20:14 / 03.03.2020
3 610

O‘zbekistonlik 300 dan ortiq fuqaro yangi piramidaga «chuv tushdi»

O‘zbekistonlik 300 dan ortiq fuqaro yangi piramidaga «chuv tushdi»
Foto: Xsinergia
O‘zbekistonda Xsinergia elektron piramidasi faoliyati aniqlandi, deb xabar berdi UzNews. Nashr tahririyatiga 2000 dan 5000 dollargacha puliga kuyib qolgan bir necha fuqaro murojaat qilgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida Ispaniyaning Xsinergia kompaniyasi nomidan bir necha shaxs faoliyat yuritadi. Ular mahalliy aholining pullarini olib, odamlarga tikilgan puldan kunlik 0,5—3 foiz daromad va’da qiladi.

Kiritiladigan sarmoyaning eng kichik miqdori 100 dollar, eng katta miqdori esa 50 000 dollarni tashkil qiladi. Pullar kriptovalyuta orqali tizimga kiritiladi.
Sarmoyadorlarning so‘zlariga ko‘ra, pullarining foizini bir necha oy mobaynida muntazam olib kelgan. So‘ng 2019 yil sentabr oyi oxirida kutilmaganda pul to‘lanishi to‘xtab qoladi.

To‘lovlar to‘xtab qolganini kompaniyaning O‘zbekistondagi vakillari texnik nosozlik bilan izohlaydi. Investorlardan birining aytishicha, aldangan fuqarolar soni 300 dan oshib ketgan.

Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xsinergia moliyaviy piramidasini Ispaniya fuqarolari Luis Alberto va uning ukasi Enrike de Mena 2019 yilning boshida tashkil etgan.

Ular odamlarga qandaydir «arbitraj roboti» shug‘ullanadigan kriptovalyuta savdosiga pul tikishni taklif qilgan.
Qayd etilishicha, tahririyat aldangan fuqarolar haqida ma’lumot berish uchun huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘langan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat yuzasidan jabrlangan fuqarolardan O‘zbekiston bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ariza kelib tushgan hamda ayni paytda tergovoldi harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu shaxslar guruhining harakatlaridan jabrlangan fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishlari mumkin, deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik 300 dan ortiq fuqaro yangi piramidaga «chuv tushdi»