18:04 / 18.01.2020
2 725

Xususiy notarial idoralar faoliyatiga ruxsat berilishi qonun bilan mustahkamlandi

Xususiy notarial idoralar faoliyatiga ruxsat berilishi qonun bilan mustahkamlandi
2020 yil 14 yanvar kuni “Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga
o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezidentimiz tomonidan imzolandi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Garov to‘g‘risida”gi, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi, “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ayniqsa, ular orasida “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar alohida e’tiborga sazovor, chunki kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra ilk bora qonun darajasida xususiy notariuslar faoliyatiga oid normalar mustahkamlb qo‘yildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar qonun hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari bilan bir qatorda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Notarius bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi necha yosh?
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq notarius bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yosh etib belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan e’tiboran besh yil o‘tmagan bo‘lsa, olti oy muddat stajirovka o‘tagan holda soddalashtirilgan tartibda notarius bo‘lishlari mumkin bo‘ldi.

Notarius yordamchi va stajordan tashqari notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xodimlarga ega bo‘lishi mumkinligi qonunan mustahkamlandi.
Shuningdek, Qonun:
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslarning davlat notarial idorasi yoki xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, teng huquqlarga egaligi va bir xil majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi;
  • davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi normalar bilan to‘ldirildi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati qanday amalga oshiriladi?
Xususiy notarial faoliyatni amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi.
Litsenziya Oliy malaka komissiyasining notariuslik vakolatlarini berish bo‘yicha malaka imtihoni yakunlari yuzasidan chiqariladigan qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.

Xususiy notarius maqomiga ega bo‘lishga talabgorlar litsenziya olish uchun malaka imtihonini topshiradilar.
Shu bilan birga, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish asoslari belgilangan normalar Qonunda o‘z ifodasini topdi.
Bundan tashqari xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda notariusning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomasini tuzishi shart hisoblanadi.

Ushbu holatda sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi quyidagi eng kam miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas:
- Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning ma’muriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan;
- boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan.

Ushbu qoida notarial harakatlarning noto‘g‘ri amalga oshirilishi tufayli fuqarolarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga va ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar nimalarga haqli?
“Notariat to‘g‘risida”gi Qonun xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatiga doir 8-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra bunday notariuslar:
- yuridik shaxs tashkil etmagan holda o‘z idorasiga ega bo‘lishga;
- bank hisobvarag‘i va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga;
- mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishga;
- majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga;
- xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga;
- sudda o‘z nomidan ishtirok etishga va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini tuzmasdan turib o‘z faoliyatini amalga oshirishga ham haqli emas.

Notarial palataning vakolatlari belgilandi
Endilikda Qonunda Notarial palataning maqomi ifodasini topdi.
Qonunning yangi kiritilgan 22-6-moddasiga ko‘ra notarial palataning konferensiyasi palataning yuqori organi bo‘lib, zaruratga ko‘ra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.
22-7-moddaga muvofiq esa xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etiladi.

Shuningdek, Notarial palata xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati ustidan monitoringni amalga oshiradi.
Notarial palataning hududiy boshqarmalari xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius yordamchisini ishga qabul qilishda ishtirok etadi, ya’ni ular Palata tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda uni tavsiya qilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius stajorini ishga qabul qilish ham Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan ushbu boshqarma tomonidan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, xususiy notariuslar tomonidan notarius stajorini ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi.
Bundan tashqari Oliy malaka komissiyasi tarkibiga Notarial palata vakillari kiritiladi.

Notariuslar yangi notarial harakatlarni amalga oshiradi
Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra notariuslar tomonidan quyidagi yangi notarial harakatlarni amalga oshiradi:
- mediator vazifasini bajarish;
- dalillarni ta’minlash;
- mualliflik va turdosh huquq ob’ekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash;
- elektron hujjatning qog‘oz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlash.
Mazkur harakatlarning amalga oshirilishi fuqarolar va tadbirkorlarimizga ko‘plab qulayliklar yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, Qonun bilan notariat sohasidagi bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi, shu jumladan, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilishi mamlakatimiz notariat tizimida tub burilish yasaydi.
Notarial xizmatlardan foydalanish bo‘yicha fuqarolarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, uning ishonchli va kafolatlangan bo‘lishini ta’minlaydi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xususiy notarial idoralar faoliyatiga ruxsat berilishi qonun bilan mustahkamlandi