12:17 / 09.12.2019
3 108

Dam olish kunlaridagi ishi uchun xodimga qancha haq to‘lanishi kerak?

Dam olish kunlaridagi ishi uchun xodimga qancha haq to‘lanishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.

Mehnat vazirligining eslatishicha, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin.
Ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mehnat kodeksining 125-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Mehnat kodeksining 130 va 132-moddalariga ko‘ra, dam olish kunlari va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob’ektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.

Ish vaqtidan tashqari ishga va dam olish kunlari nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Homilador ayollarni va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.

Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin.

Mehnat kodeksining 177-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.

Ish beruvchi xodimni ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlarga jalb etishda yuqoridagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dam olish kunlaridagi ishi uchun xodimga qancha haq to‘lanishi kerak?