23:35 / 03.12.2019
2 582

Nega Oʻzbekistonda nogironlar deputatlikka saylanmaydi?

Nega Oʻzbekistonda nogironlar deputatlikka saylanmaydi?
Foto: “Ctvnews.ca”
«Men XDPdan noroziligimni bemalol ayta olaman, — deydi Nogironlar jamiyatining raisi Oybek Isoqov. — 2014-yili biz bilan imzolagan memorandumga koʻra, Oliy majlis, Parlamentga nogironligi bor shaxslardan ham nomzod koʻrsatilishi koʻzda tutilgan. Lekin baxtga qarshi biz ikki nafar nomzodimizni Oliy majlisga tavsiya qilganimizda vaqtni choʻzib-choʻzib, ularni tuman kengashi roʻyxatiga qoʻshib qoʻyishgandi. Ularning yonida ishonchli vakil boʻlib men qoʻltiqtayoqda, oʻrinbosarim aravada kirib bordik.

Va ular bir ovozdan bularning oʻzi yordamga muhtojku degan gapni aytishdi. Endi ayting-chi, ziyoli va intellekti yuqori boʻlgan odamlar bizga nisbatan shunday fikr bildirib turgach, ommaning stereotipidan xafa boʻlmasak ham boʻladi. Masalan, xorijda Parlament, Oliy majlisga aravachada oʻtiradigan, ogʻir tashxis qoʻyilgan imkoniyati cheklangan shaxslar deputatlikka qoʻyilgan».

Ogʻir nogironligi boʻlgan 61 yoshli Yasuxiko Funago va 58 yoshli Eiko Kimura Yaponiya parlamenti yigʻilishida ishtirok etishdi. Ularning ikkalasi ham nogironlar aravachasida oʻtirishibdi va deyarli falaj boʻlib qolishgan. Funago va Kimura 21-iyuldagi saylovlardan keyin parlamentning yuqori palatasiga chiqishdi.

Funagoda amyotrofik lateral skleroz yoki Lou Gergig kasalligi mavjud. Kasallik 2000-yildan beri rivojlanib kelmoqda, hozir u falaj boʻlib, faqat kompyuter va yordamchining yordami bilan gaplashishi mumkin. Kimuraning esa yoshligidan falaji bor, endi u faqat oʻng qoʻlini harakatlantira oladi. Ikkalasi ham gʻildiraklardagi nogironlar aravachasining kattalashtirilgan versiyasidan foydalanadilar va ikkalasi ham yordamchilarining doimiy koʻmagiga muhtoj.

“Uzoqqa bormaylik, Qirgʻizistonda koʻzi ojiz deputat bor. Bizda esa hatto tuman kengashlarida ham nogironligi bor shaxslar deputatlikka saylanmagan. Axir nogironligi bor odamlar boshqalarga qaraganda masʼuliyatliroq va oʻzgalar dardini eshitishga, koʻmakka doimo tayyor”, deydi Oybek Isoqov.

... Mamlakatimizda 700 mingdan oshiq nogironligi bor shaxslar boʻlsa, shularning 110 ming nafarini bolalar tashkil qiladi. Ulardan 40 ming nafari ixtisoslashgan maktablarga boradi. Demak 70 minggi uyda taʼlim olishga majbur. Bir misol aytaman. Oddiy maktablarning birida fizkultura oʻqituvchisi qandaydir aybi uchun jazo sifatida nogiron bolaga dars berish uchun joʻnatiladi. Va u oʻsha bolaga ximiyadan, biologiyadan, xullas barcha fanlardan dars beradi.

Aytingchi, fizkultura oʻqituvchisi asosiy fanlardan dars bera oladimi? Fizkultura oʻqituvchisi jazolanganmish, ammo u bolaning aybi nima, imkoniyati cheklanganimi? Yana bir fakt: uyda oʻqigan bolalarning birortasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirolmaydi. Chunki ularga attestat berilmaydi, maʼlumotnoma bilan kifoyalanishadi...

Har qanday jamiyatning maʼnaviyati bolalar, qariyalar va nogironligi bor kishilarga nisbatan munosabati orqali aniqlanadi. Koʻpchilikning fikricha “nogiron” soʻzi “umidsizlik”, “umidsiz kasal” tushunchasi bilan bogʻliq. Ularni kasallik yoki imkoniyati cheklanganlik azoblamaydi. Ularni ilojsiz, koʻmaksiz qoldiradigan narsa bu — atrof-muhit, jamiyat, odamlarning loqaydligi yoki omma oʻrtasidagi stereotiplar. Nogironligi bor odamlar uchun toʻsiqsiz muhitni sizu biz yaratmasak, kim yaratadi?

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega Oʻzbekistonda nogironlar deputatlikka saylanmaydi?