12:03 / 28.02.2020
3 053

Prezident: «Kambag‘al aholi vakillarini ishga olgan korxona imtiyozga ega bo‘ladi»

Prezident: «Kambag‘al aholi vakillarini ishga olgan korxona imtiyozga ega bo‘ladi»
27 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga savol bermoqchiman. Qaysi biringiz oxirgi uch yil ichida haqiqatan ham kambag‘al oilaning uyiga borib, dardini eshitdingiz? Biror mahallada kambag‘al oilalarni yig‘ib, bir piyola choy ustida balandparvoz gaplarsiz, kamsitmasdan, ularning bu holati uchun biz ham javobgar ekanimizni his qilgan holda muammosini hal qilib berdingizmi? Bu savolga qoniqarli javob yo‘q, desam adolatdan bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan videoselektorda.

Xalqning real bandligini ta’minlashga qaratilgan barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlash lozim ekanligi haqida gapirgan prezident videoselektorda shunday dedi:

«Biz hududlarda kambag‘al fuqarolarning ro‘yxati haqida gapirdik. Endi bu raqamlarni yashirish, or qilish bilan hal qilolmaymiz. Kambag‘al fuqarolarimizning aniq ro‘yxati bundan keyin kerak bo‘lsa, har bir mahallaga ilib qo‘yiladi. Toki shunga qarab har bir rahbar o‘zining faoliyatiga baho bersin, vijdoni qiynalsin.

Kambag‘allikni kamaytirish, odamlarimizni kasbga o‘qitib, o‘zini o‘zi boy qilishiga erishish bitta majlis bilan hal bo‘lib qolmaydi, albatta. Shuning uchun xalqimizning real bandligini ta’minlashga qaratilgan barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Xususan, endi nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda odamlarimizni tadbirkorlikka o‘qitishning eng ilg‘or dasturlari ishlab chiqiladi. Kasbga o‘qitishda nodavlat tashkilotlar faol jalb qilamiz.

Joriy yilning 1 apreliga qadar har bir hududda kamida bittadan eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha nodavlat tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga o‘z ishini tashkil qilish uchun bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan grant ajratiladi. Ular qisqa muddatda binolar bilan ta’minlanadi. Ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Yana bir gap: kambag‘al aholini ishga olgan lider korxonalarga bank kredit foizining Markaziy bank asosiy stavkasidan ortiq qismi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi. Agar o‘sha korxonalarda ishlovchi kambag‘al aholi vakillari 70 foizga yetsa, kredit muddati ikki yilgacha uzaytiriladi. Kambag‘alni suyagan tadbirkorni boshimizda ko‘tarishimiz kerak, u faoliyatini kengaytirishi uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsin», — deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident: «Kambag‘al aholi vakillarini ishga olgan korxona imtiyozga ega bo‘ladi»