21:53 / 04.01.2020
3 745

Adliya vazirligi: munosib maosh korrupsiyaga qarshi samarali vositadir

Adliya vazirligi: munosib maosh korrupsiyaga qarshi samarali vositadir
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 3 yanvar kuni «Umid Reunion 2.020» xalqaro konferensiyasida «Hozir maoshlarimiz qanchaligini yashirishga hojat yo‘q, hammasi shaffof. Masalan, Adliya vazirligidagi boshqarma boshliqlari [mukofot pullari va boshqa to‘lovlar bilan birga] kamida 15-16 million so‘m oylik maosh olishmoqda» degan ma’lumotni bergan.

Adliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining maoshlarini ochiqlashdan maqsad xalqaro miqyosdagi konferensiya minbaridan turib xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik kadrlarni o‘z yurtimizga chorlash va ular uchun davlat rahbariyati tomonidan yetarli sharoitlar yaratilganini ta’kidlashdan iborat edi.

Adliya vazirligi ushbu ma’lumotni yanada oydinlashtirish uchun quyidagilarni ma’lum qiladi.

Birinchidan, Adliya vazirligida boshqarma boshliqlari haqiqatan ham 2019 yil davomida olgan barcha mablag‘larining umumiy summasi 12 ga bo‘linganda 15-16 million so‘m atrofidagi summa kelib chiqadi.
Bunda olingan mablag‘ tarkibi quyidagilardan tashkil topgan:
- yagona tarif setkasi bo‘yicha maosh;
- maoshga ustamalar – martaba darajasi uchun ustama, ko‘p yil ishlagani uchun ustama, shaxsiy ustama, davlat xizmatchisi sifatida belgilangan ustama;
- Bayramlar (Yangi yil, Xotin qizlar kuni (faqat ayollarga), Navro‘z, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Ro‘za hayit, Qurbon hayit) va har yarim yillik yakuni uchun mukofotlar;
- bir yilda bir marta ikki oylik ish haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam;
- yillik mehnat ta’tili uchun to‘lanadigan mablag‘;
- ovqatlanish va yo‘l haqi uchun kompensatsiya.

Ikkinchidan, Adliya vazirligida bu kabi oylik ish haqi belgilanishining asosiy sababi tizimga eng malakali xodimlarni jalb qilish hisoblanadi. Xususiy sektorda yaxshi malakali huquqshunoslar bir oyda 15 -30 mln so‘mgacha mablag‘ topishadi. Boshqa tashkilotlar ham malakali huquqshunosga katta mablag‘ ajratishga tayyor.

2017 yil va 2018 yilning 1-choragida oylik ish haqi kamligi tufayli vazirlik tizimidan jami 1280 nafar xodim boshqa tashkilotlar, jumladan xususiy sektorga ishga o‘tib ketgan. Xodimlarning ommaviy ravishda boshqa tashkilotlarga o‘tib ketishi tizimda vakansiyalar soni bo‘yicha achinarli raqamlarni keltirib chiqardi.

Uchinchidan, ma’lumki, Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini yuritadi. Bundan tashqari, xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish ham vazirlik zimmasida. Bu esa tizimda eng malakali huquqshunoslarning ishlashini talab etadi.

Shu sababli ham bu borada kiritilgan taklif qo‘llab-quvvatlanib, 2018 yil 13 apreldagi Prezident qarori bilan quyidagilar belgilangan:
- adliya organlari xodimlarining ko‘p yillik xizmatlari uchun ustamalar va martaba darajalari uchun qo‘shimchalar miqdorlarini prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan miqdorlarga tenglashtirish;
- adliya organlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorda qo‘llanilishi;
- adliya organlari va muassasalarining martaba darajalariga ega bo‘lgan Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga, hududiy boshqarmalar boshliqlariga lavozim maoshiga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanishi.

To‘rtinchidan, korrupsiya darajasi islohotlar samaradorligiga ta’sir qiluvchi jiddiy xavf hisoblanadi. Bunda ko‘p masala davlat tashkilotlaridagi xizmatchilarga kelib taqaladi.
Xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimi yaratilganligi vazirlikda korrupsiyaviy xatarni minimumga tushirdi.

Shu o‘rinda vazirlik xodimlarga qancha maosh to‘lanishini doimo oshkor qilib kelganini, tizimdagi vakansiyalarni to‘ldirish tanlov asosida bo‘layotganligini eslatib o‘tamiz.
Bu haqdagi e’lonlar bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin.

1. https://t.me/huquqiyaxborot/1842
2. https://www.minjust.uz/uz/about/jobs/

Bundan tashqari, bu kabi oylik to‘lanayotgan boshqarma boshliqlaridan talab ham shunga yarasha bo‘lmoqda. Vazirlikda xodimlar faoliyati integratsiyalashgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi: munosib maosh korrupsiyaga qarshi samarali vositadir