17:25 / 11.12.2019
4 117

Qoraqalpog‘istonda saksovul o‘g‘rilari ekologiya va IIB xodimlariga hujum qildi

Qoraqalpog‘istonda saksovul o‘g‘rilari ekologiya va IIB xodimlariga hujum qildi
Foto: O‘zA
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumani «Qoybaq» ovul fuqarolar yig‘ini hududida saksovul o‘g‘rilari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspektorlari hamda ichki ishlar xodimlariga hujum qildi, deb xabar beradi O‘zA.

Saksovul o‘g‘rilari Beruniy tumani fuqarolari ekanligi aytilmoqda. Lekin hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati mazkur hodisa haqida batafsil ma’lumot keyinroq berilishini ta’kidladi.

«Biz navbatdagi reydga 5 kishi bo‘lib chiqqan edik. Ichki ishlar bo‘limidan ham 2 nafar xodim bor edi. Saksovul ortilgan ikkita UAZ avtomashinasining iziga tushdik. Avtomashinalarni to‘xtatish bo‘yicha belgi berdik, lekin ular bo‘ysunmay qochdi.

Ta’kidlanishicha, avtomashinalarga davlat raqamlari taqilmagan bo‘lgan. Ularni to‘xtatish uchun qisqa yo‘ldan yurib, oldini to‘smoqchi bo‘lishganida ular mashinaga kelib urilgan. So‘ng ikki mashinadan 8 nafar odam chiqib, inspektorlarga tashlangan. Natijada qonunbuzarlar voqea joyidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan», — deydi Qorao‘zak tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi 1-darajali inspektori Bahram Sapayev

Ismi-sharifi aytilishini istamagan yana bir inspektor bu kabi holatlar ko‘p sodir bo‘layotganini ma’lum qilgan.

«Hozir noqonuniy saksovul qo‘poruvchilarni hamma joyda uchratish mumkin. Ularni to‘xtatib bo‘lmayapti. Biz reydga chiqadigan bo‘lsak, transportga sarf-xarajatni o‘z yonimizdan to‘laymiz. Transport yetishmaydi. Qo‘mita bizlarga hattoki maxsus kiyim ham bergani yo‘q. ‘Formani o‘zlaringiz tiktirib oling‘, degan og‘zaki topshiriq keldi. Lekin bitta komplekt kiyimni olish uchun kamida 600 ming so‘m pul ketadi. Ya’ni maoshimizning yarmi ketib qoladi. Yana har reydga chiqqanda hamyonimizdan 300 ming so‘m xarajat qilamiz», — deydi inspektor.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, yangi yildan boshlab inspektorlar transport va maxsus kiyimlar bilan ta’minlanadi.

Qorao‘zak tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Quat Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra 8 dekabr kuni soat 02:30 lar atrofida «Qoybaq» OFY hududida davlat belgisi 95 948 AA bo‘lgan saksovul ortgan UAZ avtomobili to‘xtatilgan. Beruniy tumani «Shimom» OFY fuqarolari bo‘lgan J.M. va Q.A. tomonidan tabiatga keltirilgan zararning umumiy bahosi 5 million 600 ming so‘m deb topilgan.

Noqonuniy olib ketilayotgan saksovullar xayriya maqsadida Qorao‘zak tumani «Madeniyat» OFY hududidagi gaz yetib bormagan 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga topshirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoraqalpog‘istonda saksovul o‘g‘rilari ekologiya va IIB xodimlariga hujum qildi