09:18 / 10.02.2020
3 097

Vazir o‘rinbosari: «Talabalar 771 ming so‘mgacha stipendiya olishi mumkin»

Vazir o‘rinbosari: «Talabalar 771 ming so‘mgacha stipendiya olishi mumkin»
Foto: AOKA
O‘zbekistondagi barcha OTMda 2020 yil 1 fevraldan boshlab Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va shu orqali iqtidorli, faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi. Bu haqda 7 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, har bir oliy o‘quv yurtida Stipendiya komissiyasi tuzilib, unga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raislik qiladi. Komissiya a’zolari esa dekan, o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi va Talabalar kengashi vakillaridan iborat bo‘ladi. Rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashda vakillik huquqi shu komissiyaga berilyapti.

«Joriy yilning 1 fevralidan boshlab, hamma talabalar uchun stipendiya miqdori 428 ming so‘m etib belgilandi. Endilikda talaba semestrni ‘5’ bahoga yopsa (reyting ko‘rsatkichi – 86 ball va undan yuqori), unga OTM hisobidan stipendiya bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida hech qanday hujjatlarsiz avtomatik tarzda rag‘batlantirish mablag‘i beriladi.

Shuningdek, Talabalar kengashi va Stipendiya komissiyasi xulosasiga ko‘ra, Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi tomonidan iqtidorli, jamoat ishlarida faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga belgilangan stipendiyaga nisbatan qo‘shimcha 50 foiz miqdorida rag‘batlantirish puli to‘lanadi.

Bu tartib budjet va to‘lov-kontraktning qanday ko‘rinishida o‘qishidan qat’i nazar, barcha yigit-qizlarga taalluqli ekanligini alohida ta’kidlash lozim.

Shu o‘rinda hisob-kitob qilsak, talaba iqtidorli va ‘besh’chi bo‘lsa, bir oyda 771 ming so‘mgacha stipendiya olishi mumkin. Buni shunday tahlil etamiz: talaba smestrni ‘5’ baho bilan yakunlasa, 428 ming so‘m stipendiyasiga 20 foiz, ya’ni 85 ming 600 so‘m qo‘shiladi. Natijada, uning stipendiyasi 513 ming 600 so‘m bo‘ladi. Agar u iqtidorli, jamoat ishlarida faol yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj hisoblansa, 513 ming 600 so‘mga qo‘shimcha 50 foiz – 256 ming 800 so‘m so‘m pul to‘lanadi. Shu tariqa talaba 771 ming so‘m miqdorda stipendiya oladi.

Bundan tashqari, talaba ‘besh’chi bo‘lmasa-yu, ammo iqtidorli, jamoat ishlarida faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lsa, u 428 ming so‘m stipendiyasiga qo‘shimcha 50 foiz – 214 ming so‘m pul oladi», — dedi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov.

«Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, 2020 yil 1 fevralidan o‘quv smestri yakuni bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan yuqori qismi qoniqarli, deb topilgan budjet asosida o‘qiyotgan talabalarga stipendiya tayinlanmaydi.

Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan nomli davlat stipendiyalari sohiblari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum etilgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovi davlat budjeti hisobidan to‘lanadi. Shu tariqa ular stipendiyasiz kontrakt to‘lovini amalga oshiradi.

Vazirlik rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga alohida iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblariga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam puli beriladi. Mazkur tartib oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga ham joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vazir o‘rinbosari: «Talabalar 771 ming so‘mgacha stipendiya olishi mumkin»