10:07 / 29.01.2020
3 817

Agar “bodikamera”lar bo‘lmaganida...

Agar “bodikamera”lar bo‘lmaganida...
Navoiy viloyatida o‘n nafar haydovchining IIB YHXB inspektorlari harakatidan norozi bo‘lib yozgan shikoyatlari “bodi kamera”lar yordamida asossiz ekanligi tasdiqlandi.

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi asosida Navoiy viloyat IIB YHXB xodimlari ham 185 dona maxsus kamera bilan ta’minlanib, inspektorlar o‘z faoliyatida samarali foydalanishmoqda.

Yil boshidan buyon yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan 9 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Chunonchi, Navoiy shahri hududida xizmat o‘tayotgan YPX inspektori haydovchi Sh. S.ni svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida chorrahadan o‘tib kelganligi sababli to‘xtatadi.

Haydovchi shoshib turganligi uchun mazkur qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganligini aytib, kechirim so‘raydi va bayonnomaga yengilroq qoidabuzarlik yozishini so‘raydi. Inspektor bunday qila olmasligini, qanday qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, aynan shu bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilishini aytib, rasmiylashtiradi. Bundan norozi bo‘lgan haydovchi inspektor ustidan shikoyat qiladi. “Bodi kamera”dagi tasvirlar esa holatga oydinlik kiritib, inspektorning haqligini isbotladi.

– “Bodi kamera”lar ishga tushganidan buyon boshqarmamizga 10 ga yaqin xuddi shunday muammoli holatlar bo‘yicha arizalar kelib tushdi, – deydi viloyati IIB YHXB katta inspektori Farruh Yakubov. – Endi nohaq va tuhmat ko‘rinishida murojaat qiluvchi fuqarolar shikoyat qilishdan oldin chuqurroq o‘ylab ko‘rishlari lozim. Aks holda tuhmat uchun ham qonunda belgilangan tartibda javob berishlariga to‘g‘ri keladi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, “bodi kamera”lar ishga tushganidan buyon inspektorlar harakatidan norozi bo‘lib shikoyat qilish holatlari ham sezilarli darajada kamaydi. Shuningdek, shikoyatlarni o‘rganishga sarflanadigan vaqt va unga jalb etiladigan mutaxassislar ham kamayganligini qayd etmoq lozim.

Temur ESHBOYEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Agar “bodikamera”lar bo‘lmaganida...