22:30 / 18 февраля 2020
1 106

O‘n to‘rt kunlik tahlika ortda qoldi

O‘n to‘rt kunlik tahlika ortda qoldi
Endi qo‘rquv, besaranjomlikka o‘rin yo‘q. Bo‘ston sihatgohida 14 kun karantinda ushlab turilgan 300 nafarga yaqin Xitoydan qaytgan talabalarda koronavirus aniqlanmadi. Ular bugun o‘z yaqinlari bilan diydorlashishdi.

— Ikki hafta aytishgagina oson, — deydi Nazira G‘ulomova — Xitoyda o‘g‘lim Hojiakbar va kelinim Rushona tahsil oladi. Vahimali gaplar albatta odamning halovatini o‘g‘irlaydi. Kechayu kunduz tashxislari yaxshi chiqsin, deya niyat qilib o‘tirdik. Mana bugun bolalarimni sog‘-salomat bag‘rimga bosayotganimdan juda baxtiyorman. Ular men uchun qaytadan tug‘ilgan kun bugun.

— Albatta, butun dunyo bu epidemiya haqida to‘xtovsiz bong urib yotgan bir paytda farzanding ham o‘sha yerda ekanligi ona sifatida qalbingizni bezovta qiladi, — deydi onkolog shifokor Hilola Rustamova. — O‘g‘limga avvalo shifokor sifatida o‘zini qanday himoyalash kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdim. O‘zbekistonga qaytgach, yana nimalarga e’tibor berish kerakligini tez-tez eslatib, o‘zini qanday his qilayotganini surishtirib turdim. Aytmoqchimanki, hech qanday kasallik besabab tarqalmaydi. Har bir inson, avvalo, bolalikdan tibbiy madaniyatini shakllantirib borishi lozim. Oddiygina gigiyenik qoidalarga rioya qilish — bemor holida jamoat joylarida niqobsiz yurmaslik, qo‘lni sovunlab yuvish aslida odamdan ko‘p mehnat talab qilmaydi. Ozgina qunt va hafsala kerak...

Yaqinda mana shu koronavirusni birinchilardan bo‘lib aniqlagan xitoylik shifokor vafoti haqidagi xabar tarqaldi. Albatta bunday katta masshtabdagi epidemiyadan shifokorlarning ham «quruq» qolmasligi tarixdan ma’lum. Har qanday epidemiya bilan kurashish asnosida qanchadan qancha fidoyi shifokorlarning hissasi bor va afsuski, ular orasida bemorlar kabi vafot etganlari ham bisyor. Xo‘sh, shifokoru hamshiralar bunday tahlikali vaziyatda o‘zlarini qanday his qilishadi?

— Xitoydan talabalarning kelishi uchun mana shu yerda tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdayoq nafaqat shifokorlar, biz hamshiralar ham ikki hafta hech qayoqqa chiqmasligimiz haqida ma’lumotga ega edik. — deydi hamshira Zohida Rahimova. — Va kimning chekiga shu yerda qolish, ular bilan birga bir havodan «nafas olish» tushgan bo‘lsa, bajonidil rozi bo‘ldik. Ular bilan birinchi kundanoq hech qanday qo‘rquvlarsiz muloqotga kirishdik. Bir kunda ikki martalab tekshirdik.

Albatta, bizni mas’ul idoralar, avvalo sog‘liqni saqlash vazirligi barcha himoya vositalari bilan ta’minladi. Bugun ularga javob berilganidan, ota-onalar qarindoshlari dilidagi xavotir barham topganidan xursandmiz. Ular bizga o‘z farzandlarimizdek aziz bo‘lib qolishdi. Yurtdoshlarimga aytmoqchi bo‘lganim vahimaga o‘rin yo‘q. Ammo xotirjam bo‘lishga ham haqqimiz yo‘q. Ya’ni har bir inson sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi shart...

Tarqalayotgan o‘rinli va o‘rinsiz xabarlar odamlarni vahimaga solishi aniq. Xo‘sh, Xitoyda yashayotgan, bosh olib ketishga boshqa boshpanasi bo‘lmagan xitoyliklarning o‘zlari bu musibatni qanday kutib olishdi.

— Bo‘lg‘usi jurnalist sifatida va u yoqdagi vaziyat bilan bu yerdagi vaziyatni taqqoslagan holda shuni aytishim mumkinki, Xitoyda yashayotganlar bizning yurtdoshlarimizdek vahimaga yoki tushkunlikka tushib qolishgani yo‘q, — deydi navoiylik hamyurtimiz Otajon Esanbayev. — Men yashagan provinsiyadagilar ham kundalik oddiy hayotlarini davom ettirishmoqda. Meni hayron qoldirgani, bizda ortiqcha vahima ko‘tarishayotgani.

To‘g‘ri, bu epidemiya ba’zi insonlarni hayotdan olib ketayotgani, butun dunyo iqtisodiyotiga zarar yetkazayotgani achinarli, lekin bunday vaziyatda xotirjam bo‘lish, yolg‘on mish-mishlarni tarqatish vaziyatni yanada chigallashtiradi. Mana shu holat orqali yana bir narsani anglab yetdim. Hamma xabarlarga ham ishonaverish va xayp uchun ortiqcha vahima ko‘tarib axborot tarqatish yaxshi emas ekan. Yana bir gap — biz Xitoyda o‘qiyotgan talabalar bir-birimizga e’tiborsiz edik. Musibat bizni birlashtirdi. Xitoyda o‘qiyotgan talabalar ijtimoiy tarmoqlarda guruh ochib, bir-birimizdan xabarlashib turibmiz, bu yerda ham ko‘pchiligi bilan do‘stlashdik.

Ha, hamyurtlarimizning bu sinovdan eson-omon o‘tib olganidan biz ham xursandmiz. Ularning tushkunlikka tushmasliklariga, o‘zlarini xotirjam tutishlariga, bemalol o‘qishlarini onlayn tarzda davom ettirishga yaratilgan shart-sharoit, shifokorlarning, ularning taqdiriga qayg‘urgan mas’ul rahbarlarning e’tibori, qo‘llab-quvvatlovining o‘rni beqiyos. Faqat o‘g‘il-qizlarimiz eng og‘ir kunida tashlab qo‘ymagan, bag‘rini keng ochib kutib olgan o‘z yurtini kelgusida unutmasa, rivojiga hissa qo‘shishni unutmasalar bas. Hozircha esa ularning o‘qish va ishlariga ulkan omadlar tilaymiz.

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)