18:26 / 01.02.2020
4 120

Pensiya yoshining uzaytirilishi yuz minglab ishsiz yoshlar «armiyasi»ni paydo qiladi

Pensiya yoshining uzaytirilishi yuz minglab ishsiz yoshlar «armiyasi»ni paydo qiladi
Ishsizlik yoshlarning sinishiga va o‘zi istamagan boshqa yo‘lni tanlashiga sabab bo‘ladi. Alam qiladigani esa uning bu ahvolga tushishiga ish joyi tayin, umrini yaxshi yashab o‘tkazayotgan «qariyalar» zamin yaratib bersa. Bundan battari bo‘lmasa kerak.

Pensiya jamg‘armasi mas’ullarining «innovatsion» hisob-kitoblari asosida ishlab chiqayotgan konsepsiyasi doirasida pensiya yoshini oshirish bo‘yicha ommaga singdirayotgan g‘oyasini ko‘rib odam shunday xulosaga kelayapti: yoshini yashab bo‘lgan qariyalar yoshlarni ishsiz qoldirmoqchi!
Amalda hozir erkaklar uchun pensiya yoshi 60, ayollar uchun 55 yoshni tashkil etadi. Endi buni erkaklarga 62 yosh, ayollarga 58 yosh qilishmoqchi.

Agar pensiya yoshini bir yoshga oshirsak bu o‘rtacha bir yilda pensionerlar hisobiga bo‘shashi mumkin bo‘lgan 200 mingdan 250 mingtagacha ish o‘rnining bo‘shamasligi va mehnat bozoriga kirib kelgan yoshlarning unga egalik qila olmasligiga sabab bo‘larkan. Bir yilda mamlakatimiz mehnat bozoriga o‘rtacha 600 ming yoshlar kirib kelayotganini hisobga olsak, ish o‘rni bo‘shamasligi oqibatida bir necha yilda qancha yuz minglab yoshlardan iborat qo‘shimcha ishsizlar «armiyasi» paydo bo‘ladi? Ular nima qiladi, omadi kelgani biznesga, omadi kelmagani esa o‘zini chetga urishi aniq. Qariyalarni tinmay ishlatishni o‘ylayotgan mutaxassislarimiz masalaning bu tomoniga e’tibor bermagan ko‘rinadi.

Eng qizig‘i bizning janob Pensiya jamg‘armasi mas’ullari berayotgan bayonotlarida ishonchlarining yuqoriligidan, ular allaqachon parlament roziligisiz ham pensiya yoshini oshirish masalasini hal etib qo‘yishgan ko‘rinadi. Ular Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq, qonunlarni, shu jumladan pensiya yoshini o‘zgartirishni qabul qilish vakolati parlamentda ekanligini yo bilishmaydi yo pisand qilmoqchi emasdek. Aslida bu ularning taklifi xolos-ku. Parlament buni qabul qilmasligi mumkin.

Hech bo‘lmasa «biz pensiya yoshini o‘zgartirishni taklif qilayapmiz» desa ham mayli edi. Har qalay yakuniy qarorni qabul qilish xalqning oliy vakillik organi bo‘lgan parlamentning ishi ekanligini anglatardi. Biroq davlat rahbari darajasida hukumatning parlament oldidagi hisobdorligini oshirish, parlamentni «xalq uyi»ga aylantirish vazifasi qo‘yilgan bir vaqtda bunday bayonotlar hali ham kuchning bir vektorda yig‘ilib qolganidan havolanib yurgan Pensiya jamg‘armasi kabilarning parlament, xalq bilan hisoblashishga xohishi yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Biroq shuni unutmangki, toki qishloqlarda pensiya yoshiga yetib borishini kutayotgan qariyalar, ishga joylashishni orzu qilayotgan yuz minglab yoshlarning roziligi olinmaguncha, ko‘rishga ko‘z otishga o‘qingiz yo‘q deputatlarning tasdig‘idan o‘tmaguncha pensiya yoshini o‘zgartirishni borib suvga ayting. Siz qariyalar va yoshlarni o‘ylamasangiz, biz o‘ylaymiz. Chunki ular bizga ishongan, bizga ovoz bergan.

So‘zim so‘nggida pensionerlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilishni dasturlariga kiritib, va’da bergan partiyalar vakillariga ham masalaga befarq bo‘lmasliklarini so‘rardim.

Rasul Kusherbayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pensiya yoshining uzaytirilishi yuz minglab ishsiz yoshlar «armiyasi»ni paydo qiladi