15:30 / 19.02.2020
2 727

“Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda”

“Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda”
Avval xabar qilinganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari Turkiyada bo‘ladi. Mazkur tashrif oldidan muxbirimiz Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

— Elchi janoblari, O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatini ­qanday baholaysiz, ular nimalarda namoyon ­bo‘lmoqda?
— Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi rishtalar boshqa yurt orasidagi odatiy xalqaro munosabatlardan keskin farq qiladi. Avvalo, biz umumiy tarix, til, din, madaniyat, qisqasi, mushtarak tamaddunga ega qardosh xalq­larmiz. Movarounnahrda qadim sivilizatsiyani boyitgan ko‘plab olimlar yetishib chiqqan. Ularning asarlari, hattoki, bugun ham umumiy qadriyatlarimizning jon tomirlarini tashkil etmoqda. Mana shu sabablar tufayli biz O‘zbekistonga doimo ota ­yurtimiz sifatida qaraymiz.

Oramizda minglarcha kilometr masofa bo‘lsa-da, bizning umumiy tariximiz insonlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning uzilmas vositasi sifatida xizmat qiladi. Mazkur rishtalar tufayli odamlarimiz O‘zbekistonning 1991 yilda mustaqillikka erishganidan so‘ng bir-biriga xuddi o‘sha mehr ila bog‘lana oldi.

Muhtaram Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng o‘tgan qisqa davr, ya’ni uch yil mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yuksak sur’atda rivojlanmoqda. Hozirgi bosqichda ikki tomonlama munosabatlarimizni kuchli qardoshlikka tayanuvchi strategik sheriklik darajasidagi aloqalar, deb baholaymiz.

Ikki mamlakat munosabatlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida yangi bosqichga ko‘tarildi. Muhtaram Prezidentimiz Rejep Tayyip ­Erdog‘anning 2018 yil 29 aprel — 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ham ikki mamlakat o‘rtasida Strategik hamkorlik kengashi mexanizmi barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Turkiyaga amalga oshiradigan bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda. Bu tashrif doirasida Prezidentlarimiz raisligida Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Zotan, so‘nggi uch yilda eng yuqori darajali muloqotlarda qo‘shimcha ravishda ­tashqi siyosat, iqtisodiyot, energetika, transport, madaniyat, ta’lim, turizm kabi qator sohalarda hamkorligimiz jadal ­ravishda rivojlanishda davom etmoqda.

Hamkorligimiz faqatgina ikki tomonlama munosabatlarimiz va ularning mexanizmlari bilan chegaralanib qolmay, ­xalqaro platformalarda ham namoyon bo‘lmoqda. Bunga yaqqol namuna sifatida o‘tgan yili O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi bilan yangi ma’no kasb etgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini misol qilib ­ko‘rsatish mumkin.

— O‘tgan yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ­O‘zbekiston — Turkiya biznes forumi va biznes muzokaralarida turkiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonni investitsiya uchun eng qulay mamlakat, deya ta’kidlagan edi. ­Ayting-chi, ayni paytda yurtimizga Turkiyadan yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi qanday va ular qaysi sohalarga daxldor?
— Mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyati ulkan. Bu borada muhtaram ­Prezidentlarimiz tomonidan belgilab ­berilgan 5 milliard AQSH dollari qiymatidagi savdo hajmiga yaqin vaqtlarda erishish uchun ish olib boryapmiz.

Turkiya Statistika idorasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 2019 yilda 2018 yildagiga nisbatan 27 foiz o‘sgan.

Eksportimiz 19 foizlik o‘sish bilan 1 milliard 137 million dollar; importimiz esa 35 foizlik o‘sish bilan 1 milliard 76 million dollarni tashkil etgan. Tarixda ilk bor ham eksport, ham import ko‘rsatkichlarida 1 milliardlik chegaradan o‘tdik.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ­tashqi savdo ko‘rsatkichlariga xizmat savdosini qo‘shgani tufayli ham mazkur tashkilot taqdim etgan jadval yanada quvonarlidir. O‘zbekiston ko‘rsatkichlariga muvofiq, 2019 yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmi 2,5 milliard dollarga yetgan.

Qolaversa, 2020 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 1271 firma bor. Bu bilan turklar ota yurtimizga eng ko‘p sarmoya kiritgan xorijliklar orasida Rossiya va Xitoydan keyingi o‘rinni egallab turibdi. Taxminlarga ko‘ra, bank ishi, dori-darmon, qurilish, avtosanoat, poyabzal, turizm va oziq-ovqat tarmoqlariga kiritilgan jami 1 milliard dollardan ortiq turk kapitali ishtirokidagi investitsiyalar yordamida O‘zbekistonning eksportiga yiliga 300 million dollardan ortiq hissa qo‘shilgan, shu orqali 50 ming kishining bandligi ta’minlangan.

