14:34 / 03.03.2020
8 348

Toshkentda yarim yalang‘och holatda mashina lyukidan chiqib o‘ynagan qizlar qidirilmoqda

Toshkentda yarim yalang‘och holatda mashina lyukidan chiqib o‘ynagan qizlar qidirilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda yarim yalang‘och kiyingan ikki qiz Lacetti rusumli avtomobil lyukidan chiqqan holda raqsga tushayotgani aks etilgan video tarqatildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu fakt 2020 yilning 26 fevral kuniga o‘tar tunda sodir bo‘lgan va shu kunning o‘zida Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan tegishli choralar ko‘rildi.

Aniqlanishicha, Lacetti rusumli avtomobil (davlat raqami 01 J 299 HA) haydovchisi 23 yoshli Javohir B. Yunusobod tumani Istiqlol ko‘chasidan harakatlanib borganda ikki nafar yo‘lovchilariga xavfli tarzda lyukdan chiqishlariga yo‘l qo‘ygan. Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138 moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq bayonnoma tuzildi. Eslatib o‘tamiz, «transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarish, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi».

Keyinchalik haydovchining ma’lum qilishicha, u notanish qizlarni manziliga olib borib qo‘yish uchun yo‘ldan mindirgan. Qoidabuzarlikning bevosita ishtirokchilari hozirga vaqtda aniqlanmoqda, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 moddasiga muvofiq chora ko‘rilishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur moddaga ko‘ra, «jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Shuningdek qayd etish lozimki, tekshiruv davomida avtomobilga amaldagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tilgan holda o‘zgartirish kiritilgani aniqlandi (o‘zgartirish kiritish uchun IIV YHXBB ruxsati yo‘q). Shu munosabat bilan Lacetti O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq jarima maydonchasiga joylandi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun muqaddam Samarqand shahrida uch erkak yalang‘och holatda ko‘chada sayr qilgani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda yarim yalang‘och holatda mashina lyukidan chiqib o‘ynagan qizlar qidirilmoqda