00:12 / 16.02.2020
3 610

Matematika fani bo‘yicha darsliklar yangilanadi

Matematika fani bo‘yicha darsliklar yangilanadi
So‘nggi yillarda ilm-fan sohasidagi dolzarb muammolarni aniqlash va hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni joriy qilish, fanni institutsional jihatdan mustahkamlash, yangi ilmiy muassasalar va yo‘nalishlarni tashkil etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2020 yil 31 yanvar kuni ilm-fanni rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikada azaldan rivojlanayotgan ilmiy maktablar salohiyatini qayta tiklash va rivojlantirish vazifasi topshirildi.

Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligida Matematika fanini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishga Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari, oliy ta’lim muassalari, ilmiy tashkilotlar vakillaridan tuzilgan ishchi guruhlar a’zolari ishtirok etdi.

Shuningdek «Telegram» ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etilgan “Milliy matematika” guruhiga a’zo bo‘lgan tashabbuskor olimlar, doktorantlar va talabalar ishchi guruhlarda qatnashishi va takliflarini matematika sohasidagi ilm-fanni rivojlantirish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirishda joriy qilish tashabbusini bildirdilar.

Muhokamada maktab o‘quvchilari uchun matematika fanidan oddiy va tushunarli tilda yozilgan darsliklarni va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Ishchi guruh a’zolariga maktab darsliklarini tanqidiy ko‘rib chiqib, darsliklardagi xato va kamchiliklarni belgilash, darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand va Namangan viloyatlarida Fanlar akademiyasining Matematika instituti bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘riladigan ishlar tahlil qilindi.

Ishchi guruh a’zolari matematika fanini rivojlantirishga qaratilgan turli chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdilar. Xususan, 2020 yil davomida matematika fani bo‘yicha o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasida turli nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilishi; har bir tuman markazida faoliyat olib borayotgan maktablar negizida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktablarni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur maktablarda faoliyat ko‘rsatadigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlari to‘lash masalasi ham o‘rganilmoqda.

2020 yilning yakuniga qadar esa matematika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, Prezident va ijod maktablari, tuman markazlaridagi ixtisoslashgan maktablarga taniqli matematik-olimlar biriktiriladi.

Shu bilan birga qator vazirlik va idoralar, xususan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish vazirligi, Davlat test markazida ham maxsus ishchi guruhlar tashkil etilayotgani ma’lum qilindi va hamkorlikda matematika sohasidagi ishlarni birdamlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Matematika fani bo‘yicha darsliklar yangilanadi