15:48 / 14.11.2019
3 196

Ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish masalalari

Ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish masalalari
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishining samaradorligini oshirishga qaratilgan tadqiqot o‘tkazildi.
Mazkur sohadagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hozirgi vaqtda “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi
4-qismiga binoan ma’muriy sudlar ikkita toifadagi ishlarni ko‘rib chiqadi – davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shuningdek ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar bo‘yicha ma’muriy nizolar hamda qonun bilan ularning vakolatlari doirasiga berilgan ma’muriy huquqbuzarliklar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda ma’muriy sudlarga 405785 ta ish kelib tushgan, shundan 22052 tasi (5,4%) ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha ariza (shikoyat)lar hisoblanadi. Kelib tushgan ishlarning 94,6 foizi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarga taalluqlidir.

Mazkur statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlariga jami 38390 ta jinoyat ishlari kelib tushgan, bu esa o‘sha davrdagi ma’muriy sudlarga kelib tushgan ishlarga nisbatan 10 baravar atrofida kam.
Demak, statistik ma’lumotlar ma’muriy sudlarning ish hajmi juda katta ekanligini ko‘rsatmoqda, bu esa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ushbu masala yuzasidan ayrim rivojlangan mamlakatlarning tajribasi o‘rganildi. Xususan, Yaponiyaning “Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘risida”gi Qonuniga muvofiq, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy ishlarni birinchi instansiya sudlari sifatida okrug sudlari ko‘rib chiqishadi.

Shu bilan birga, Yaponiyaning umumiy yurisdiksiya sudlari (summary courts) jarima yoki boshqa yengilroq bo‘lgan jazo tayinlanadigan huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishadi.

Germaniyada ma’muriy sudlarning vazifasi faqat jismoniy va yuridik shaxslarning hukumat hujjatlari ustidan shikoyatlarini ko‘rib chiqish hisoblanadi, ya’ni ushbu sudlar ommaviy-huquqiy xarakterdagi nizolarni hal qilishadi. Germaniya ma’muriy sudlari fuqarolarni davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda himoya qilishga xizmat qilishadi. Shunday qilib, Germaniyada ma’muriy sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilmaydi.

Fransiyada ma’muriy sudlar, Germaniya ma’muriy sudlari singari, fuqarolarning shikoyatlari asosida faqat davlat organlarining ma’muriy aktlari qonuniyligini tekshirishadi. Binobarin, ushbu sudlar
ommaviy-huquqiy xarakterga ega bo‘lgan sud ishlarini olib borishga ixtisoslashgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha va ma’muriy sudlarga kelib tushgan ishlarning statistikasini, ushbu sohadagi xorijiy tajribani, shuningdek, ekspertlarning fikrlarini inobatga olgan holda, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida ma’muriy sudlarning vakolatlarida faqat davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shuningdek ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar bo‘yicha ma’muriy nizolarni ko‘rib chiqish vakolatini qoldirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasiga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi taklif qilinadi.

Bundan tashqari, ma’muriy sudlar tizimini optimallashtirish maqsadida tuman ma’muriy sudlarini tumanlararo sudlarga aylantirish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir, chunki qonun hujjatlariga yuqorida ko‘rsatilgan o‘zgartirishlar kiritilishi ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladigan ishlar sonining keskin kamayishiga olib keladi.
Shunday qilib, qonun hujjatlariga ushbu o‘zgartirishlarning kiritilishi ma’muriy sudlarning ish hajmi kamayishiga olib kelib, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligining oshishiga xizmat qilishi mumkin.
R.Abdullayev
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish masalalari