17:23 / 03.12.2019
5 234

Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari

Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari
Bugungi kunda dunyoda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun xayriya va tijorat, innovatsiyalar va anʼanaviy biznes amaliyotlari chorrahasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tobora koʻpayib bormoqda. Shunga qaramay, “ijtimoiy tadbirkorlik” fenomeni rivojlanishining huquqiy jihatlari hali oʻzining boshlangʻich bosqichlaridadir.

Ijtimoiy tadbirkorlik huquqiy maydonining mavjud emasligi imtiyozlar va preferensiyalar berish qoidalari ishlab chiqilmaganligi, binolarni sotib olish va ijaraga olishda qiyinchiliklar, mahsulotlarni sotish bilan bogʻliq muammolar va hokazolar kabi salbiy oqibatlarga olib keladi. Bunday qiyinchiliklar, ayniqsa, ijtimoiy tadbirkorlikka alohida eʼtibor qaratayotgan MDH mamlakatlarida sezilmoqda.

Shu munosabat bilan AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Malayziya, Janubiy Koreya kabi ilgʻor dunyo mamlakatlarida ijtimoiy tadbirkorlikni huquqiy tartibga solish sohasidagi asosiy tendensiyalarni oʻrganish quyidagi asosiy fikrlarni ajratib koʻrsatilishiga imkon beradi.

I. Ijtimoiy tadbirkorlik tarifini aniqlashda yagona yondashuvning yoʻqligi muammosi
Chet el amaliyotida baʼzan bir-biriga zid boʻlgan ijtimoiy tadbirkorlikning turli xil taʼriflari mavjud. Mutaxassislarning fikriga koʻra, ijtimoiy tadbirkorlik atamasini aniqlashda yagona huquqiy yondashuvni ishlab chiqish murakkabligi quyidagi holatlar bilan izohlanadi.

Ijtimoiy tadbirkorlikning kelib chiqishi. Baʼzi mamlakatlarda (Italiya, Malayziya) ijtimoiy korxonalar asosan davlat sektori va notijorat sektor faoliyati natijasida paydo boʻladi. Boshqa mamlakatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya) esa ular tijorat sektoridan kelib chiqadi. Muayyan mamlakatda ijtimoiy tadbirkorlikning kelib chiqishi ushbu turdagi tadbirkorlikning asosiy xususiyatlarini belgilashda muhim rol uynaydi.

Ijtimoiy tadbirkorlikning maqsadi. Baʼzi ekspertlar ijtimoiy tadbirkorlikni aholi farovonligi uchun qilinadigan tadbirkorlik faoliyatining har qanday turi sifatida koʻrishadi, boshqalari esa ijtimoiy tadbirkorlikni kam taʼminlanganlarga xizmat koʻrsatish yoki nogiron guruhlarni ish bilan taʼminlash kabi muayyan faoliyat turi deb bilishadi. Biroq, koʻpchilik ekspertlar ijtimoiy korxonaning faoliyati aniq ijtimoiy yoki ekologik maqsadga yoʻnaltirilgan boʻlishi kerak degan fikrga qoʻshiladilar.

Faoliyatning shaffofligi. Ijtimoiy korxonalar jamiyat uchun keltirayotgan oʻzlarining ijtimoiy va/yoki ekologik foydalari toʻgʻrisida hisobot berishlari shart, ammo koʻpchilik mamlakatlarda buni nazorat qilish sohasida hisobot berishning yagona shakli va mezonlari hali ishlab chiqilmagan.

Moliyaviy barqarorlik. Baʼzi mamlakatlar (AQSH, Buyuk Britaniya) ijtimoiy korxona savdo-sotiqdan oʻz daromadini olishi va uzoq muddatli kapitalni jalb qila olishi kerak, deb hisoblaydi. Bunday hollarda aksiyadorlar investitsiyalar kiritgani uchun cheklangan miqdorda mukofot olishlari mumkin boʻladi. Boshqa mamlakatlarda (Janubiy Koreya, Italiya) esa, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish asosan davlat buyurtma-lariga, davlat sektori grantlariga va xususiy xayriyalarga bogʻliq boʻladi.

Foyda taqsimoti. Baʼzi mamlakatlardagi ijtimoiy korxonalar foydani taqsimlashni mutlaqo taʼqiqlaydigan tashkilotlardan tashkil topadi. Boshqa davlatlarda (anglo-sakson mamlakatlari) esa foydani qayta taqsimlashda maʼlum bir chegara oʻrnatiladi (misol uchun, foydaning 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorida) va aktivlarni xususiylashtirishga cheklovlar qoʻyadilar.

Innovatsiyalar. Ijtimoiy korxonalar koʻpincha va ayniqsa tejash va inklyuzivlik usullarini qoʻllab-quvvatlashda innovatsion deb hisoblanadi. Buyuk Britaniya tajribasi shuni koʻrsatadiki, ijtimoiy korxonalar kichik va oʻrta korxonalarga qaraganda koʻproq darajada innovatsiondir. Biroq, innovatsiyalar ijtimoiy korxonalarning asosiy xarakterli xususiyati sifatida qaralmaydi.

Ishchi kuchi. Baʼzi mamlakatlarda (Italiya) koʻngillilar yoki davlat tomonidan badal toʻlanadigan ishchilardan tashkil topgan jamoat tashkilotlari ijtimoiy korxonalar deb tan olinadi. Boshqalarida esa, ijtimoiy korxonalar pullik ishchilarni yollashlari kerak boʻlib, bunda ular koʻpincha nochor guruhlar uchun ish topishga aniq eʼtibor beradi. Baʼzi mamlakatlar ijtimoiy korxonalarida, yuqori boshqaruv darajasidagi xodimlarga ish haqi boʻyicha cheklovlar oʻrnatilgan.

II. Ijtimoiy korxonalarga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar
Ijtimoiy korxona mavqeini aniqlash uchun batafsil mezonlar mavjud boʻlmagan koʻpgina mamlakatlarda imtiyozlar va preferensiyalar berish ijtimoiy korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakllariga qarab farq qiladi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlar amaliyotida ijtimoiy tadbirkorlik uchun, agar ularning tashkiliy shakli notijorat yoki xayriya jamgʻarmasi boʻlmasa, soliq imtiyozlari taqdim etilmaydi.

Ijtimoiy korxonalarga davlat tomonidan keng koʻlamda yordam koʻrsatadigan davlatlar orasida Italiya va Janubiy Koreya alohida ajralib turadi. Xususan, sertifikatlashtirish talablariga mos kelsa, soliq imtiyozlari, preferensiyalar, yengilliklar, subsidiyalar, davlatning ijtimoiy buyurtmalarida kafolatlangan tarzda ishtirok etish va boshqa ustunliklarga ega boʻladi.

Ijtimoiy korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi mukammal rivojlanganlik jihatidan namunali hisoblandigan davlat – bu, shubhasiz, Janubiy Koreyadir.

Xususan, 1997-yilda boshlangan Osiyo moliyaviy inqirozi Janubiy Koreyada ommaviy ishsizlik va turmush darajasining keskin pasayishiga olib keldi. Bu esa Janubiy Koreyada hukumatning ijtimoiy biznesga alohida eʼtibor qaratishiga turtki boʻldi. Aynan shu davrda mamlakat rahbariyati oʻsha paytda Koreyada deyarli boʻlmagan nodavlat-notijorat va ijtimoiy korxonalar koʻmagidan foydalanishga qaror qildi.

Bu jarayon deyarli oʻn yil davom etdi va 2007-yilda puxta ishlab chiqilgan “Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida” Qonun qabul qilinishi bilan yangi bosqichga koʻtarildi.

Qonunda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishga yoki aholining zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan tijorat faoliyatining barcha turlari boʻlgan ijtimoiy tadbirkorlikning aniq taʼrifi berilgan. Bundan tashqari, qonun ijtimoiy faoliyat deb qaralishi mumkin boʻlgan oddiy va oʻlchov mezonlarini berdi va majburiy sertifikatlash tartibi joriy etdi.

Umummilliy darajada Koreya ijtimoiy korxonalarini qoʻllab-quvvatlash agentligi va Ijtimoiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi tashkil etildi. Ular ijtimoiy biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha barcha tadbirlar uchun - axborot koʻmagi

va festivallardan tortib, ijtimoiy tadbirkorlarning professional hamjamiyatini shakllantirish, ular oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy yordam koʻrsatadi.

Bunday aniq yoʻnaltirilgan va jadal davlat siyosati tufayli oʻn yildan ortiq vaqt davomida Janubiy Koreyada oʻn minglab odamlar jalb qilingan kuchli ijtimoiy biznes sektori yaratildi. Umuman olganda, bugungi kunda mehnatga layoqatli aholining kamida 60 foizi ushbu mamlakatning kichik biznesida ishlaydi, bu albatta Koreya Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy modelini 1997-yildagiga qaraganda jahon iqtisodiyotidagi tebranishlarga nisbatan ancha chidamli qildi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, dunyoda iqtisodiy oʻsish surʼatlarining pasayishi va ushbu tendensiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari oldindan aytib boʻlmaydigan darajada oʻsgan sharoitda, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy asoslarini yaratish boʻyicha samarali choralarni ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat bermoqdalar.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida, ijtimoiy tadbirkorlik institutini yaratish va uni rivojlantirish uchun davlat tomonidan toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlash tizimini nazarda tutuvchi meʼyoriy asoslarni ishlab chiqish, shu jumladan ularga subsidiyalar va grantlar eʼlon qilish, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish, shuningdek doimiy ravishda maslahat-konsultativ yordam koʻrsatish maqsadga muvofiq boʻladi.
Bunda ijtimoiy tadbirkorlikning afzalliklari toʻgʻrisida jamoatchilik va ishbilarmon doiralarni xabardor qilish choralarini koʻrish ham muhim ahamiyatga ega.

N.Norbayev
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ijtimoiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari