12:28 / 30.11.2019
5 686

“Salom-salom, kuyov salom...”

“Salom-salom, kuyov salom...”
“Zamon aynib ketdi, deganlar adashadi. Aksincha, odamlar o‘zgargan. Zamonning birdan-bir aybi — bizmiz”, degan ekan teran fikr sohiblaridan biri. Ijtimoiy tarmoqlarda “kuyov salom” qilayotganlar tasvirlarini ko‘rib, beixtiyor, shu so‘zlar yodimga tushdi.

Ota-bobolarimiz ori, g‘ururi bilan ajralib turishgan. Erkak sha’niga yarashmagan har qanday ishni qilishni o‘zlariga ep ko‘rmaganlar. Bugun-chi, bugun... Nahot, yigitning ori oyoq ostidagi gilamchalik bo‘lmasa va boshiga harir mato tashlab egilgancha viqor bilan “kelin salom” qilsa-ya... Ayting, bu holatni qanday atash, qanday munosabat bildirish mumkin?

Xo‘sh, bu kabi holatlarning kelib chiqishiga sabab nima? Ro‘zg‘or tashvishini xotinining nozik yelkasiga ortib qo‘yganlar, “Otang mebelni kam qilgan” yoki “Menga mashina olib bermasmikan”, deya zaifasini siquvga olayotgan kuyovto‘ralar, ayolini xorijga kuzatib, “Sen pulni jo‘nataver, bolalarga o‘zim qarab turaman”, deydigan erkaklar qayerdan paydo bo‘ldi?

Borliq bo‘shliqni qabul qila olmaydi. Tabiiyki, bugun kuchli jins vakillari yumshoqlashib qolgan ayrim oilalarda boshqaruv hayot tashvishlari sabab nozik yelkalari chayirlashgan, yaxshi-yomonni ko‘raverib dili qotgan, tili o‘tkirlashgan ayollar qo‘liga o‘tayotgani ham bor gap. Fikrimcha, ayni muhitda ulg‘aygan “yigit”lar boshiga harir tashlashdan tortinmaslikni o‘rganishyapti. Qolaversa, maktablarda aksar o‘qituvchilarning xotin-qizlar ekanligi ham o‘smir yigitlar tarbiyasiga aks ta’sir ko‘rsatayotgandek.

Yigitni “kuyov salom” qilishga undaydigan odatga keladigan bo‘lsak, bu ham xuddi to‘y-marosimlarimizda kuzatiladigan ba’zi bid’atlardan biri. To‘ylarni ixchamlashtirishga harakatni boshladik, shu bahona elning yelkasiga botayotgan tashvishlardan qutulmoqchimiz. Ayni o‘zgarish sabab erkakni oriyatidan, nomusidan ayirayotgan “salom”lar barham topsa, ajab emas.

Harqalay, shunday bo‘lishini juda-juda istayman...
Alijon ABDUSATTOROV,
jurnalist.

Manba: Rostda.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Salom-salom, kuyov salom...”