20:02 / 03.12.2019
3 717

Viloyatlardagi ayrim yoʻl patrul-postlar faoliyati qayta tiklandi

Viloyatlardagi ayrim yoʻl patrul-postlar faoliyati qayta tiklandi
“Fargʻona—Vodil”, “Fargʻona—Avval” yoʻllarida 2018-yil boshida tugatilgan nazorat postlari qayta tiklangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Fargʻona vodiysi yoʻllaridagi nazorat postlari qayta tiklanayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda viloyatlarning chegara hududlarida qayta tiklanayotgan «post”lar haqida maʼlumotlar tarqatilib, nima sababdan bunday ishlar amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida savollar koʻpayib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 377-son qaroriga muvofiq, respublika hududida mavjud boʻlgan 133ta yoʻl-patrul xizmati statsionar postlari va patrul-post xizmati postlaridan 74tasining faoliyati tugatilib, bugungi kunda ulardan 59tasi oʻz ishini davom ettirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, yuzaga kelgan tezkor va kriminogen vaziyatni inobatga olgan holda, oʻrnatilgan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan kelishgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan yoʻl-patrul va patrul-post xizmati postlarini vaqtincha tashkil etish va tugatish tartibi mavjud.

Yurtimizda rejalashtirilayotgan nufuzli siyosiy va bayram tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida xavfsizlikni taʼminlashni samarali tashkil etish maqsadida, ayrim hududlarda vaqtinchalik yoʻl-patrul va patrul-post xizmati postlari tashkil etilmoqda.

IIV Axborot xizmati rahbari fuqarolarimizdan ushbu xavfsizlik nuqtayi nazaridan amalga oshirilayotgan muhim vazifalarni toʻgʻri qabul qilishlarini hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli nomaqbul fikrlarni tarqatmasliklarini soʻraydi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq, mahalliy nashrlarda “Fargʻona—Vodil”, “Fargʻona—Avval” yoʻllarida 2018-yil boshida tugatilgan nazorat postlari, shuningdek, Quvasoy shahriga kirishdagi “Pakana” posti, Qoʻchqorchiga kirishdagi post, “Quvasoy—Arsif” yoʻnalishidagi “Behizor” postlari qayta tiklangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Agrar universitet bilan Salor qoʻrgʻoni oraligʻidagi post, Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidagi “Sarmijon” va “Eshonkoʻprik” postlari faoliyati 2018-yil boshida toʻxtatilgach, koʻp oʻtmay yana qayta tiklangan.

Eslatib oʻtamiz, viloyatlar chegaralaridagi nazorat postlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga 2017-yilgi murojaatnomasidan soʻng olib tashlangan edi.

“Oʻzingiz oʻylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi boʻlsa, yoʻlda 17 ta postdan oʻtadi. Fargʻona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi”, degan edi bunday postlarning “eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani”ni taʼkidlagan davlat rahbari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Viloyatlardagi ayrim yoʻl patrul-postlar faoliyati qayta tiklandi