13:42 / 28.11.2019
3 391

Tergov departamenti oʻqituvchining oʻlimiga olib kelgan voqea boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi

Tergov departamenti oʻqituvchining oʻlimiga olib kelgan voqea boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi
Samarqand shahridagi 42-maktabda tarix fanidan dars bergan oʻqituvchi Izzatillo M.ni 15 kishi kaltaklagani hamda oʻqituvchi olgan tan jarohatlari natijasida hayotdan koʻz yumgani haqida xabar berilgan edi. Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mazkur holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi.

Ichki ishlar vazirligi xabaridan anglanishicha, samarqandlik oʻqituvchi 15 kishi emas, balki toʻqqiz kishi tomonidan kaltaklangan.

Maʼlum qilinishicha, 2019-yil 20-noyabr kuni taxminan soat 02:00 da 28 yoshli fuqaro Izzatillo M. oʻzining 30 yoshli tanishi Maqsud bilan birgalikda Samarqand shahar Buyuk ipak yoʻli koʻchasida joylashgan avtobus bekati oldidan oʻtib ketayotgan Asal ismli ayolga gap otgan. Bu vaqtda Asalning yonida boʻlgan ikki nafar erkak tanishi ushbu holatga aralashib, ulardan biri Izzatilloning yuziga bir marotaba urgan. Shundan soʻng Asal oʻzining tanishlariga qoʻngʻiroq qilib, ularni chaqirgan.

Asalning chaqiruviga binoan olti kishi kelgan. Ularning ichida ikki nafari ayol ham boʻlgan. Shundan soʻng ular bir guruh boʻlib, shu kuni soat 03:40 da Samarqand shahar Beruniy koʻchasi 82-uy oldida Izzatilloning sherigi Maqsudni haqoratlab, uning turli joylariga qoʻl va oyoqlari bilan urib, unga tan jarohatlari yetkazgan.

Shundan soʻng uch nafar ayol va uch nafar erkak qoʻl va oyoqlari bilan Izzatilloning bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, ogʻir tan jarohati yetkazgan.

Koʻrilgan tezkor chora tadbirlar natijasida Izzatilloga nisbatan jinoyatni sodir etgan shaxslardan uch nafari ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Maʼlum qilinishicha, Izzatilloga bosh miya suyaklarining ogʻir sinishi tashxisi qoʻyilgan.

Mazkur holat yuzasidan 20-noyabr, chorshanba kuni Samarqand shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 23-noyabr, shanba kuni Izzatillo shifoxonada vafot etgan. Shu kuni uning oʻlim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan hamda jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.

Dastlabki tergov jarayonida uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va qolgan olti nafar gumon qilinuvchiga nisbatan tegishli ehtiyot choralarini qoʻllash masalasi koʻrilmoqda. Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, marhum Izzatillo M. 2016-yil 6-iyun kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlagan va shu yili Samarqand shahridagi 42-sonli umumtaʼlim maktabiga rus tili fanidan oʻqituvchi boʻlib ishga kirgan. 2017-yil 25-sentyabr kuni u ishdan boʻshagan va Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Izzatillo M. Rossiyadan 2018-yil avgust oyida qaytib kelgan.

2018-yil 3-sentyabrda yana shu maktabga oʻqituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan hamda oʻquvchilarga rus tilida tarix fanidan dars berib kelgan. Joriy yilning 17-oktyabr kuni ishdan boʻshashi haqida maktab direktorini ogʻzaki ogohlantirgan va maktabga ishga bormay, shu vaqt mobaynida Samarqand shahri Mirzo Ulugʻbek va Shohrux koʻchalari kesishuvchi chorrahasida somsa sotish bilan shugʻullangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tergov departamenti oʻqituvchining oʻlimiga olib kelgan voqea boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi