12:36 / 24.11.2019
2 330

Yosh kadrda qanday xususiyatlar bo‘lishi kerak? – Zafar Hoshimovdan tavsiyalar

Yosh kadrda qanday xususiyatlar bo‘lishi kerak? – Zafar Hoshimovdan tavsiyalar
O‘zbekistonda global tadbirkorlik haftaligi yakunlanmoqda.

Haftalik doirasida o‘tkazilgan «Konsepsiya – 2030: oliy ta’limda davlat va biznes hamkorligi imkoniyatlari» mavzusidagi munozarada taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov yosh kadrlarda qanday xususiyatlar bo‘lishi kerakligi borasida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Avvalo, ijtimoiy tajriba ishga kirishni xohlagan yoshlar uchun o‘ta muhim. Bunda boshqa xodimlar bilan chiqishib ketish, jamoada ishlay olish qobiliyati nazarda tutiladi.

Yoshlar uchun tanqidiy va ijodiy fikrlash qobiliyati ham kerak. Ular o‘z fikr doirasi, atrofidagi an’analaridan tashqari ham fikrlay olishi zarur», – degan Hoshimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, har tomonlama talabga javob beradigan ayrim xodimlarning o‘z fikr doirasidan tashqari fikrlay olmasligi, axborotni tahlil qila olmasligi uni qoniqtirmaydi.

«Ijodiy fikrlashni o‘rganishni ham yoshlarga tavsiya qilgan bo‘lardim. «Bu narsa doim shunday bo‘lgan, uni nega o‘zgartirishimiz kerak», deb o‘ylaydiganlar kelajak ish bozoridan o‘z o‘rnini topishga qiynaladi.

Bundan tashqari, transfer qilish ham kerakli xususiyat. Bunda bir sohada o‘rganilgan bilimlarni boshqa yangi sohada ishlata olish qobiliyati tushuniladi», – deydi u.
Zafar Hoshimovning qo‘shimcha qilishicha, tadqiq qilish qobiliyati ham talabalar, yosh kadrlar uchun juda muhim.

«Faqatgina ilmiy izlanish bilan shug‘ullanadiganlargina tadqiqot o‘tkazmaydi. O‘z ustida ishlashni xohlagan har bir odam doimiy tadqiqot olib borishi kerak.
Lekin, afsuski, bugun ko‘pchilik bu qobiliyatini yo‘qotib qo‘yyapti. Google orqali topilgan birinchi uchta ma’lumotni haqiqat deb o‘ylashga o‘rganib qolinyapti», – deya fikr bildirdi «Korzinka.uz» asoschisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yosh kadrda qanday xususiyatlar bo‘lishi kerak? – Zafar Hoshimovdan tavsiyalar