Pudratchi firmalarimiz tomonidan bugungi kungacha O‘zbekistonda amalga oshirilgan ­loyihalarning jami qiymati 3 milliard dollardan oshgan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida muzokara qilinayotgan Preferensial savdo bitimining tezroq imzolanishi va amal qilishni boshlashi bilan davlatlarimizning savdo hamda investitsiya salohiyatidan yanada samaraliroq foydalana olishimizga ishonamiz.

Turk ishbilarmonlari doirasining O‘zbekis­tondagi investitsiyalarini yanada jadal­lashtirish uchun 2020 yil 5-6 mart kunlari o‘tkaziladigan Toshkent Xalqaro investitsiya forumiga katta ahamiyat bermoqdamiz. Kelgusida an’anaviylashadigan va dunyo miqyosidagi investitsiya forumiga aylanishiga ishonchimiz komil bo‘lgan ushbu yirik tadbirga yurtimizda katta qiziqish bor. Hozirgi kunda juda ko‘p turkiyalik tadbirkorlarning forumda ishtirokini ta’minlash uchun sa’y-harakat olib boryapmiz.

— Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning Turkiyaga ­amalga oshiradigan mazkur tashrifidan nimalar kutilmoqda?
— Kuchli qardoshlik rishtalariga tayanuvchi strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarimiz jihatidan yana tarixiy ahamiyatga molik tashrif amalga oshmoqda. O‘zbekiston ­Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev ­Janobi Oliylari Prezidentimiz Rejep ­Tayyip Erdog‘an taklifiga binoan, 19-20 fevral kunlari Turkiyada bo‘ladi.
Yuqorida aytganimdek, ushbu tashrif davomida Prezidentlar raisligida Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda ikki tomonlama munosabatlarimizning barcha qirrasi keng qamrovda ko‘rib chiqiladi, qo‘shma loyi­halar bo‘yicha fikr almashib olinadi. Bu orqali ikki tomonlama aloqalarimiz yuzasidan yangi hamkorlik mexanizmlari tuzilishiga ishonchimiz komil. Qisqacha aytganda, bu tarixiy tadbirning hammamiz uchun ezguliklar keltirishini tilaymiz.

Tashrif doirasida Prezident Shavkat ­Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Milliy kutubxonasining ochilish marosimida ham ishtirok etadi. Turk madaniyati va sivilizatsiyasi bosib o‘tgan shonli yo‘l nuqtai-nazaridan muhim burilish nuqtasi, deb qabul qilganimiz ushbu Milliy kutubxonaning ochilish marosimida ota yurtimizning Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning qatnashishi biz uchun katta sharafdir.

— O‘z faoliyatingiz ­davomida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa, deb hisoblaysiz?
— Albatta mumkin bo‘ladigan har sohada munosabatlarning imkon qadar rivojlanishi va chuqurlashishi mening bu yerdagi vazifamdir. Lekin bizning Turkiya elchixonasi sifatidagi eng muhim maqsadimiz munosabatlarning barcha qirrasini rivojlantirishga erishishdir.

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarish va islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonga xizmat — biz uchun ham qarz, ham farz. Biz o‘zbek qardoshlarimizning ehtiyojlari va talablari bo‘yicha baholi qudrat har qanday hamkorlikka ­tayyormiz.

Bu borada eng muhim xususiyatlardan biri xalqlarimiz orasidagi qardoshlik tuyg‘ulari va rishtalarini yanada mus­tahkamlash, o‘rtamizdagi minglab kilometr bo‘lgan zaminlarimizni aniq hamkorlik loyihalari bilan yurakda birlashtirish. Bu borada ta’lim va madaniyat kabi sohalarda olib borilayotgan ishlar, odamlarimizning o‘zaro tashriflarni amalga oshirishlari ustuvor masalalardir.

— Joriy yilda Xiva ­shahri “Turkiy dunyo ­madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilindi. Ushbu muhim voqea haqida fikringizni ­eshitishni istardik.
— Xivaning “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilinishi bizga ham katta g‘urur bag‘ishladi. Turkiy jug‘rofiyaning yuragi bo‘lmish O‘zbekistonning ardoqli shahri Xiva butun Turk-Islom sivilizatsiyasi uchun juda ­qadrli shahardir.

Xivada O‘zbekiston va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni hayajon bilan kutib, ularni qo‘limizdan kelganicha qo‘llab-quvvatlashni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Bunga qo‘shimcha ravishda, biz ham bu so‘lim diyorda qator san’at va madaniy tadbirlar o‘tkazish niyatidamiz. Bundan tashqari, ushbu yilda tashrif buyuradigan delegatsiyalarimiz bilan Xivaga borishni rejalashtirganmiz.

— Mazmunli suhbatingiz uchun ­tashakkur.

Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda”