23:43 / 14.02.2020
3 415

Bolalarga qo‘l ko‘tarmaslik uchun 3 sabab

Bolalarga qo‘l ko‘tarmaslik uchun 3 sabab
Tasavvur qiling, siz bexosdan yoki bilimsizligingiz sababli xatoga yo‘l qo‘ydingiz. Sizdan ikki-uch barobar katta va kuchli inson sizga baqirib, kaltakladi. Tanangizdagi og‘riq-ku mayliga, lekin u inson sizga eng yaqinligini va hayotini sizga bag‘ishlaganini davo qiladi. Haqiqatdan ham siz uni yaxshi ko‘rishda davom etaverasiz.

Tarbiya jarayonida bolalarni kaltaklash bizda qadimdan bor. Yashirib nima qildik, deyarli hammamiz ham yoshligimizda, hech bo‘lmasa bir-ikki marotaba kaltaklanganmiz. Kaltaklar bizni tarbiyaliroq qildimi? Yo‘qmi? Buni aniq bilmaymiz.

Qo‘l ko‘tarishning bir qancha zararli asoratlari bor. Keling, ulardan 3 ta asosiylarini ko‘rib chiqamiz.

1. Kaltaklangan bolalar aqliy va jismoniy rivojlanishi sekinlashadi. Yoshligida ko‘p kaltaklangan 18-25 yoshli odamlar miyasi tekshirilganda, ularning miyasida kulrang modda kam ekani aniqlangan (bu modda miyaning aqliy faoliyatiga javob beradi). Undan tashqari ko‘p kaltaklangan bolalar agressivligi va narkotik moddalar iste’mol qilishga moyilligi bilan ajralib turadi.

2. Kaltaklash ota-ona va bola o‘rtasidagi yaqin munosabatni buzadi. Kichkintoy tanasiga yetkazilgan jarohatga qaramay ota-onasini yaxshi ko‘rishda davom etaveradi, lekin u oila kattalariga suyana olmay qoladi. Qo‘rqinch sababli ayb va muammolarini yashiradi. Ularni yaxshi ko‘rishiga qaramay, o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Oila, uy ular uchun farog‘at joyi bo‘la olmay qoladi.

3. Bola miyasida “Kuchlilar doimo haq” degan tushuncha o‘rnashib qoladi. Bu bolalar kichikligida ham, ulg‘aygach ham juda ko‘p muammolarga sabab bo‘ladi. Kichikligida unga kuchlilar tarafidan qilingan har qanday nohaqlik oddiy holdek, qarshiliksiz qabul qiladi (bu bola uchun xavfli bo‘lishi ham mumkin). Bu esa, katta bo‘lganida o‘zining zolim bo‘lib qolishiga yoki zulmlarga chidab, baxtsiz hayot kechirishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin.

Xulosa qilib aytganimizda, bolani kaltaklab tarbiyalash tarbiyalovchining noqis ekanini bildiradi. Chunki, urib man qilish eng yaqin va oson yo‘l bo‘lgani bilan, afsuski, yaxshi natijalarga olib kelmaydi.

Olimlardan biri bu borada shunday degan: “Bolani urish tarbiyadagi eng so‘nggi chora bo‘lishi kerak. Aks holda, urib natijaga erisha olmasangiz keyingi qadam bolani o‘ldirish bo‘ladi”.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Rozaliya Gabdulhakova

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalarga qo‘l ko‘tarmaslik uchun 3 sabab