13:20 / 11.02.2020
3 609

«O‘zarxiv» va DXX hamkorligida maxfiy arxiv hujjatlarining ayrimlari oshkor qilinadi

«O‘zarxiv» va DXX hamkorligida maxfiy arxiv hujjatlarining ayrimlari oshkor qilinadi
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Davlat arxivlarida saqlanayotgan 1917 yilgacha bo‘lgan tarixiy davr arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu borada davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur jarayonda tarixchi va huquqshunoslardan iborat ekspertlar guruhi tuzilib, har bir hujjat atroflicha o‘rganiladi va siyosiy maqomga ega bo‘lmaganlari ochiqlanadi. Ushbu dasturga II jahon urushi yillari (1939—1945 yillar) ham kiritilgan. Bu haqda 10 fevral kuni AOKAda «O‘zarxiv» agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Daryo».

«Shu kunlarda agentlik tomonidan fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlashda ish haqi va ish staji to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini olish bo‘yicha yagona axborot tizimi yaratilmoqda. Shuningdek, davlat arxivlariga ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarni yuborish va ularning javoblarini olish bilan endilikda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman, shahar bo‘linmalari shug‘ullanadi. Fuqarolarga davlat arxivlaridan ma’lumotnoma olib kelish talabini qo‘yish bekor qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Natijada, aholining ko‘p vaqt sarflab, sarson bo‘lishiga chek qo‘yiladi va qator qulayliklar yaratiladi», – dedi «O‘zarxiv» agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov.

Tadbirda qayd etilishicha, agentlik Rossiya, Qozog‘iston, Misr, Ukraina, Koreya, BAA, Turkiya va Vengriya bilan arxiv ishi sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolagan. Bundan tashqari, AQSHning Xolokost Memorial kengashi va uning muzeyi bilan doimiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. 2019 yilda O‘zbekiston Milliy arxivi o‘quv zalida 16 nafar xorijlik tadqiqotchiga xizmat ko‘rsatilgan. 22 nafar soha xodimi xorijda tashkil qilingan konferensiya va seminarlarda qatnashgan. Turkiyadan O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlarning 100 dan ziyod nusxalari olib kelingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zarxiv» va DXX hamkorligida maxfiy arxiv hujjatlarining ayrimlari oshkor qilinadi