10:05 / 29.11.2019
3 455

Xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklarga 2 million so‘mgacha qarz beriladi

Xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklarga 2 million so‘mgacha qarz beriladi
28 noyabr O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Mehnat vazirligi, «O‘zagrosug‘urta» AJ hamda «Mikrokreditbank» ATB o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Uch tomonlama hamkorlik munosabatlarini nazarda tutuvchi «Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga mikroqarzlar taqdim etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi»ga ko‘ra, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga xorijda ishga joylashish xarajatlarini qoplash maqsadida bir yil muddatga 2 million so‘m miqdorida mikroqarzlar taqdim etiladi.

Bunda mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayoni bir bank kunida amalga oshirilib, buning uchun pasport, ariza kabi minimal hujjatlar talab qilinadi.

Mikroqarzlarning yillik foizi 2019—2020 yillarda 10 foiz va 2021 yilda 12 foiz etib belgilangan.

Mazkur kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining labour-migration dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlariga beriladi.

Shuningdek, Mehnat vazirligi va «O‘zagrosug‘urta» AJ o‘rtasida «Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti va sog‘lig‘i sohasida hamkorlik memorandumi» imzolandi.

Ushbu hujjat bilan fuqarolarning chet elda vaqtincha ishlashi davrida ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash sug‘urta mukofoti miqdorini qoplash uchun 50 ming so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etiladi.

Ushbu sug‘urta mablag‘lari O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur memorandumlarda ko‘rsatilgan vazifalarning amaliyotga tatbiq etilishi xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xavfsizligini ta’minlash, hayoti, sog‘lig‘ini asrash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorijga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklarga 2 million so‘mgacha qarz beriladi