21:30 / 03.03.2020
2 909

Deputat korrupsioner-mansabdorlar mol-mulkini ochiq deklaratsiya qilsa, ularni amnistiya qilishni taklif qildi

Deputat korrupsioner-mansabdorlar mol-mulkini ochiq deklaratsiya qilsa, ularni amnistiya qilishni taklif qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev mansabdor korrupsionerlarni “to‘g‘ri yo‘lga” chaqirish uchun Feysbukdagi sahifasi orqali o‘z takliflarini e’lon qildi.

“Davlat rahbarining murojaatida korrupsiyaga qarshi kurashish uchun yangi idora tashkil etilishi ma’lum qilinganidan keyin hammamiz korrupsiyani yo‘qotishda bu tashkilotning qanchalik kerakligi to‘g‘risida og‘iz to‘ldirib gapirishni boshladik. Lekin bu tashkilotda kim ishlashini, yana o‘sha eski organ odamlari, amaldorlar bilan to‘ldirilishini o‘ylasam, bu yangi idora ham o‘zini oqlashiga shubha qilib qolyapman.

Xo‘sh unda korrupsiya bilan kurashishda qanday tezkor, samarali usuldan foydalansak bo‘ladi? Ideal variant huddi Sakashvili boshchiligida Gruziyada qilingani kabi eski siyosiy elitani “lustratsiya” qilish, hamma amaldor va davlat ishchilarini, ayniqsa nazorat va ijro organlari sohasidagilarni yoppasiga ishdan bo‘shatib, tizimda ishlamagan yangi va yosh kadrlar bilan to‘ldirish. Lekin, afsuski, buni bizni jamiyatda, bizning mentalitetdan kelib chiqib amalga oshirishning deyarli iloji yo‘q. Bu siyosiy, ijtimoiy vaziyatni izdan chiqarib yuborish mumkin. Qolaversa, ularni o‘rnini to‘ldirish uchun kadr zahiramiz ham yetarli emas.

Bu borada men boshqa variantni taklif qilaman, «Ommaviy amnistiya e’lon qilish». Ya’ni hamma mansabdorlar (katta-kichik) bugungi kungacha topgan boyligini, mol-mulkini ochiq deklaratsiya qilsa, korrupsiya orqali orttirilgan boyligidan deylik 10-20% soliq to‘lash sharti bilan kechirilsa va bu uchun uni hech qachon jazolanmasa, bu o‘z effektini beradi deb o‘ylayman. Kerak bo‘lsa buni eng yuqoridagi mansabdorlar boshlab berishi lozim, toki qolgan o‘rta va quyi pog‘onadagilar haqiqatda hech kim jazolanmasligiga ishonib, o‘z «xazinalarini» omma oldida to‘la ko‘rsatishadi. Aynan mana shu yerga kelganda bu jarayonlarni shaffoflik bilan amalga oshirish talab etiladi.

To‘g‘ri bu fikrim ko‘plarga yoqmas, ahmoqona fikrdek tuyular, korrupsiya orqali boyigan mansabdorlar kechirilishini adolatsiz deb hisoblashar. Lekin vaziyatga real yondashilsa, bu to‘g‘ri yechim deb bilaman. Chunki tan oladigan bo‘lsak, bizda eski tizimda ishlab, korrupsiyaga aralashmagan biror mansabdor bormi? Modomiki yangi tashkilotda ham o‘sha eski amaldorlar ishlarkan, o‘zini ham korrupsiya bilan bog‘liq o‘tmishi bor odam sizningcha boshqa korrupsionerlarga qarshi qattiq kurasha oladimi? Tabiyki yo‘q, chunki «Qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qimaydi» degan xalqimizning dono bir gapi bor.

Shunday ekan, yaxshisi, bo‘lar ish bo‘ldi, aybdorni axtarmasdan, o‘tmish eshiklarini yopib, yangi toza sistemani noldan boshlashimiz kerak. Agar bu amnistiya imkoniyatidan keyin ham kimdir korrupsiyaga aralashsa unga juda qattiq jazo choralarini ko‘rish lozim. Chunki yangitdan boshlanganda halol mehnat uchun hammaga teng imkoniyat berilgan bo‘ladi.

Qolaversa, o‘rtada davlat g‘aznasiga bemalol bir-ikki milliard pul tushirsak bo‘ladi. Modomiki hamma korrupsionerlarni qamalmaganimizdan keyin, hech bo‘lmasa ulardan soliq undirishni nimasi yomon. Ikkinchidan, bizda ham keyin kimni qancha puli bor, eng boylar kim, hamma ma’lumotlar ochiq bo‘lardi, davlatimizning norasmiy boylari ham o‘z mablag‘larini qo‘rqmasdan o‘z banklarimizda saqlashardi, shu bahona xufiyona iqtisodiyot ham qisqarardi".

Shunda balki Forbes ham bizda ofis ochib, o‘zbek boylarini reytingini tuzib, yilma-yil e’lon qilib borarmidi...
Albatta bularning barchasi IMHO, mening shaxsiy fikrim. Sizni fikringiz qanday? Sizningcha korrupsiyaga qarshi kurashish uchun qanday yo‘l tutsak samaraliroq bo‘ladi?", - deya o‘z fikrlarini bayon qiladi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat korrupsioner-mansabdorlar mol-mulkini ochiq deklaratsiya qilsa, ularni amnistiya qilishni taklif qildi