12:50 / 15.01.2020
4 122

Xalqimiz qanaqa go‘sht yemoqda?

Xalqimiz qanaqa go‘sht yemoqda?
Kimligi esimda yo‘q, go‘shtni ko‘p yeymiz, deb ko‘plab tanqidlarga uchradi. Ha, aynan “go‘shtni ko‘p yeydigan xalq” qanaqangi go‘sht yemoqda — halolmi yoki harom? Halol sertifikatlimi yoki yo‘q? “Bismillah” deb so‘yilganmi?

Bugun yurtimiz aholisiga halol sertifikat nihoyatda muhim. Chunki bu yurtda turli millat va elat, har xil din vakillari yashaydi. Musulmonlarga shar’iy halol yo‘l bilan so‘yilgan pok hayvonlar go‘shtini yemoq farzdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda: "Ey imon keltirganlar! Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklaridan yenglar va Allohga shukr qilinglar, agar Ungagina ibodat qiladigan bo‘lsalaringiz. Albatta U Zot sizlarga o‘limtikni, qonni, cho‘chqa go‘shtini va Allohdan boshqaga atab so‘yilgan narsalarni harom qildi. Kimki maza talab qiluvchi va haddan oshuvchi bo‘lmagan holda majbur bo‘lib qolsa, unga gunoh yo‘q. Albatta, Alloh mag‘firatli, rahimlidir”. (Baqara surasi, 172-173 oyat)

Mo‘min och qolsa ham harom go‘shtni yemaydi. Go‘shtni o‘rnini bosadigan boshqa narsalarni yeydiki, farzandining luqmasini harom bo‘lishidan ochlikni afzal biladi. Chunki uning iymoni bor, Alloh taologa itoati bor. Haqiqiy mo‘min halol go‘shtni qidirib topib yeydi.

Sobiq sho‘rolar davrida odamlarning ongini buzish, shariatdan uzoq qilish maqsadida bismillahsiz go‘shtlarni yedirishga urinishlar bo‘ldi. Chala so‘yilgan parrandalar sotildi. Ishonsangiz, o‘zi o‘lgan mollarni oshxonalarga arzon garovga sotadiganlar bo‘lardi. O‘sha go‘shtlarni oshpazlar ko‘rib bilib xalqqa yedirganlari ham bo‘lgan. Chunki xudoni bilmaydigan nafs quli bo‘lgan oshpazning foyda qilsa bo‘ldi edi.

Ammo halol-haromni ajratadigan mo‘minlar bolalarini unday go‘shtlarga yaqinlashtirishmasdi. Ayniqsa, qishloq joylarda e’tibor katta edi. Mish-mishlarga qaraganda bugun ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar turli g‘ayri din va mushriklar yurtidan go‘shtlarni olib kelib sotishmoqda ekan. Qazilarga mushriklar ichagidan foydalanayotgan emish. U go‘shtlar ichida o‘zi o‘lgan mollarning go‘shtlari ham bor emish. Bu go‘shtlarni ommatan xalqqa yedirishga, ayniqsa, arzon narsaga o‘ch odamlarga tiqishtirayotgan emish.

Biz go‘shtlarning keltirilishiga qarshi emasmiz. Faqat bu go‘sht falon davlatniki, qazi falon yurtdan keltirilgan ichakka solingan, deb yozib qo‘ysin. Boshqa go‘shtlarni Islom asoslariga binoan so‘yilgan halol sertifikatli go‘sht deb sotishsin. Odamlar nima yeyatganini bilsin. Bugun eshitishimizcha, ba’zi oshxonalar arzon go‘shtlardan foydalanib, harom go‘shtlarni halol deb sotmoqda. Somsa va gummaxonalar ham turli hayvonlarning ichki a’zolarini aralashtirib sotmoqda.

Bu ishlarga chek qo‘yish kerak.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: o‘zbekistonlik ahli ilm, ulamolar qayerda?! Ular nega bu masalaga kelganda jim?! Nega juma ma’ruzalarida tushuntirishmaydi? Halqumi buzilgan, halol-haromning farqiga bormaydigan avloddan nima yaxshilik kutish mumkin? Alloh taoloning oldida o‘z javobgarligimizni nega his qilmaymiz? Barcha davlatda bor bo‘lgan ishonchli halol sertifikati nega bizda yo‘q? Harom go‘shtlar bilan bolalarimizning kasal bo‘lishi, turli yuqumli kasalliklar tarqashiga nega bee’tibormiz? Harom go‘sht orqali boy bo‘layotganlar kimsalar savol-javob, Alloh taoloning azobidan qo‘rqmaydimi?

Ey, musulmonlar! To‘g‘ri kelgan yerda ovqatlanmang, harom va shubhali joylardan qoching!
Ey, ahli ilmlar!
Xalqqa halol-harom to‘g‘risida ko‘p tushuncha bering. Qiyomatda yoqangizdan tutadiganlarni ko‘z oldingizga keltiring. Men bu masalani shu yurtni sevganim, xalqimni yaxshi ko‘rganim, bolalarimizni baxtli bo‘lishini xohlaganim uchun yozdim.

Men ham indamasam bo‘ladi, ammo ertangi kun so‘roq-javobidan qo‘rqqaman.
Shu yurt insonlarining sog‘-salomat yurishlarini xohlaganim uchun yozdim. luqmamiz, hayotimiz, topganimiz halol bo‘lsin.

Shermurod Tog‘ay

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xalqimiz qanaqa go‘sht yemoqda?