgan.

Yana bir muhim yangilik – lo‘li bolalarning ayrimlari turli sabablarga ko‘ra maktabda o‘qimay qolgani aniqlanib, ular uchun savod chiqarish kursi ham tashkil etildi. Hozir bu yerda 20 nafardan ziyod bolalar va o‘smirlar maxsus kursda o‘qitilmoqda.

Jizzax cho‘lini o‘zlashtirishning dastlabki davrida – 1967 yilda hududga kela boshlagan lo‘lilar allaqachon shu yerning tub aholisiga, ko‘pmillatli hududning teng huquqli fuqarolariga aylangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lo‘li millatiga mansub aholi ham yangi uy-joylarga ega bo‘ldi