10:16 / 11.02.2020
4 905

Organ xodimlariga qarshi «ov». MXX tomonidan qamoqqa olingan podpolkovnik oqlandi

Organ xodimlariga qarshi «ov». MXX tomonidan qamoqqa olingan podpolkovnik oqlandi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Narkotik va giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘limida yigirma yildan ortiq vaqt davomida halol xizmat qilib kelgan, ko‘plab jinoyatlarni fosh qilgan podpolkovnik Xurshid Shukurov Milliy xavfsizlik xizmati xodimining buyrug‘ini bajarmagani uchun qilmagan aybiga iqror bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA.

O‘sha yillar o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan organ xodimlariga qarshi «ov» ketayotgan edi. MXX xodimlarining aksariyati o‘z vakolatlarini unutib qo‘ygandi. MXXning ayrim xodimlari har qanday oddiy masalani ham milliy xavfsizlikka tahdid, deb baholab, ko‘plab adolatsizliklarga yo‘l qo‘ygan, gunohsiz huquq-tartibot vakillariga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan hamda qamagan.

Podpolkovnik Xurshid Shukurov boshidan o‘tganlarini so‘zlab berdi:
– 2012 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Narkotik va giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i lavozimida xizmat qilar edim, – dedi podpolkovnik X.Shukurov. – Bir kuni Toshkent shahar Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasida faoliyat olib borayotgan X.Jo‘rayev xizmat xonamga kelib qo‘limga bir ro‘yxat tutqazdi. Ro‘yxatda 5-6 kishining ism-familiyasi yozilgan edi. U ro‘yxatdagilarni giyohvand modda bilan ushlab, tuhmat qilib qamashim kerakligini aytdi. Undan ro‘yxatdagilar narkotik moddalarga aloqasi bormi yoki yo‘qmi, deb so‘radim. U «Buyog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin. Siz ro‘yxatdagilarni tergovgacha olib kelib bersangiz bo‘ldi. Sud, prokuratura bilan o‘zimiz kelishib olamiz» deb aytdi. Men rozi bo‘lmadim.

Oradan bir oy o‘tmasdan 2012 yil 18 yanvar kuni ertalab ishxonamga borsam X.Jo‘rayev, I.Goreyev va bir necha MXX xodimlari meni kutib turgan ekan. Ular meni oq rangli «Neksiya» avtomashinasiga o‘tqizib, Toshkent shahar Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasiga olib bordi. Binoning uchinchi qavatiga olib chiqishi bilan «Senlar poraxo‘rsan» deb kamsitib, ruhiy tazyiq o‘tkazdi. Qo‘llarimni qarama-qarshi tomonga tortib kishanlab, 9 soat shu holatda qoldirdi.

Nega olib ketishgani va qanday asosga ko‘ra so‘roq qilishayotganimni ham bilmas edim. Qon bosimim ko‘tarilib ketdi. Dori so‘radim, berishmadi. O‘sha kuni kechqurun 23:00 lar atrofida X.Jo‘rayev yana oldimga kirib keldi.

«Oldingizda ikkita variant bor: Jinoyat kodeksining 210-moddasi, ya’ni pora olganingizni bo‘yningizga olasiz. Aks holda uyingizga, xizmat avtomashinangizga yoki xizmat xonangizga 1 kg giyohvandlik vositasini tashlaymiz, shu bilan qamalib ketasiz».

Narkotik moddalar bilan shug‘ullanganlar, iste’mol qilganlarni fosh etishda xalqimiz asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, narkotik moddalar bilan savdo qilganlarni kimdir ko‘rib, kimdir eshitib ichki ishlar xodimlariga xabar beradi. X.Jo‘rayev ana shunday manbalardan bir nechtasini X.Shukurovga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilgan. Oqibatda X.Shukurov ikki yo‘ldan birini tanlashga majbur bo‘lgan.

– Men Jinoyat kodeksining 210-moddasini bo‘ynimga olib, falonchidan 300 ming so‘m pora oldim, deb yozib berdim, – dedi X.Shukurov. – Shundan so‘ng qiynoqlar, ruhiy tazyiqlar to‘xtatildi. O‘sha tunning o‘zida Toshkent shahar prokuraturasiga jo‘natdi. 2012 yil 21 yanvar kuni xalq orasida «Toshturma» deb ataladigan 1-sonli Toshkent tergov izolyatoriga olib bordi. U yerda ham turli ruhiy va jismoniy bosimlar bo‘ldi. «Toshturma»ning 4-korpus yerto‘lasida 5,5 oy azob chekdim. Menga qarshi ko‘rsatma berganlar bilan yuzlashtirishmadi.

X.Shukurov 2012 yil 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi ikkinchi qismi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo muddatini Toshkent viloyati Bekobod shahridagi UYA64/21 jazoni ijro etish muassasasida o‘tadi.

U tuhmat bilan qamalib, sog‘lig‘idan ayrildi. Otasini oxirgi manzilga kuzatish hamda o‘z qo‘llari bilan tuproqqa qo‘yish nasib etmadi, tug‘ilgan nabiralarini suyib bag‘riga bosolmadi, bobolik nashidasini surish o‘rniga jazo muddatini o‘tadi. Balog‘at yoshidagi o‘g‘li turli yomon yo‘llarga kirib ketmasligini o‘ylab siqildi. O‘g‘lini do‘stlari «otang pora olib qamalgan» deb safiga qo‘shmasligini, ro‘zg‘oridagi kam-ko‘stlar turmush o‘rtog‘iga qiyinchilik tug‘dirayotganini bilar va qattiq azoblanardi. Farzandlari sog‘inchida tunlari uxlolmadi. Uzun zulmat tunlarni tongga ulab, panjara ortidan quyosh nurlarini qarshi olardi.

Davlatimiz rahbarining insonparvarlik islohotlari natijasida huquq-tartibot organlarining faoliyati qayta ko‘rib chiqildi.

Prezidentimizning mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni ochib tashlab, prokuratura, sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish sohasida boshlagan islohotlari tufayli ko‘plab nohaq qamalgan mahkumlarning jinoiy ishlari qaytadan ko‘rib chiqilib, adolat tiklanmoqda.

O‘tgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019 yilning o‘zida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 2019 yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo‘lsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va o‘zgartirildi.

X.Shukurov 2018 yil kassatsiya shikoyati yozib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga murojaat qildi. Nihoyat 2018 yil 20 fevral kuni adolat qaror topdi.

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya hay’ati sudyalari B.Alimov, Z.Nurmatov va M.Turg‘unovalar arizamni qaytadan o‘rganib chiqib, menga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz, deb topdi. Menga qarshi ko‘rgazma bergan guvohlar chaqirilib, qaytadan so‘roq qilindi. Guvohlar avvalgi ko‘rsatmasini tasdiqlamasligini, o‘shanda ularni MXX xodimlari 15 sutkaga qamab qo‘yib, menga qarshi majburan ko‘rsatma olganligini aytdi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasi ikkinchi qismi bilan oqlandim. O‘sha onda xayolimdan o‘tganlarini so‘z bilan ifodalab berolmayman.

Mamlakatimiz sud tizimida adolat o‘rnatib, inson huquqlarini tiklayotgan Prezidentimizdan juda minnatdorman. Prezidentimizning siyosiy irodasi, huquq-tartibot tizimida olib borayotgan islohotlari sabab ko‘plab mahkumlar qatorida men ham oqlandim. Oila a’zolarim, mahalla-ko‘y, xizmatdoshlarim orasida yuzim yorug‘ bo‘ldi. Xizmatga qayta tiklanishimda yordam bergan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyatiga o‘zim va oila a’zolarim nomidan chuqur minnatdorligimizni bildiraman. Hozirda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimida xizmatimni davom ettirayapman, unvonim ham qayta tiklandi, – degan u quvonib.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan X.Shukurovga yetkazilgan ma’naviy zarar va ish stajini tiklash haqidagi hal qiluv qarori chiqarildi. Qarorga muvofiq X.Shukurovning ish staji tiklanishi, ma’naviy zararni qoplash maqsadida pul to‘lab berilishi choralari ko‘riladi.

Adolat-ku o‘rnatilibdi. Ammo X.Shukurovga nisbatan tuhmat uyushtirib, unga azob berganlar-chi? Ular qayerda? Aybsizlarni ham jismonan, ham ruhan qiynab bu ham yetmagandek qamatib yuborganlar o‘z jazosini oldimi?

X.Shukurovning aytishicha, unga tuhmat qilgan MXX xodimlari X.Jo‘rayev, I.Goreyev va boshqalarning keyingi hayoti haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. O‘ylaymizki, qaysi tizimda, qanday lavozimda ishlagan yoki ishlayotgan bo‘lishidan qat’i nazar Prezident siyosatiga qarshi chiqib, ko‘plab halol insonlarning ustidan noqonuniy «hukm» chiqargan amaldorlar qonunda belgilangan jazosini oladi.

Joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasiga alohida urg‘u berib, «Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutug‘imizdir. Men, Prezident sifatida, sudyalarning bunday jasorati va qat’iyatini bundan keyin ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e’tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo‘lgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko‘ndalang qo‘yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi» degan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Organ xodimlariga qarshi «ov». MXX tomonidan qamoqqa olingan podpolkovnik oqlandi