10:29 / 03.03.2020
4 216

«So‘kkanim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim». Mirishkor hokimi internetda tarqalgan audioga izoh berdi

«So‘kkanim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim». Mirishkor hokimi internetda tarqalgan audioga izoh berdi
Foto: «Daryo»
Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov «Daryo» muxbiri Otabek Qo‘ldoshev bilan bo‘lgan muloqotda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovoz unga tegishli ekanligini tan olib, mazkur qilmishini mahalla raisining bepisand muomalasi bilan izohladi.

— Mahalla raislaridan biri berilgan topshiriqni bajarmagani yetmagandek, bu holatga izoh so‘raganimda nopisand javob berdi. Qolaversa, charchoq holatida bo‘lganim uchun o‘zimni boshqarolmay so‘kib qo‘yibman, — deydi Baxtiyor Rajabov. — Men soliq tushumlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjetga tushishini, bizlarning oyligimiz ham shu pul hisobidan to‘lanishini tushuntirdim.

Baxtiyor Rajabovning aytishicha, mazkur voqea 28 fevral, juma kuni, bo‘lib o‘tgan yig‘ilish so‘ngida sodir bo‘lgan. Bu paytda voqea joyida tuman soliq inspeksiyasi rahbari, moliya boshlig‘i bo‘lgan. Yig‘ilish esa budjet tushumlariga bag‘ishlangan.

O‘sha kungi yig‘ilishda ishtirok etgan mahalla raislaridan birining ma’lumot berishicha, hokim yig‘ilishda 5-6 nafar mahalla raisini urgan. Hokimdan kaltak yegan mahalla raislari orasida deputat ham bo‘lgan.

Mirishkor hokimi «Daryo» muxbirining audiyozuvda kimnidir urayotgani eshitilgani, kimga qo‘l ko‘targani haqidagi savoliga javob berar ekan, mazkur ovoz montaj qilib qo‘shilganini aytmoqda.

— Yig‘ilishda so‘kinganim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim, — deydi hokim. — Kimgadir qo‘l ko‘tarilgani aks etgan ovoz montaj qilib qo‘shilgan.

Shuhrat Xo‘jayev, Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari
Foto: «Daryo»

Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Xo‘jayev ham voqea sodir bo‘lgan payt voqea joyida bo‘lganini aytib, hokimning mahalla raislariga qo‘l ko‘targanini rad etmoqda.

— O‘sha kuni voqea joyida men ham bor edim, hokim hech kimga qo‘l ko‘tarmadi, — deydi Shuhrat Xo‘jayev. — Qolaversa, hokimning haqoratli so‘zlari barchaga emas, bir kishiga qaratilgandi.

Mirishkor hokimi va matbuot kotibi haqoratli so‘zlar aynan bir kishiga qaratilganini aytsa-da, uning kim ekanligini eslolmadi.
Ismi ochiqlansa, unga bosim o‘tkazilishidan qo‘rqqan raisning ma’lumot berishicha, 28 fevraldagi yig‘ilish o‘sha kuni kechasi soat 8:00 dan 12 gacha davom etgan.

— Mahalla raislarini tuman hokimligiga kechki payt soat 8:00 ga chaqirishgandi, bordik. Yig‘ilish fermerlardan tushayotgan soliq tushumlari haqida bo‘lib, MMTP raislari ham ishtirok etayotgan ekan, — deydi yig‘ilishda ishtirok etgan mahalla raisi. — Fermerlar bilan bo‘lgan yig‘ilishni biz ham eshitib o‘tirdik. Yig‘ilish kechasi 22:30 gacha davom etdi. Hokim yig‘ilishni tugatib chiqib ketdi. Hammasi joyida edi, fermerlarni so‘kmadi. Yig‘ilish tugagach, ketishga chog‘landik, shunda Jamshid va Jahongir ismli mas’ullar ketmay turishimizni, hokim biz bilan ham soliq tushumlari haqida gaplashishini aytdi.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan mahalla raisining qo‘shimcha qilishicha, hokimning chegaradan chiqishiga viloyat pochta boshlig‘ining mahalla raislariga qilgan e’tirozi sabab bo‘lgan.

— Kechasi soat 11 da yana yig‘ilish boshlandi, yig‘ilishga kirib kelgan viloyat pochta boshlig‘i Orif aka mahalla raislari soliq tushumlarini bajarmayotganini aytib, e’tiroz bildirdi, — deydi mahalla raisi. — Shunda yig‘ilishga kirib kelgan katta (hokim nazarda tutilmoqda. Tahririyat)ning jahli chiqib, hammani so‘kib ketdi. 5-6 ta mahalla raislarini urdi ham. Ahmad ismli rais qovurg‘asi singanini aytdi.

Mahalla raislari haqorat qilingan yig‘ilishda qatnashgan viloyat pochta boshlig‘i Orif Mahmudov mahalla raislariga har oy 10 million so‘mdan soliq tushumlarini topshirish majburiyatini qo‘ygan.

— Viloyat pochtasi boshlig‘i Orif aka mahalla raislariga har oy 10 million so‘mdan soliq tushumini qilasizlar deb talab qo‘ydi, — deydi suhbatdosh rais.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq mazkur holatga izoh bergan viloyat hokimligi «audioda turli xil uyatli so‘zlar bilan yig‘ilganlarni «siylagan» tuman hokimi ekanligi aniq, buni inkor etish fikridan yiroqmiz. Bu borada ichki tartibda chora ko‘rish bilan cheklanish ham mumkin edi. Ammo qonuniy ravishda chora ko‘rilishi, «Nega oddiy xalq xato qilsa, jazo yoki jarima, hokim xato qilsa, kechirim?» kabi tabaqalashtiruvchi gap-so‘zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz», degandi. Bosh prokuratura esa mazkur holat o‘rganilayotgani haqida bayonot bergandi.

Otabek Qo‘ldoshev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «So‘kkanim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim». Mirishkor hokimi internetda tarqalgan audioga izoh berdi