17:53 / 20.02.2020
2 628

DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi

DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi
Davlat xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch tumani G‘aybu qishlog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi Yunusbek Olloberganov (1990 y.t.) Afg‘onistondan keltirilgan 995 gr. «geroin» va 1 kg. 6 gr. «opiy» giyohvandlik vositalarini 140 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa urgutlik Abror Jabborov (1973 y.t.) Samarqand tumani Yangiariq MFY hududida 451 gr. «opiy» giyohvandlik vositasini 11.250 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, A. Jabborovga ushbu ajal og‘usini tojikistonlik «Izzat» ismli shaxs kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan ekan...

Bundan tashqari, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1980 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan Olim Qosimov mazkur tuman hududida tojikistonlik sheriklari tomonidan yuborilgan 85 gr. «geroin» va 2 kg. 463 gr. «gashish» moddalarini olib ketayotgan vaqtida ushlandi.

Afsuski, muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan, lekin, 2019 yilning noyabr oyida jazodan shartli ravishda ozod etilgan Olim Qosimov qilgan xatosidan tegishli xulosa chiqarmagan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida yashovchi Murodjon Sotvoldiyev (1988 y.t.) boshqaruvidagi «Spark» avtomashinasi Dang‘ara tumanining Chag‘ali qishlog‘i hududida to‘xtatildi. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismiga 1 kg. «gashish» giyohvandlik vositasi yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu og‘u Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Tergovoldi surishtiruv jarayonida Murodjon Sotvoldiyev qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu «gashish» moddasini Farg‘ona tumani Yuqori Vodil qishlog‘ida yashovchi Ortiqali Mallaboyev (1982 y.t.) hamda muqaddam ikki marotaba sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan Ilmiddin Abdurahmonovdan (1978 y.t.) 10 ming AQSH dollariga sotib olganligi ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida mazkur shaxslar ham ushlandi.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida 1981 yil Bekobod shahrida tug‘ilgan Abror Imomov tojikistonlik shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, ushbu davlatdan kontrabanda yo‘li orqali Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilgan 973 gr. «gashish» giyohvand moddasini Toshkent shahriga olib ketayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.

Shuningdek, Bekobod tumanida yashovchi Jaxonshox Usmonov (1992 y.t.) ham Tojikistondan keltirilgan 500 gr. «gashish» moddasini Bo‘ka tumanida yashovchi muqaddam sudlangan Pardaboy Aliyevga (1964 y.t.) yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olindi.

Surishtiruv jarayonida Jaxonshox Usmonov bunday qabih ishni muqaddam shu kabi jinoyat sodir etgani uchun hozirda jazo muddatini o‘tayotgan akasi, Xayrullo Usmonovning (1983 y.t.) ko‘rsatmasiga asosan qilganligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1 kg. 80 gr. «geroin», 1 kg. 457 gr. «opiy» va 4 kg. 936 gr. «gashish» giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi